Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:59

O‘zbekiston aholisiga gazni faqat ballonlarda sotish rejalanmoqda


O‘zbekistonda 2014-2015 yilgi qishki mavsumda aholiga gaz deyarli to‘lig‘icha maishiy ballonlarda yetkazilishi aytilmoqda. “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik shirkatining hududiy bo‘linmalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozir Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlaridagi aksar tumanlarda gaz ta‘minotining bu usuli yaxshi natija bermoqda. Ammo, aholiga ballonlarda sotilayotgan gaz faqatgina yemak pishirish uchun mo‘ljallangan, isinish uchun emas.

“O‘ztransgaz” idorasiga qarashli “Shimolgazta‘minot”, “Janubgazta‘minot” va “Vodiygazta‘minot” unitar korxonalarining ba‘zi hududiy bo‘linmalari mutasaddilari kelgusi qishda aholiga atalgan gazni maishiy gaz ballonlarda yetkazish tizimiga to‘liq o‘tishga hozirlik ko‘rilayotganini aytdi.

Jumladan, “Vodiygazta‘minot” unitar korxonasining hududiy bo‘limlaridan birida ishlaydigan va ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddi u yashab turgan tumanda yo‘lga qo‘yilgan bu tizim yaxshigina natija berayotganini aytdi.

- Hozir bizning o‘zimizda maxsus 5-6 ta mashinalarimiz bor. Ular Farg‘ona, Oltiariq neftni qayta ishlash zavodlariga borib, gaz ballonlarni zapravka qilib beradi. Buni o‘zimiz nazorat qilamiz. Ko‘p qishloqlarda gaz quvurlar berkitilgan, quvurlarda gaz yo‘q hozir, - dedi “Vodiygazta‘minot” unitar korxonasining Farg‘ona viloyatidagi hududiy bo‘limlaridan birida ishlaydigan va ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddi.

Undan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozir viloyatning aksar tumanlarida aholi gazni maishiy gaz ballonlarda xarid qilmoqda.

- 55 litrlik gaz ballonni 10 ming so‘mga zapravka qilib beramiz. Ekonom qilib ishlatsa, 2 oyga ham yetadi. Bunda aholida ortiqcha qarz yig‘ilmaydi, - deydi mutasaddi.

“Janubgazta‘mnot” unitar korxonasining hududiy bo‘limlaridan bir nechasiga bog‘langan Ozodlik muxbiri deyarli ayni mazmundagi javobni oldi.

Xususan, Ozodlikka bog‘langan Samarqand viloyatining “Urguttumangaz” idorasi sobiq xodimi gazni quvurda yetkazgandan ko‘ra, ballonlarda yetkazish aholining o‘zi uchun ham qulay, degan xulosasini ta‘kidladi.

- Puli bo‘lsa yoqadi gazni, tushunayapsizmi? Quvurdan oqib borsa, hamma yoppasiga yoqadimi, keyin puli yo‘qning qarzi yig‘iladimi?! Natijada, pul to‘lagan ham, to‘lmagan ham gazdan uziladi. Shuning uchun, ballonlarda tarqatilsa, bizga ham oson, aholiga ham, - deydi “Urguttumangaz” idorasining ismini oshkor qilmayotganimiz sobiq xodimi.

Quyida bu xodim bilan gaz ta‘minoti ahvoli haqida qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik shirkati qoshidagi 6 ta unitar korxona – “Shimolgazta‘minot”, “Janubgazta‘minot”, “G‘arbgazta‘minot”, “Markazgazta‘minot”, “Vodiygazta‘minot”, “Toshkentgazta‘minot” va “Avtogazta‘minot” unitar korxonalari aholiga maishiy gaz ballonlarida gaz yetkazish tizimini kengaytirish ustida ishlamoqda.

2013-2014 yilgi qishki mavsumda gaz ballonlari, asosan quvur yotqizilmagan yoki aholi so‘rovi bilan quvurlari uzib tashlangan hududlarga gaz ballonlarini yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

“O‘ztransgaz” aktsiyadorlik shirkati tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, joriy qishki mavsumda respublika bo‘yicha gaz ballonlarini sotadigan 26 ta markazni qurish rejalangan va bulardan 14 tasi qurib bitkazilgan. Respublika bo‘yicha hozir jami 170 ming 813 dona maishiy gaz ballonlari aholi iste‘moliga berilgan.

Ballonlar “O‘ztransgaz"ning unitar korxonalari hududiy bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida aholiga 5 yillik muddatga ijraga berilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi bozorlarda xorij davlatlarida ishlab chiqarilgan gaz ballonlari 200-300 ming so‘mga sotilayotgani ham kuzatilmoqda.

Aslida rasmiy manbalarda, hozir rasman qayd etilgan ehtiyoj ko‘lamini qoplash uchun jami 509 ming dona maishiy gaz balloni kerakligi aytiladi. Lekin aholining asl ehtiyoji bundan bir necha o‘n barobar ortiq ekanini taxmin qilish mumkin.

Ayni paytda, “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik shirkati aholiga ballonlarda yetkazib berayotgan gaz quvurdagi gazdan sezilarli darajada qimmatligi va muhimi, isnish uchun mo‘ljallanamagani aholi e‘tiroziga sabab bo‘lmoqda.

“Urguttumangaz” idorasi sobiq xodimidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, quvurdan yetib borgan gazning bir kub metri 140 so‘m.

- Gaz ballondagi gazning bir kub metri 180 so‘mga tushadi. Sal qimmat, lekin udobniy. Pulizga qarab yoqasiz, qarz bo‘lmaysiz, - deya ta‘kidladi gaz ta‘minotiga mas‘ul idora xodimi.

Shuningdek, mutasaddilar maishiy gaz ballonlaridagi gazni uy-joyni isitish uchun emas, balki yemak pishirish uchun ishlatishga mo‘ljallanganini ham ta‘kidlamoqda.

Yana bir e‘tirozli jihat bunday ballonlardan ko‘p qavatli uylarda foydalanishning taqiqlanganidir.
XS
SM
MD
LG