Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:24

Biopasporti bo‘lmaganlar xorijga chiqarilmaydi


Joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston fuqarolari xorijga faqat biometrik pasport bilangina chiqa oladilar. Bu shart Vazirlar Mahkamasining 6 fevralda chiqarilgan va “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlangan qarorida o‘z aksini topgan.

Bu haqda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi qator saytlar xabar qiladi.

Hukumatning mazkur qarori, hujjatda aytilishicha, “pasport tizimini zamonaviy xalqaro standartlar va talablarni hisobga olgan holda yanada takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xalqaro chegara-o‘tkazish maskanlarida pasport nazoratidan o‘tish protsedurasini osonlashtirish, ularning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishni ta‘minlash” maqsadida qabul qilingan.

Qarorda 1 iyuldan boshlab o‘zbekistonliklarga poyezd va samolyot chiptalari ham biometrik pasport asosida rasmiylashtirilishi va sotilishi qayd etilgan.

Xorijga chiqish uchun ichki viza olishga O‘zbekistondagi mas‘ul idoralar biometrik pasport talab qilayotgani, biopasporti bo‘lmaganlarga bunday viza berilmagani haqida Ozodlik avval xabar qilgandi.

O‘zbekistonda ko‘plab fuqarolar so‘nggi paytlarda yangi biometrik pasport olish bilan bog‘liq mushkulotlar qarshisida qolishgan.

Odatda 10 ish kunida berilishi kerak bo‘lgan pasport bir oydan oshiqroq vaqt ichida, ba‘zi hollarda undan ham ko‘p vaqtda beriladi.

Pasport stolidagilar pasport olish uchun murojaatlar ko‘payib ketgani bois pasport tayyorlash jarayoni cho‘zilib ketayotganini aytishadi.

Bu muammo, aftidan, hukumatdagilarga ham ma‘lum. Har holda, 6 fevralda chiqqan qarorda Vazirlar mahkamasi qoshidagi Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga xorijga chiqadigan fuqarolarga o‘z vaqtida biometrik pasport rasmiylashtirib berishni ta‘minlash topshirilgan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi fuqarolarning xorijga yangi talablarga muvofiq ravishda chiqishini nazorat qilishi lozim.

O‘zbekistonda biometrik pasportga o‘tish jarayoni 2011 yilning 1 yanvaridan boshlangan va bu ish 2015 yilning dekabr oyiga qadar to‘la yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
XS
SM
MD
LG