Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:49

Ukraina muxolifati Kiyevda yana yirik namoyish o‘tkazdi


9 fevral kuni Ukrainada hukumatga qarshi yana yirik norozilik namoyish uyushtirildi. Kiyevning Mustaqillik maydonidagi tadbir diniy ulamolar ibodati bilan boshlandi. Namoyishda muxolifatning o‘n minglab tarafdori ishtirok etdi.

Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazib, vataniga qaytgani ortidan muxolifat Kiyevning Mustaqillik maydonida hukumatga qarshi yirik namoyish uyushtirdi.

Tadbirda muxolifat liderlari Arseniy Yatsenyuk, Vitaliy Klichko va Oleg Tyagnibok hamda jamoatchi faollar chiqish qildilar.

Klichko Reyters agentligi muxbiri bilan suhbatda namoyishdan ko‘zlangan maqsad mamlakat rahbariga bosimni kuchaytirishdan iborat ekanini aytdi.

- Men bu namoyish tinch o‘tishi uchun bor imkoniyatni ishga solaman. Maydon faqat Ukraina poytaxtida emas. Maydon har bir kichik shaharda bor. Agar odamlar: “Biz bunday qoidalar asosida yashashni istamaymiz”, deyishsa, hokimiyatni o‘zgartirishning yagona yo‘li prezidentga bosimni kuchaytirishdir, - dedi Vitaliy Klichko.

Yakshanba kungi namoyishda qatnashgan Olga Yaroshevska Ukrainada yuzaga kelgan siyosiy bo‘hron tinch yo‘l bilan hal etilishiga ishonchi komil emasligini aytdi.

- To‘g‘risini aytsam, men muammo tinch hal bo‘lishiga ishonmayman. Chunki namoyishchilar ancha vaqtdan beri bu yerda tinch turishibdi. Lekin Yanukovich bunga e‘tibor bermayapti, - deydi Olga Yaroshevska.

Ukraina muxolifatiga ko‘ra, yakshanba kuni Mustaqillik maydonidagi namoyishga 50 ming odam kelgan.

Ukraina va Rossiya prezidentlari o‘rtasida Sochi Olimpiadasining tantanali ochilish marosimidan tashqari bo‘lib o‘tgan uchrashuv Ukrainada konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish borasida muxolifatning Yanukovichga bosimi kuchayayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Ukraina va Rossiya prezidentlari o‘rtasidagi muzokarada qanday masalalar muhokama etilgani oshkor qilinmadi.

Uchrashuvda Rossiya Ukrainaga va‘da qilgan 15 milliard dollarlik yordam masalasining muhokama etilishi taxmin qilinayotgan edi.

Rossiya Ukrainada yangi hukumat tuzilmaguncha, yordam ko‘rsatilishini vaqtincha to‘xtatgan.

Ukrainada hukumatga qarshi ommaviy noroziliklar o‘tgan yilning noyabr oyida prezident Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiyaga kirishish bitimini imzolashdan bosh tortib, Rossiya bilan yaqinlashishga qaror qilganidan keyin boshlangan edi.
XS
SM
MD
LG