Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:43

Toshkentda qor uyumidan yopilgan ko‘chalarni aholining o‘zi ochmoqda


Havo harorati -5 darajaga qadar iligan 10 fevral kuni ham 50-80 santimetrlik qor uyumlari qamalida qolayotgan Toshkentda jamoat tarnsporti qatnovi hanuz siyrakligicha, xususiy kirakashlar xizmati esa qimmatligicha qolmoqda. Poytaxtdagi mahalla, markaziy ko‘chalar bo‘ylarida yashayotgan aholi hamda poytaxt maktablari jamoalari piyoda yo‘laklari va aksar kichik avtomobil yo‘llarida yig‘ilgan qorni o‘zlari kurashga majbur qolayotganini aytmoqda.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida istiqomat qiladigan pensioner Abdumannon Xoljo‘rayev havo biroz iligan 10 fevral kuni shahar kezishga chiqqani va ilk bekatdayoq yarim soat avtobus kutganini aytdi.

- Men Farhod bozoriga yaqin joydagi bosh bekat yaqinida turaman, kamida 20 minut avtobus kutasiz. Jamoat transporti grafigi kamida yarim soatga kechikkanicha turibdi. Markazdagi ba‘zi katta yo‘llarda ham muz. Hamma yoq muz, men arang borib-keldim,- dedi Toshkent shahrining Uchtepa tumanida istiqomat qiladigan pensioner Xoljo‘rayev.

U 4 va olti qatorlik avtomobil yo‘llarigagina tuz va qum sepilayotgani, ikki qatorli va bir qatorli asosan aholi avtomobillari qatnaydigan ko‘chalar bo‘ylarida esa, hatto 80 santimetrga qadar qor uyulganini aytadi.

- Biz katta ko‘cha yonida turamiz, ikkinchi darajali ko‘chada kecha oqshom bitta katta mashina ko‘milib qolib, odamlar ham o‘tolmay qoldi. U mashinani tortib ketadigan mashina ham yo‘qda. Keyin qo‘ni-qo‘shni shox-shabba tashlab, yo‘lni o‘zimiz ochdik. Men keyin hokimiyatning Obodonlashtirish bo‘limiga telefon qilsam: "Biz nima qilaylik, bu Xudoning havosiku, Amerikaniyam suv bosib yotibdiku!" deydi. Shunaqa gaplarda,- deya xafsalasi pir bo‘ldi keksa toshkentlikning.

Ozodlik muxbiri Toshkent shahrining Uchtepa hokimiyatidan bu borada biror javob olishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

U 10 fevral kuni Toshkent ko‘chalarini kezar ekan, hokimiyat shahar ko‘chalarini tozalashga safarbar qilgan farroshlar, asosan markaziy va qatnov gavjum bo‘lgan ko‘chalar yonidagi yo‘lakalarni tozalashga safar bar qilinganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

Markazdan chekka joylardagi ahoil punktlari, hatto aksar maktab va shifoxonalar tegrasidagi yo‘llar esa ushbu muassasalar xodimlari hamda ularga yaqin aholi punktlaridagi mahallaning ko‘ngilli yashovchilari tomonidan ochilmoqda.

Toshkentning Olmazor tumanidagi 16-maktab o‘qtuvchisi maktab o‘qituvchilari va farroshlarga mahalla ahli ko‘ngilli ravishda yordam berayotganini aytdi.

"Biz mahallaning ichida joylashganmizda, o‘zimizning qorovullar va erkak o‘qituvchilar qorni kurab, bolalar yuradigan yo‘llarga tuz sepib turishibdi. Keyin mahalla komitetidan odamlar kelib yordam qilishayapti. Bolalar maktabda qatnab turishibdi, Xudoga shukr", dedi Olmazor tumanidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktabi xodimi.

Katta yo‘l yoqasida joylashgan 5-maktab xodimi esa so‘nggi kunlardagi qattiq sovuq bois, darslar 10 daqiqaga qisqartirilganini aytdi.

"10 minutga qisqartirgan edik darslarni. Qattiq sovuq bo‘lgan kunlarda. Mana bugundan eski rejimga qaytardik. Hozir kun ilib qoldi", dedi maktab xodimi.

Poytaxtdagi 31 maktab rahbari esa o‘ta sovuq kunlarda maktabni sinf rejimi - o‘quvchilar barcha darslarni bitta xonada o‘tirib o‘qiygan rejimga o‘tkazganini aytdi.

"Bizda parovoy otopleniye yaxshi. Bolalar sovqotmasin, deb sinf rejimi qildik. Bolalar bir xonada o‘qishdi. Bugundan katta sinflar yana avvalgi rejimga qaytishdi. Bizda darslarja uzilish bo‘lgani yo‘q", dedi 31 maktab rahbari muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Toshkentda 10 fevral kuniga kelib ham xususiy taksilar xizmati narxi tushmagani, jamoat transporti qatnovidagi uzilishlar esa kamaymagani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda 2 fevraldan buyon qattiq sovuq kuzatilmoqda. Toshkent shahrida havo harorati -20 darjagacha, ayrim viloyatlarda esa -28 darajagacha sovub ketgani kuzatildi. Bu yilgi qahraton qishda O‘zbekistonning eng issiq viloyati markazi bo‘lgan Termiz shahrida ham havo harorati -20 darajagacha tushib ketdi.

10 fevraldan boshlab esa respublikada havo harorati yana iliy boshladi. Poyxtatda havo harorati -5 daraja, mamlakatning shimoliy va janubiy mintaqalarida -3 dan -11 darajaga qadar ilidi.
XS
SM
MD
LG