Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:43

Qirg‘iz muftiysi geylarga qarshi bergan fatvosini izohladi


Qirg‘izistonning muvaqqat muftiysi Maqsad hoji To‘qtamishev
Qirg‘izistonning muvaqqat muftiysi Maqsad hoji To‘qtamishev
Qirg‘iziston muvaqqat muftiysi Maqsad hoji To‘qtamishev bahslarga sabab bo‘layotgan fatvolaridan birida geylarni o‘ldirishga chaqiriq bo‘lmaganini aytmoqda. Qirg‘izistonlik faollar muvaqqat muftiy bergan fatvoda geylarni o‘ldirishga chaqiriq borligini aytib, muftiyat ustidan prokuraturaga arz qilgan.

Qirg‘izistonning muvaqqat muftiysi Maqsad hoji To‘qtamishev gey va gomoseksuallarga qarshi chiqargan fatvosi yuzasidan tushuntirish berdi.

Bishkekda seshanba kuni jurnalistlar savollariga javob bergan To‘qtamishev fatvoda geylarni o‘ldirishga chaqiriq bo‘lmaganini aytdi va uni shunday izohladi:

- Haqiqatan ularni (geylarni) uchratsangiz o‘ldiring, deb aytilgan. Bu kalima qadimgi zamonga oid kalimadir, hozirgi davrga buning aloqasi yo‘q. Buzuqlikning oldini olish uchun qadimda aytilgan gap bu, - dedi Qirg‘izistonning muvaqqat muftiysi.

Maqsad hoji To‘qtamishev o‘z chiqishida gomoseksuallarga qarshi ekanini ham yashirmadi.

- Agar insonda ozgina aql bo‘lsa, u hech qachon bir jinsli aloqaga kirmaydi. Hayvonlar ham bunaqa qilmaydi. Shuning uchun sizlarga bu yoqadimi-yoqmaydimi, shuni aytamanki, shariat va Qur‘on buni taqiqlaydi, - dedi Qirg‘izistonning muvaqqat muftiysi Maqsad hoji To‘qtamishev.

Qirg‘izistonda bahslarga sabab bo‘layotgan bu fatvo 29 yanvar kuni e‘lon qilingan edi. Bu fatvoda hadisdan parchalar keltirilgan va ular asosida bir jinsli aloqaga toqat qilinmasligi uqdirilgan.

Qirg‘izistonlik huquq himoyachisi To‘leykan Ismailova mamlakatdagi jinsiy ozchilikka qarata qilingan tahdidli fatvo ustidan Bosh prokuraturaga arz qildi.

- Fatvoda arabcha yozilgan hadislardan iqtiboslar keltirilgan. Bu hadislar agar tarjima qilinsa, bir jinsli aloqa bilan shug‘ullanganlarni o‘ldirish kerak, degan ma‘no kelib chiqadi. Musulmonlar buni dasturi amal sifatida qabul qilishlari hech gap emas, - deydi Ismailova.

Qirg‘izistonning avvalgi muftiysi Rahmatulla Egamberdiyev o‘tgan oy yosh ayol bilan intim munosabatlari aks etgan video Internetda tarqalib ketganidan so‘ng iste‘fo bergan edi. Maqsad hoji To‘qtamishev uning o‘rniga vaqtinchalik muftiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Qirg‘izistonlik huquq faoli To‘leykan Ismailova muftiyatning yangi rahbari chiqargan fatvo geylarga nisbatan zo‘ravonlikni kuchaytirib yuborishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Xyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkiloti o‘tgan oy Qirg‘izistonda geylar huquqlari toptalayotgani haqida 65 varaqlik hisobotni e‘lon qilgan.

Hisobotda hozirgi qirg‘iz jamiyatida geylar va biseksual erkaklar zo‘ravonliklarga nishon bo‘layotgani, militsiya ularni hech bir asossiz to‘xtatib, aynan jinsiy oriyentatsiyasi uchun hibsga olishi, do‘pposlashi¸ nomusiga tegishi va azoblashi hollari ko‘paygani aytildi.
XS
SM
MD
LG