Линклар

Qishki olimpiadada o‘zbekistonlik ishqibozlar yetakchilar qatorida


Olimpiadada atigi uch o‘zbekistonlik ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ishqibozlar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchilardan.

Olimpiadada atigi uch o‘zbekistonlik ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ishqibozlar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchilardan.

O‘zbekistonliklar Sochi Qishki olimpiadasida qatnashayotgan o‘zbek sportchilarini Internetda eng faol qo‘llayotgan ishqibozlar qatoridan o‘rin oldi. Sochi musobaqalarida O‘zbekistondan atigi uch sportchi qatnashayotgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonliklar vatandoshlari uchun zo‘r berib ishqibozlik qilayotganini Qishki olimpiada rasmiy saytida ko‘rish mumkin.

2014 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston hukumati ham alohida e‘tibor qaratayotgan ko‘rinadi. Davlatga qarashli “O‘zbekiston pochtasi” shirkati olimpiadaga bag‘ishlangan pochta markasini muaomalaga chiqardi.

XXII Qishki Olimpiya o‘yinlari rasmiy saytida har bir milliy jamoani Internet orqali qo‘llab-quvvatlay olishi uchun maxsus sahifa tashkil qilindi. “Jamoangizni qo‘llang”, deb nomlangan maxsus sahifada o‘zbekistonliklar eng faol ishqibozlar qatorida uchinchi o‘rinda turibdi.

Bu reytingda Mongoliya birinchi, mezbon Rossiya esa ikkinchi o‘rinda turibdi.

Istaganlar www.sochi2014.com/podderzhi-stranu linki orqali kirib, natijalarni ko‘rishi va o‘zi istagan jamoa uchun ovoz berishi mumkin.

2014 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarida atigi uch o‘zbekistonlik sportchi qatnashmoqda. Bular figurali uchish bo‘yicha jahon miqyosida ancha tanilib qolgan Mixail Ge hamda chang‘ichilar Kseniya Grigorьeva va Artyom Voronovlardir.

O‘zbekistonlik sportchilar hali musobaqalarni boshlamagan bo‘lsa-da, Internet orqali o‘tkazilayotgan ovoz berishda, bu material tayyorlanayotgan paytga qadar, o‘zbekistonlik atletlarni 4700ga yaqin odam qo‘llab-quvvatlagan.

Ular orasida Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar ko‘pchilikni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Moskvada tirikchilik qiladigan Sherzodbek ana shundaylardan biri. Bu suhbadoshimiz qishki olimpiadada o‘zbekistonlik sportchilar kamligidan achinishini ham aytadi.

- Men ham ishqibozlik qilaman. Albatta, o‘zbekistonlik sportchilarga yon bosamiz biz ham. Leikn haqiqiy ism-familiyasi o‘zbek sportchii olimpiadaga qatnashganini eshitmadim shu paytgacha. Tayyorgarlik juda sust bizda, deydi Sherzodbek.

Sochi olimpiadasi ochilish marosimida Rossiya telekanallaridan birining boshlovchisi O‘zbekiston jamoasini Tojikiston deb atagani ko‘pchilik ishqibozlar ta‘bini xira qildi. Toshkentlik Nigoraxon o‘sha hodisadan keyin uning oila a‘zolari xafsalasi pir bo‘lib, o‘yinlarni ko‘rishga ham unchalik xafsala qilmayotganini aytadi.

- Olimpiada ochilishini qiziqib ko‘rdik. Lekin O‘zbekiston sportchilari chiqqan paytda diktor “Tojikiston” deb e‘lon qilgani rosa jahlimizni chiqardi. Keyin Internetda unga qarshi katta janjal bo‘libdi, u kechirim so‘rabdi. Lekin men uning kechirimini qabul qilmagan bo‘lardim. Nima bo‘lsa ham O‘zbeksiton sportchilariga omad tilaymiz, eng birinchi o‘rinlarni egallab kelishsa, xursand bo‘lamiz. “Tojikiston” deb aytgani uchun ham birinchi o‘rinni egallab kelishsa zo‘r bo‘lardi, deydi Nigoraxon.

Ayni paytda, Sochi olimpiadasiga O‘zbekiston hukumati ham alohida e‘tibor qaratayotgan ko‘rinadi. Davlatga qarashli “O‘zbekiston pochtasi” shirkati olimpiadaga bag‘ishlangan maxsus pochta markasini e‘lon qildi. Shirkat rasmiy saytida aytilishicha, Sochi olimpiadasiga bag‘ishlangan maxsus marka 31 yanvar kuni muomalaga chiqarilgan.

Markada figurali uchish bilan shug‘ullanayotgan yigit tasviri berilgan. “O‘zbekiston pochtasi” bundan avvalgi London, Pekin olimpiadalari o‘tkazilishi munosabati bilan ham maxsus markalar turkumini e‘lon qilgan edi.

Sochi olimpiadasi rasmiy saytiga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi 4700ga yaqin ovoz olgan bo‘lsa, Qozog‘iston, 1200, Tojikiston 500, Qirg‘iziston 200dan ortiqroq ovoz to‘play olgan xolos. Hatto AQSh yoki Kanada kabi yetakchilik qilayotgan jamoalar uchun berilgan ovozlar ham 2000ga yetgani yo‘q.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG