Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:01

Qozoq tangasi qurbi pasayishidan o‘zbek savdogari va mehnat muhojiri zarar ko‘radi


11 fevral kuni Qozog‘iston Milliy banki mamlakat milliy valyutasi – tangani 19 foizga devalvatsiya qildi. Tanganing AQSh dollariga nisbatan kursi pasaygani, tabiiyki, O‘zbekiston bozorida ham tanga qadrining pasayishiga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar, tanga kursining pasayganidan Qozog‘istondan dollarga O‘zbekistonga import qilinayotgan mahsulotlar arzonlashajagini, biroq eksport qilinayotgan mahsulotlar qimmatlashajagini aytmoqda.

Toshkentning Chorsu bozorida valyuta oldi-sottisi bilan shug‘ullanuvchi Bosit Ozodlik bilan suhbatda 12 fevral kuni qozoq tangasining o‘zbek so‘miga nisbatan kursi dushanba kuniga nisbatan arzonroq bo‘lgani aytdi.

- Qozog‘istonda dollar kursi oshib ketdi. Shuning uchun bu yerda tanganing narxi tushib ketdi. Hozir 13 dan olyapmiz. 1000 tangaga 13 ming so‘m beryapmiz. Tangani har zamonda olib kelishadi. Uch kun oldin kurs 17 – 18 edi, deydi Chorsudagi sarrof.

Ozodlikning Toshkentdagi manbasiga ko‘ra, chorshanba kuni poytaxtning boshqa bozorlarida sarroflar tangani uch kun oldingidek 20 so‘mdan emas, 15 so‘mdan sotib olmoqda.

Hozirgi kunda bir qozoq tangasining kursi salkam 14 so‘mni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonlik tadbirkorlar fikricha, tanga kursining pasaygani O‘zbekiston bozorlaridagi maishiy tovarlar narxlariga jiddiy ta‘sir qilmaydi.

- Qozog‘iston bilan ko‘p ham oldi-berdi bo‘lmayapti hozir. Tamojnyadan o‘tish qiyin. Shuning uchun ba‘zilar qo‘lida ko‘targanicha olib o‘tadi. Katta miqdorda mol olib o‘tish yo‘q hozir, deydi toshkentlik tadbirkor Bahodir.

O‘zbekiston Qozog‘istondan asosan, un, yog‘ kabi mahsulotlar sotib oladi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Qozog‘istonga meva-sabzavot yetkazib beradigan yetakchi davlatlardan biridir.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bo‘riboy Jeksembinning o‘tgan yil oxirida jurnalistlarga bildirishicha, 2013 yilning to‘qqiz oyi davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 2,5 milliard AQSh dollariga yetgan. Bu 2012 yilning shu davriga nisbatan 28 foizga ko‘p.

Tanga qadri pasaygani import uchun yaxshi, eksport uchun yomon


O‘zbekistonlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarovning fikricha, qozoq tangasining devalьvatsiya qilingani O‘zbekiston uchun yaxshi, boisi Qozog‘istondan dollarga mahsulot import qilish arzon tushadi.

- Qozog‘istonda dollarning narxi oshdi. O‘zbekistonliklar Qozog‘istondan mahsulot olayotganida narxlarni asosan dollarda belgilaydi. Masalan, oldin Qozog‘istonga bir dollar bilan borganimda bir kilogramm un olishga qurbim yetgan bo‘lsa, hozir bir dollarga bir kilogramm undan tashqari yana 20 foizlik mahsulot olishga qurbim yetadigan bo‘ldi, deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi.

G‘olibbek Xolnazarov tanga qadrsizlangani hisobiga Qozog‘istondan mahsulotlar import qilish arzonroqqa tushishiga qaramay, O‘zbekiston ichki bozorida un,yog‘ kabi mahsulotlar narxiga ta‘sir etmaydi, dedi.

Ayni paytda, Ostona shahridagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, asli o‘zbekistonlik iqtisodchi olim Saparboy Jubayevning fikricha, Qozog‘iston tangasining devalьvatsiya qilingani Qozog‘istonga mahsulotlar olib kelib sotayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun foydali emas.

- Biz Ostonada bir kilogramm pomidorni, masalan, 600 tanga, ya‘ni 4 dollardan sotib olar edik. O‘zimizda, issiqxonada yetishtirilgan pomidorlar 500-550 tanga edi. 100 tangaga qimmatroq bo‘lsa ham Toshkentning pomidorini sotib olardik. Lekin bundan buyon shu 4 dollarlik pomidor 750 tanga bo‘lib qoladi. Shu sabab, chetdan keladigan, Toshkentdan keladigan pomidorga talab ozayadi, deydi Saparboy Jubayev.

Tanga kursi pasaygani o‘zbekistonlik muhojirlarga zarar


Namanganlik Javdat bir necha yildan beri Olmaota shahrida novvoychilik qiladi. Javdat Ozodlik bilan suhbatda tanga kursining AQSh dollariga nisbatan pasaygani Qozog‘istondagi muxojirlar uchun zararli ekanini, boisi ular oilasiga jo‘natayotgan pulning ozayishiga sabab bo‘lishini aytdi.

- Oyiga o‘rtacha 400 dollar jo‘natar edik. 100 dollar 15 ming tanga, bo‘lardi. Oyiga 400 dollar 60 ming tanga bo‘lardi. Endi hozir 60 ming tanga 300 dollardan sal ko‘proq bo‘lyapti, deydi o‘zbekistonlik novvoy.

Javdat o‘zi va tangada maosh olayotgan hamkasblari ish beruvchidan maoshni biroz oshirishni iltimos qilmoqchi ekanliklarini aytdi.
XS
SM
MD
LG