Линклар

Jizzax viloyatining Zafarobod shaharchasida uyda qarovsiz qoldirilgan ikki yosh bola elektr pechkadan chiqqan yong‘in qurboni bo‘ldi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, bolalar yong‘indan chiqqan is gazidan dimiqib o‘lgan.

Jizzax viloyatining Zafarobod shaharchasidagi Samarqand mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Samarqand ko‘chasida yashagan uch yashar Shohjahon Haydarov va uch yashar Nilufar Muhammadiyeva 25 yanvar kuni tutun hididan dimiqib halok bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikka 12 fevral kuni xabar bergan zafarobodlik manbaga ko‘ra, bolalarning qarovsiz qoldirilgani uyda yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan:

- Uch yashar Nilufarning onasi o‘zining qizini va akasining o‘g‘li uch yashar Shohjahonni uyda qarovsiz qoldirib, ko‘chaga chiqib ketgan. Yoqilgan qo‘lbola elektr pechkasi deraza tokchasining ustida bo‘lgan. Yosh bolalar o‘ynab pechkani pastga tushirib yuborgan. Pechkaning spirali polni kuydirgan va tutay boshlagan. Ana shu tutunning hididan ikkala bola ham dimiqib, o‘lib qolgan, dedi Ozodlik manbasi.

Samarqand mahalla fuqarolar yig‘inining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan biri bu xabarni tasdiqlar ekan, bu falokat sababini uylarni isitish uchun gaz yo‘qligida va onaning e‘tiborsizligida, deb bilishini aytadi:

- Bu yil qish qattiq keldi. Gaz yo‘q, svet ham soat bilan beriladi. Ona sho‘rlik ham yonib qolgan svetdan foydalanib qolay deganda. Odamlar uylarini isitish uchun hamma chora-tadbirlarni qo‘llayapti. Ko‘pchilik bozorda arzon sotiladigan qo‘lbola elektr pechkalardan foydalanyapti. Bu pechkalar ikkita simga ulangan spiralь xolos. Texnika xavfsizligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, dedi mahalla faollaridan biri.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda gaz va svet taqchilligi bois favqulodda hodisalar ko‘p kuzatildi.

Andijon shahrining Qo‘shariq dahasidagi ko‘p qavatli uyda yashagan oila 9 fevralga o‘tar kechasi ko‘mir isidan zaharlanib o‘ldi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbasiga ko‘ra, ona, qizi, kelini va ikki nevarasi pechkaga yoqilgan ko‘mir isidan uyqu ichida zaharlangan.

10 fevral kuni Navoiy shahridagi xalqaro aeroport yaqinida ikki qavatli uyda ro‘y bergan portlash oqibatida kamida olti kishi nobud bo‘ldi va yetti kishi jarohat oldi.

6 fevral kuni Samarqand viloyatining Samarqand tumanidagi Ravonak qishlog‘ida yashovchi yosh er-xotin va ularning ikki go‘dagi maishiy gaz ballonidan sizib chiqqan gazdan zaharlanib o‘ldi.

Farg‘ona viloyat Qo‘shtepa tumani G‘ishtmon fuqarolar yig‘inida yashovchi Qodirovlar uyida 2 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan portlash oqibatida xonadondagilarning hammasi turli darajadagi kuyish bilan viloyat kasalxonasiga ëtqizildi. Kuyganlar orasida ikki yashar qizaloq ham bor.

O‘zbekistonda havo harorati tunda -10 darajadan pastroqni tashkil qilaëtgan ayni kunlarda aksar aholi gaz va elektr quvvatidan uzilgan og‘ir sharoitda qishdan omon chiqishga urinmoqda.
XS
SM
MD
LG