Линклар

Shu oy boshida Ozodlik bilan suhbatda gey bo‘lgani uchun jamiyatda o‘z o‘rnini topolmay, qiynalib yashayotganini aytgan tojikistonlik yigit noma‘lum shaxslar tarafidan pichoqlanganini iddao qilmoqda.

Komil Ozodlikning tojik xizmatiga 8 fevral kuni noma‘lum shaxslar uni pichoqlagani, oqibatda qo‘li va oyog‘i yaralanganini aytdi.

- Ular menga pichoq tirab, bundan buyon har bir kuning shunday bo‘ladi, deyishdi. Juda qo‘rqdim. Yuzimga pichoq tirashdi. Keyin qo‘limni uch joyiga pichoq sanchib, jarohatlashdi, - deydi tojikistonlik gey.

Komilning aytishicha, yo‘ldan o‘tayotgan odamlar kelib uni hujumchilardan qutqarib qolgan va kasalxonaga olib borishgan.

25 yoshga kirgan Komil yillar o‘tgan sayin unga azob berayotgan kechinmalarni shu oy boshida Ozodlikka gapirib bergan edi.

- Mening ortimdan oilam azob chekyapti, mening o‘zim ham azobdaman. Men qanday jamiyatda yashayotganimni yaxshi bilaman, lekin ozgina bo‘lsa ham meni tushunishsa, yordam berishsa, deb umid qilaman, deydi Komil.

O‘tgan yillar davomida Komilning onasi uni turli yo‘llar bilan davolashga harakat qildi.

- Bizda odamlar gomoseksualizmni davolasa bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ota-onam uzoq yillar davomida meni shifokorlarga, tabiblarga va mullalarga ko‘rsatdi. Mullalar meni masjidga olib borib, go‘yo mening tanimdan yovuz ruhlarni quvmoqchi bo‘lishdi. Ular menga ayol jinsli jin mening tanimga o‘rnashib olgani va shuning uchun ham menga erkaklar yoqishini aytar edilar, - deydi Komil.

Tojikistonda psixologlar jinsiy ozchilik vakillarini davolash mumkinligi haqida gapiradilar. Psixolog Zarina Kenyayevaning aytishicha, agar o‘zlarida kuchli ishtiyoq bo‘lsa, geylar va lesbiyankalarni ham davolash mumkin.

Komilning ota-onasi hozir ham bir kun kelib o‘g‘lini yovuz kuchlar tark etishidan va uning “hamma qatori” bo‘lishidan umidini uzgani yo‘q. Biroq, Komil endi bu narsalarga ishonmasligini aytadi.

- Bu jamiyat meni qabul qilmasligini bilaman, biroq men kabilar ochiq yuradigan boshqa mamlakatga borib yashashga mening imkonim yo‘q. Meni o‘ldirmang, balki o‘zim bilgancha yashaydigan imkoniyat bering!, - deydi Komil.

Tojikiston 1998 yilda gomoseksualistlarni jinoiy javobgarlikka tortish moddasini Jinoyat kodeksidan olib tashlagan.

Biroq, tojik jamiyatida jinsiy ozchilikni tashkil etuvchi shaxslar muttasil ravishda ijtimoiy qarshilikka duch keladilar.
XS
SM
MD
LG