Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:23

O‘zbek talabalaridan "Valentin kuni"ni nishonlamaslik to‘g‘risida tilxat olinmoqda


O‘zbekiston oliygohlari talabalaridan "Valentin kuni"ni nishonlamaslik haqida tilxat olinmoqda. Bunday tilxatlar O‘zbekiston Milliy universiteti¸ Jahon tillari universiteti va Urganch Davlat pedogogika universiteti talabalaridan yozdirib olingani ma‘lum bo‘ldi.

MXX Avliyo Valentinga qarshi kurashmoqda


Ozodlik manbalarining aytishicha, O‘zbekiston MXX xodimlari "Avliyo Valentin kuni" nishonlamasligi talabi bilan studentlar o‘rtasida suhbatlar uyushtirgan.

Toshkent Tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litseyning ma‘naviyat va marifiy ishlar bo‘yicha rahbari bu o‘quv yurtining 19 ta guruhida "Avliyo Valentin kuni" norasmiy diniy bayramining “yoshlar ongiga salbiy ta‘siri” to‘g‘risida tushuntirish ishlari o‘tkazgan.

Toshkent Tibbiyot akademiyasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ bu “tushuntirish tadbirida” MXX zobitlari ishtirok etgan.

Bunday tadbirlar shu kunlarda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida ham o‘tkazilayotgani aytildi. O‘zbekiston oliy ta‘lim vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti talabalari "Avliyo Valentin kuni"ni nishonlamaslik borasida ogohlantirilgan:

- Chorshanba kungi axborot soati to‘laligicha "Avliyo Valentin kuni" norasmiy diniy bayramining yoshlar ongiga salbiy ta‘siriga bag‘ishlandi. Talabalar orasida bu qattiq nazorat ostiga olingan. O‘zimizni SNBdagi kuratorimiz ham qattiq ogohlantirgan bu bo‘yicha. Bu ogohlantirishni inobatga olib chora – tadbirlarni ishlab chiqqanmiz. Bugun ham axborot soatida "Avliyo Valentin kuni"ning mentalitetimizga zid ekani tushuntirildi¸ deydi Ozodlik manbasi.

Juma hutbalarida “Valentin kuni” bo‘yicha tushuntirish beriladi


O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida sevishganlar bayrami sifatida nishonlanadigan "Avliyo Valentin kuni" bu yil juma kuniga to‘g‘ri keldi.

Shu kuni irod qilinadigan juma hutbalarida "Avliyo Valentin kuni"ning Islomga zid ekani ta‘kidlanishi bildirildi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi hozirlayotgan juma kungi hutbalar matniga "Avliyo Valentin kuni"ni nishonlash musulmonlarning taqvosiga zarar yetkazishi haqida nasihat ham qo‘shilgani aytildi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i Shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda bu taxlit nasihatlar har yili gapirilishini aytdi:

- Har yili gapiriladi. Kelayotgan jumada ham gapiramiz. Tushuncha beriladi. Endi, qiladiganlar undan battarini ham qilyapti¸qilaversin. Odamning o‘z erkiku bu, to‘g‘rimi? Vijdon erkinligi, so‘z erkinligi bergan imkon doirasida qilaversin. Lekin bizning musulmonchilikda unaqa boshqa dinlarga taqlid qilish yo‘q narsa¸ deydi O‘zbekiston musulmon idorasi fatvo bo‘limi boshlig‘i Shayx Abdulaziz Mansur.

Tohir va Zuhrolar bayrami


Xorazmning Xazorasp tumanida yoshovchi 17 yashar Tangribergan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib topgan puliga o‘zi yaxshi ko‘rgan Zuhra ismli qizga 14 fevral kuni oltin uzuk sovg‘a qilishini aytadi:

- Sevishganlar kunini orziqib kutyapman. Oltin uzuk olib qo‘yganman. Men 17 yoshdaman sevgan qizim ham 17 yoshda. Telefon qilib uchrashuv joyini belgilab qo‘ydim. Oldingi bayramda Ayfon 4 sovg‘a qiluvdim¸ deydi suhbatdosh.

Tangriberganning aytishicha do‘stlari ham o‘z sevgililariga sovg‘alar hozirlab qo‘yishgan:

- Endi hamma ham qimmat sovg‘a bermaydi. 50 ming so‘mga o‘yinchoq ayiq yoki quyon olib yoniga atir qo‘shib sovg‘a qilishadi. Lekin qizlarni ko‘pi sovg‘aga telefon olishni istaydi, deydi Tangribergan.

Nafaqat 17 yoshdagilar balki yoshi 40 dan oshgan o‘zbeklar orasida ham "Avliyo Valentin kuni"ni nishonlash urf bo‘lgani kuzatiladi.

Toshkentning Qo‘yliq mavzesida istiqomat qiluvchi 42 yashar Shafoat (ismi o‘zgartirilgan) 14 fevral kuni o‘z sevgan kishisidan “kattaroq” sovg‘a kutayotganini aytdi:

- Erdan ajraganman. Ammo bir yoshi katta badavlat kishi bilan munosabatimiz bor. Anaqa, sponsor deyishadiku? Har yili 14 fevralda sovg‘a olaman. O‘zlari bilib yaxshigina sovg‘alar beradi¸ deydi suhbatdosh.

Shafoatning aytishicha "Avliyo Valentin kuni"da qimmat qo‘l telefoni yoki boshqa maishiy texnika ayollar istagiga uyg‘un sovg‘adir.

Chet el shirkatlaridan birida ishlaydigan farg‘onalik 38 yashar Furqat ismli yigit o‘z rafiqasiga sovg‘a uchun 1200 dollar turadigan Shveytsariyada ishlab chiqarilgan soat olib qo‘yganini aytdi.

Gul va hadya do‘konlari “Valentin kuni”ni orziqib kutmoqda


Suvenir va hadyalar bilan savdo qiladigan Toshkentdagi magazinning o‘zini Hilola deb tanishtirgan do‘konchisi “Valentin kuni” arafasidagi bir hafta ichida odatda bir oyda ham bo‘lmaydigan katta ko‘lamda savdo bo‘lishini gapirib berdi:

- Har-xil assortimentda sovg‘alarimiz bor. Sharob ichadigan bokallar bor. yoniga zarhal bilan yozuvlar ham yozib beramiz. Umuman shu kunlarda qo‘limiz qo‘limizga tegmayapti. Savdo-sotiq avjida, deydi suvenir va hadyalar bilan savdo qiladigan Toshkentdagi magazinnig o‘zini Hilola deb tanishtirgan do‘konchisi.

Toshkentning “O‘rikzor” mahallasidagi teplitsada gul yetishtiradigan bog‘bonlar 14 fevral uchun ko‘p miqdorda chinnigullarni xozirlab qo‘yishganini aytishdi.

O‘zini Rixsitilla, deb tanishtirgan gulchi 14 fevral kuni teplitsadagi chinnigullarni ko‘tarasiga sotish masalasini gaplashib qo‘yganini aytdi.

“Avliyo Valentin “ kuni haqida


“Avliyo Valentin kuni” yoki "Sevishganlar bayrami", deb ataladigan kunning nishonlanish tarixi Rim imperiyasi davriga borib taqaladi.

Bundan o‘n yetti asr muqaddam qadimgi rimliklarning majusiy bayramlaridan biri bo‘lgan bu bayram “ma‘naviy sevgi” ifodasi o‘laroq to‘ylangan.

Eng mashhur afsonalarga ko‘ra, Rimga asos solgan Romul bo‘rini emib ulg‘aygan, kuchli va aqlli bo‘lgan. Rimliklar har yili fevral oyining o‘rtasini ana shu voqeani xotirlab, bayram qilib nishonlashgan.

Nasroniylar talqiniga ko‘ra bu bayram Avliyo Valentin nomi bilan bog‘liq.

Avliyo Valentin – Nasroniy cherkovi tomonidan mazlum, deb tan olingan nasroniy avliyoning ismidir.

Rivoyatlarga ko‘ra, avliyo Valentin milodiy 296 yilda Rim imperatori Klavdiy II tomonidan qatl qilingan. 350 yilda esa u qatl etilgan joyning o‘rnida uning xotirasiga bag‘ishlab cherkov qurilgan.

Nasroniylar talqiniga ko‘ra, avliyo Valentin tinchlik va sevgiga da‘vat qilgan va shu sababli qatl qilingan.

Shundan buyon, avliyo Valentin sevishganlarga homiylik qiluvchi avliyo, deya ba‘zi guruhlar tarafidan ishoniladi.

Nasroniy cherkovi peshvolari bu an‘ana yoshlarning ahloqiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin, deb topib, unga qarshi chiqqan.

Xususan, Italiyada bu bayram man qilib qo‘yilgan, chunki u aynan Italiyada juda keng nishonlangan edi.

Avliyo Valentin kuni Italiyada 18-19-asrlarga kelibgina qayta tiklangan.

O‘sha paytlardan boshlab g‘arb mamlakatlarida “Valentin kitoblari” - ishqiy she‘rlar yozilgan kitobchalar sotila boshlagan.

Bunday kitoblarda sevgi izhor qilish va hushtor ko‘nglini qanday ovlash haqida maslahatlar ham bo‘lgan.

Sevishganlar ishqiy maktublar yozishda shu kitobdan foydalanishgan.

2012 yildan boshlab O‘zbekistonda "Valentin kuni" norasmiy tarzda ta‘qiqlab qo‘yilgan.

Aynan o‘sha yili "Valentin kuni"ga bag‘ishlangan tadbir va kontsertlar bekor qilingan edi.

2012 yilning yanvarida Respublika “Ma‘naviyat va ma‘rifat” markazi tomonidan tayyorlangan “14 fevral Sevishganlar kuni emas” nomli maxsus targ‘ibot bukleti talabalar orasida tarqatilgan edi.
XS
SM
MD
LG