Линклар

BMT qochqinlar idorasining Turkiyadagi bo‘limi tarafidan boshpana izlovchi sifatida qayddan o‘tkazilgan 25 yoshli o‘zbek Mahmud Rahimov Istanbuldagi uyi tintuv qilingach, 10 fevral kuni hibsga olindi va deportatsiya etilish arafasida turibdi.

Ozodlikka bu haqda ma‘lum qilgan Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti raisi Odam Chevikning aytishicha, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan Mahmud Rahimov islomiy ekstremizmda gumonlanib, qo‘lga olingan.

Odam Chevikka ko‘ra, Mahmud Rahimov Qirg‘iziston va O‘zbekiston respublikasidan kelgan ayblov hujjatlari asosida qo‘lga olingan:

- "Mahmud Rahimov islomiy ekstremizm, terror bilan bog‘liq jinoyatlarni O‘zbekiston hududida amalga oshirdi" degan iddaoli ayblov hujjatlari to‘plami Turkiyadagi xavfsizlik tashkilotlariga kelib tushgan. Shu asosda Turkiyada bir yil muddatga rasmiy yashash izni bo‘lgan Mahmud Rahimov 10 fevral tongida Istanbulning Boshoqshahar bo‘lgasidagi uyida politsiyachilar tarafidan hibsga olingan va mahalliy politsiya markazidan Istanbuldagi Qumqopi politsiya qamoqxonasiga keltirilgan¸ deydi Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” raisi Odam Chevik Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshning aytishicha, Mahmud Rahimov biror-bir diniy oqimga aloqador sifatida ayblanmagan:

- Mahmud Rahimov Hizbut-Tahrir yoki O‘zbekiston islomiy harakati kabi biror-bir aniq tashkilot mansubi sifatida ayblangan emas. Mahmud Rahimovni diniy ekstremizm va haddan oshgan diniy targ‘ibotchilikda ayblashgan, deydi suhbatdosh.

Mahmud Rahimovning o‘z diniy qarashlari sababli tazyiqlarga uchragani va shu sababli Turkiyada boshpana izlashga qaror bergani aytiladi.

Ayni paytda Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” tashkiloti Mahmud Rahimov deportatsiya qilinmasligini talab qilib, Istanbul mahkamasiga ariza berdi.

Bu arizada Qirg‘iziston va O‘zbekiston qamoqxonalarida shafqatsiz qiynoqlar mavjudligi Mahmud Rahimovning ekstraditsiyasiga mone‘ bo‘luvchi sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Odam Chevikning aytishicha, BMT qochqinlar idorasining Turkiyadagi bo‘limi tarafidan boshpana izlovchi sifatida qayddan o‘tkazilgan fuqaroning ekstraditsiya qilinishi Turkiya o‘z zimmasiga olgan huquqiy majburiyatlarga zid bo‘ladi:

- Mana G‘aziantep shahridagi besh nafar o‘zbek ham ekstraditsiya qilinmoqchi. Oldin ham bir qancha o‘zbekistonlik qochqinning insoniy haqlari poymol etilib, xalqaro qonunlarga butunlay zid ravishda qochib kelgan vatanlariga deportatsiya qilingan edi. Afsuski, Istanbul politsiya markazi bunday noqonuniy va noinsoniy faoliyatni hanuz davom ettirmoqda. Turkiyadan deportatsiya qilingan siyosiy va diniy qochqinlar orasida o‘zbekistonlik Zayniddin Asqarov xalqaro tashkilotlarning deportatsiya qilinmaslik haqidagi qaroriga zid ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan va turmada qiynoqlar ostida halok bo‘lganini eslash joiz bo‘ladi, deb ta‘kidladi Turkiyadagi “O‘zbeklar birligi” raisi Odam Chevik Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, 25 yoshli o‘zbek Mahmud Rahimov Istanbulning Boshoqshahar bo‘lgasida xotini va bir farzandi bilan istiqomat qilgan.

Mahmud Rahimovning xotini payshanba kuni eri bilan uchrashuvga izn olgan.
Bu asnoda Turkiyadan boshpana izlayotgan o‘zbeklar haqlari poymol etilib, avtoritar va totalitar rejimlarga topshirilishi, Istanbuldagi bir qator tashkilotlar tarafidan qattiq noroziliklar bilan qarshilanayotgani kuzatiladi.

Bu namoyishlarda “Qumqopi – Gauntanamo bo‘lmasin”, “Boshpana olgan birodarlarimizga insoniy muomala etilsin”, “Boshpana olgan birodarlarimizni qiynoqlar qo‘liga topshirish – ulkan sharmandalikdir” va “Muhojirlarga siyosiy boshpana berilishini talab qilamiz” kabi chaqiriqlar yangramoqda.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG