Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:50

"Navoiy" IES ishchilariga 3 oydan beri maosh berilmayapti


"Navoiy" issiqlik elektr stantsiyasining bir guruh ishchisi 3 oydan buyon mehnati uchun haq berilmayotganidan shikoyat qilib, Ozodlikka murojaat qildi. Tashkilot rasmiylari Ozodlik bilan suhbatda ishchilarga maosh berilishi kechikaëtganini Toshkentdan mablag‘ kelmagani bilan izohladi.

"Navoiy" issiqlik elektr stantsiyasi (IES) ning ismi oshkor etilmasligini so‘ragan xodimi Ozodlik bilan suhbatda ishchilar maoshining uch oydan beri berilmayotganini bildirdi:

- Haqiqattan shunday muammo bor. Noyabrь va dekabr oylarida berilgani yo‘q. Yanvarь oyiniki ham berilmadi, dedi tashkilot xodimi.

"Navoiy" IES Bosh buxgalteri Shukur Hojiyev Ozodlik bilan suhbatda 12 fevral kuni vaqtincha Bosh buxgalter etib tayinlanganini ta‘kidlay turib¸ ishchilarga maosh berish muammosi yaqin kunlarda hal bo‘lishini bildirdi:

- Mablag‘ yuqoridan hal qilinib, bu yoqqa jo‘natilishi kerak. Men hozir vaqtinchalik Bosh buxgalter vazifasini bajarayapman. Kecha “prikaz” chiqdi. Bu muammo bugun erta hal bo‘lib qoladi. Men bugun Toshkent bilan gaplashaman. 2-3 kundan keyin hal bo‘ladi, dedi Bosh buxgalter.

Ochiq aktsiyadorlik jamiyati bo‘lgan "Navoiy" IES energetika sohasidagi 53 ta korxona va tashkilotni birlashtirgan “O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan moliya bilan ta‘minlanadi.

“O‘zbekenergo”ning Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan rasmiylari "Navoiy" IES ishchilariga uch oydan beri maosh to‘lanmayotgani sababini sharhlashdan bosh tortdi.

"Navoiy" IES qurilishi 1960 yilda Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘idan 7 kilometr narida boshlangan va 1963 yilda foydalanishga topshirilgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozir "Navoiy" issiqlik elektr stantsiyasida qariyb 1500 nafar ishchi ishlaydi.

Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) 2013 yil avgust oyida "Navoiy" issiqlik elektr stantsiyasini modernizatsiya qilish uchun O‘zbekistonga 354 million dollar qarz ajratishni va‘da qilgan.

Bu O‘zbekistondagi elektr stantsiyasi ishchi va xodimlariga oylik maoshlar oylab berilmayotgan birinchi voqea emas.

2012 yil 23 noyabr kuni "O‘zbekenergo" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasiga qarashli Qibraydagi “Toshkent” issiqlik elektr stantsiyasining 1400 ishchisi 3 oy davomida oylik maoshlarini ololmayotgani haqida xabar qilgan edi.

O‘sha yil 27 noyabrda Markaziy Osiyodagi eng yirik issiqlik elektr stantsiyasi – “Sirdaryo” IES ning ishchilari bir necha oy mehnat haqlarini ololmayotganidan Ozodlikka shikoyat qilgan.

Ikki yirik korxona ishchilarining Ozodlikka shikoyatlari ortidan dekabr oyida “O‘zbekenergo" davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi Qibraydagi “Toshkent” IES va Shirin shahridagi “Sirdaryo” IES larining 3000dan ziyod ishchisiga ish haqi to‘lagan.
XS
SM
MD
LG