Линклар

O‘zbek rasmiylari “O‘zmobayl”ni milliy aloqa operatoriga aylantirmoqchi


Rasmiylar rejasiga ko‘ra, "O‘zmobayl" 2018 yilgacha O‘zbekistonning eng chekka qishloqlarigacha kirib borishi kerak.

Rasmiylar rejasiga ko‘ra, "O‘zmobayl" 2018 yilgacha O‘zbekistonning eng chekka qishloqlarigacha kirib borishi kerak.

“O‘zbektelekom” hissadorlik shirkatining “O‘zmobayl” filiali bazasida milliy mobil aloqa operatori tashkil etiladi. Loyiha O‘zbekiston prezidenti tomonidan shu yil 12 fevral kuni imzolangan “Mobil aloqa milliy operatori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror asosida amalga oshirilishi rejalangan.

Prezident qarorida qayd etilishicha, milliy mobil operatori mahalliy shirkatlarning uyali aloqa bozorida keng ko‘lamda ishtirok etishi va ko‘chma uyali aloqa tarmoqlarini yanada rivojlantirilishi, shuningdek, axborot xavfsizligi ta‘minlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida tashkil etilmoqda.

Rasmiylar rejasiga ko‘ra, joriy yil mobaynida 1020 ta tayanch stantsiyasi, 500 komplekt radiorele jihozi, 2 million raqamga mo‘ljallangan kommutatsion stantsiya va billing tizimini o‘rnatish orqali Toshkent shahrini mobil aloqa tarmog‘i bilan qoplash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2015 yilda “O‘zmobayl” tarmog‘i bilan barcha viloyat markazlari, 2017 yili esa qolgan aholi punktlarini qoplash rejalangan.

Qarorga muvofiq, milliy operator tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha loyiha “O‘zbektelekom” mablag‘lari, xorijiy hamda milliy banklarning kreditlari evaziga moliyalanishi lozim.

Ayni paytda prezident qarorida loyiha yakuniga yetajak 2018 yil 1 yanvarigacha “O‘zbektelekom” hissadorlik shirkati mamlakatga olib kirilajak texnologik uskunalar bo‘yicha boj to‘lovlaridan ozod etilishi (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) qayd etilgan.

Bundan tashqari, “O‘zmobayl” milliy mobil aloqa operatori uyali aloqa xizmati ko‘rsatish huquqini beradigan litsenziya olish uchun davlat boji to‘lash va radiochastota spektridan foydalanish to‘lovini to‘lashdan ham besh yilga ozod etilishi aytilmoqda.

Yakshanba bo‘lgani bois “O‘zmobayl”dan bu borada qo‘shimcha izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 19 million kishi uyali aloqadan foydalanadi. Bu mijozlarga Beeline va Ucell GSM-operatorlari hamda Uzmobile va Perfectum Mobile CDMA-operatorlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekistonda avval 10 milliondan ziyod mijozga xizmat ko‘rsatib kelgan “MTS-O‘zbekiston” uyali aloqa operatorining litsenziyasi 2012 yil iyulida olib qo‘yilgandi. Mazkur shirkatning 1,5 yildan buyon O‘zbekiston uyali aloqa bozoriga qaytish urinishlari hech qanaqa samara bermadi.

“MTS-O‘zbekiston” mamlakat bozordan chiqib ketganidan keyin O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa uyali aloqa operatorlari o‘z mijozlari sonini bir necha barobar ko‘paytirib olishga muvaffaq bo‘ldilar, biroq mijozlar soni ko‘payishi barobarida bu kompaniyalar faoliyatida texnik jihatdan zo‘riqish holatlari kuzatildi, mijozlar xizmat sifati yuzasidan bot-bot noliydigan bo‘ldilar.

Aftidan, o‘zbek rasmiylari endilikda bu muammoni “O‘zbektelekom” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi qoshidagi “O‘zmobayl” vositasida hal qilishga bel bog‘laganlar. Lekin CDMA tizimida ishlaydigan “O‘zmobayl” bu vazifani naqadar muvaffaqiyat bilan uddalay olishi hozircha noma‘lum.

O‘zbekistonda aksar uyali aloqa mijozlari GSM standartida ishlaydigan telefonlardan foydalanishi ma‘lum. Balki shundan kelib chiqqan holda, “O‘zmobayl” ham CDMA tizimiga parallel ravishda GSM standarti asosidagi xizmatni yo‘lga qo‘yar yoki butunlay GSM tizimiga o‘tar? Har holda, bu haqda 12 fevral kuni Islom Karimov tomonidan imzolangan qarorda hech narsa deyilmagan.
XS
SM
MD
LG