Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:16

Rabotakda sifatsiz "namunaviy uy"ga ko‘chirilganlar gazsiz qoldi


Namunaviy uylar loyihasi
Namunaviy uylar loyihasi
Buxoro tumanining Rabotak qishlog‘idagi bir guruh fuqaro o‘zlariga berilgan namunaviy uylar juda sifatsiz qurilganidan, gaz yo‘qligidan Ozodlikka shikoyat qildi. Namunaviy uylar qurilishida kamchiliklar borligini tan olgan mahalliy rasmiylar esa ob-havo isiganidan so‘ng ularni bartaraf qilishni va‘da qildi.

Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi Rabotak qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Ozodlikka yangi qurilgan namunaviy uylar sifati yomonligidan shikoyat qilib quyidagi mazmunda maktub yo‘lladi:

“Buxoro viloyati Buxoro tumanining Rabotak qishlog‘idagi namunaviy uy-joy qurilishi dekabr oyida Bosh vazir selektor yig‘ilishidan keyin 54 uy egalariga majburiy tarzda “uylarni qabul qildik va yashayapmiz” deb qo‘l qo‘ydirib Bosh vazirga hisobot berishdi. Aslida esa haligacha yarmini ham ichi bitmagan. Bitganlarida esa chala ishlari hali ko‘p. Gaz suv, svet yo‘q, yo‘llar qilinmagan. Birorta xonadon ko‘chib qirmagan”, deyiladi Ozodlikka kelgan maktubda.

Buxoro tumani hokimligi vakili Haydar Hurramov Ozodlik bilan suhbatda Rabotak qishlog‘ida namunaviy uylar qurish ishlari boshlanganiga ancha vaqt bo‘lganini, 2013 yilda va bu yil ham o‘nlab uylar o‘z egalariga topshirilganini aytdi.

Namunaviy uylar sifatsiz qurilgani haqidagi iddaolar asosiz ekanini urg‘ulagan Haydar Hurramov qurilish ishlarida kamchiliklar bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

- Ha, qurilish bo‘ldi va bo‘layapti. U yer (Rabotak) katta qishloq bo‘lib ketdi. Namunaviy uylar o‘tgan yil qurilib egalariga topshirildi. Bu yil qurilyapti. Uylar yaxshi qurilgan. Kim biladi yana? Kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Uylar yomon emas. Suv, svet, gaz bo‘lishi kerak. Chunki uylar shaharga yaqin. Hammasi normal niy bo‘lishi kerak, dedi Buxoro tumani hokimligi rasmiysi.

Rabotak fuqarolar yig‘ini kengashi raisi Isoq Rahmatov esa Ozodlik bilan suhbatda qishloqda qurilgan uylarning noliydigan joyi yo‘q, dedi.

- Qurilishi yaxshi bo‘lgan, hamma joyi yaxshi. Hech noliydigan joyi yo‘q. Odamlar noshukur banda. Bir kelib men bilan birga aylaning, o‘zingiz xulosa chiqarasiz. Uylar yaxshi qurilgan, suvoq qilingan, oqlangan. Xohlagan odam yana “evroremont” ham qilyapti, dedi Isoq Rahmatov.

Rabotak fuqarolar yig‘ini kengashi raisi bu yil qish faslida havo harorati juda pasayib ketgani bois namunaviy uylarda bazi qurilish ishlari tugallanmay qolganini ammo kun isiganidan keyin kamchiliklar bartaraf etilishini qo‘shimcha qildi.

- Yo‘llar asfal t bo‘lyapti. Hamma ishni qilib berishyapti bechoralar. Juda sovuq bo‘ldiku. Chala bitmagan ishlar bo‘lsa, bitkazib berib, topshiradi. Shu yilning o‘zida topshirishi kerak edi. Qattiq sovuq bo‘lib ketgani uchun bo‘lmadi, dedi Rabotak fuqarolar yig‘ini kengashi raisi.

Isoq Rahmatovga ko‘ra, Rabotak qishlog‘idagi namunaviy uylarga elektr va suv o‘tkazilgan. Lekin gaz quvurini katta avtomobil yo‘li ostidan o‘tkazish uchun ruxsatnoma kerak bo‘lgani uchun xonadonlarga gaz hali ulab berilmaganini urg‘uladi.

- Suv ulangan. Gazni katta avtomobil yo‘lining tagidan o‘tkazish kerak. Ruxsatnoma kerak ekan. Quvurlar hammasi o‘sha yergacha o‘tkazib qo‘yilgan. U yerdan o‘tkazib keyin ulash kerak xolos, dedi Rabotak fuqarolar yig‘ini kengashi raisi Isoq Rahmatov.

Ozodlikka murojaat qilgan ko‘plab o‘zbekistonliklar so‘nggi yillarda prezident topshirig‘i bilan qurilayotgan namunaviy uylarning aksariyati sifatsiz ekanligi va bu uylar qurilishi uchun kasbi quruvchi bo‘lmagan shaxslar jalb qilinayotganidan shikoyat qiladilar.

Yanvar oyida bir guruh muxlis Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Namunaviy uylarni tashkilotlar yollagan mardikorlar qurayotgani, uylarning tomiga cherepitsa o‘rniga arzon tunukalar yopilayotgani, uylarning g‘ishti esa loy bilan terilayotganidan shikoyat qilgan edi.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida o‘tgan yili qurilgan namunaviy uy egalariga ko‘ra¸ uy devorlari ërilib¸ suvoqlar uvalanib tushgani, issiqlik batareyalaridan suv oqib, pol taxtalari ketganidan shikoyat qilgan. O‘sha uylarni qurgan shirkat rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda shikoyatlarning haqiqat ekanini tan olgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasida 17 yanvar kuni qilgan chiqishida 2013 yilda qishloq joylardagi 353 ta massivda umumiy maydoni 1 million 500 ming kvadrat metr bo‘lgan 10 mingta shinam uy-joy barpo etilgani va bu maqsadlar uchun 650 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirilgani bildirgan edi.
XS
SM
MD
LG