Линклар

Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar prokuraturaga majburiy olib kelindi


Bosh prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atgan Gayane Avakyan (o‘ngda) Gulnora Karimovaning (chapda) xos yordamchisidir.

Bosh prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atgan Gayane Avakyan (o‘ngda) Gulnora Karimovaning (chapda) xos yordamchisidir.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgan “Terra Group”, “Prime Media”, “Gamma Promotion” uch nafar mas‘ul shaxsi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 17 fevral kuni e‘lon qilgan xabarnomada aytilishicha, O‘zbekiston jinoyat-protsessual kodeksining 261-264 moddalariga binoan Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyevalarni majburiy olib kelish amalga oshirilgan.

Jinoyat ishi 184-moda 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 178-modda 2-qismi (Chet el valyutasini yashirish) va boshqa ayblovlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgani aytilmoqda. Lekin prokuratura xabarnomasidan jinoyat ishi aynan O‘zbekiston prezidenti qizining fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov hamda Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyevaga nisbatan ochilganini aniq aytib bo‘lmaydi. Boshqa moddalar qaysilar ekani ham aniqlashtirilgani yo‘q.

Gulnora Karimovaning o‘zi ham 15 fevral kuni Twitter sahifasida o‘ziga yaqin shaxslar tergovga chaqirtirilganiga shama qilgan edi.

"Bugun GUVD binosiga 10 kishi "sayrga" borib keldi. Odamlarga bocim o‘tkazib ularga tazyiq qilish qachon jonlariga tegarkin?!", deya yozdi Gulnora Karimova.

Gulnora Karimovaga qarashli “Terra Group” va boshqa shirkatlar o‘tgan yilning oktyabridan beri O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilayotgan edi.

O‘shandan beri Karimova ihotalanib, tashqi dunyo bilan Twitter orqaligina muloqot qilmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ochgan jinoyat ishi figurantlaridan biri Rustam Madumarov Karimovaning fuqaroviy eri ekani aytiladi.

Rustam Madumarov Shvetsiya, Shveytsariya, Frantsiya va Latviya huquq-tartibot idoralari tergov qilayotgan jinoyat ishlarida figurant sifatida o‘tayotgani aytiladi. Ozodlik tasarrufida bu jinoyat ishlari doirasida Frantsiya huquq tartibot idoralari muzlatib qo‘ygan Parij va Sen Trope shaharlaridagi ko‘chmas mulklari Rustam Madumarov nomiga rasmiylashtirilgani to‘g‘risida hujjatlar bor.

Rustam Madumarov o‘tgan yilning sentyabrida, unga qarashi Toshkentdagi audio va video mahsulotlari bilan savdo qilgan "Nirvana" do‘konlar tarmog‘i yopilishi ortidan O‘zbekistonni tark etgani aytilgan edi. O‘shandan beri uning qayerdaligi noma‘lum qolayotgan edi. Bosh prokuratura xabarnomasidan uning hozirda Toshkentda ekani va 17 fevral kuni majburiy tarzda prokuraturaga olib kelinganini tushunish mumkin.

Karimovaning o‘zi 2013 yilning noyabrida Rustam Madumarovning hibsga olinganiga ishora qiluvchi tvit qoldirgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ochgan jinoyat ishining boshqa figurantlari Gayane Avakyan bilan Yekaterina Kyulevalar Gulnora Karimovaning xos yordamchilari sifatida sobiq Fond Forum tashkiloti doirasidagi loyihlarga rahbarlik qilishgan.

Hozirda Shveytsariya banklarida muzlatib qo‘yilgan yuz millionlab AQSh dollariga teng bank hisob raqamlari bu uch shaxs nomiga rasmiylashtirilgani aytiladi.

Shveytsariya, Shvetsiya, Frantsiya va Latviyada pul yuvish va poraxo‘rlikka doir jinoyat ishlari doirasida Gayane Avakyanning gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgani ma‘lum.

Shvetsiya Bosh prokuraturasi mamlakat hukumtiga tegishli TeliaSonera telekom shirkati O‘zbekiston kirish uchun Gulnora Karimovaga pora berishda vositachi bo‘lganini gumon qilayotgan Takilant Ltd. shirkati ham Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan.

Ozodlik tasarrufidagi boshqa hujjatlarga ko‘ra, Shveytsariya Federal prokuraturasi tergov qilayotgan pul yuvishda Yekaterina Klyuyevaning ham aloqasi borligi gumon qilinmoqda.

Shveytsariya prokuraturasi 2012 yilning iyul oyida O‘zbekistonning ikki fuqarosini pul yuvish jinoyatiga aloqadorlikda ayblab hibsga olishi ortidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida muzlatilgan bank hisob raqamlari va bank qutilaridagi pul va brilliantlar ham, Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlrga ko‘ra, Gulnora Karimovaga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.

O‘shanda Gayane Avakyan ham Shveytsariya huquq-tartibot idoralari qo‘liga tushib qolishiga sal qolgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG