Линклар

O‘zbek kino ustasi, toshkentlik 40 yashar Bahodir Yo‘ldoshev dunyo kino sanoati markaziga aylangan Hollivudda badiiy film suratga olgan ilk o‘zbek rejisseri bo‘ldi. “O‘lim farishtasi” deb nomlangan film o‘tkir syujetli jangovar drama janrida olingan. Rejissyor bu filmni suratga olish uchun qariyib 3 million dollar mablag‘ sarflaganini aytdi.

Ozodlik bilan qisqa suhbatda Bahodir Yo‘ldoshev Hollivudda kino olayotgan ilk o‘zbek bo‘lganidan faxrlanishini bildirdi:

- Hollivudda kino olgan ilk o‘zbekligim rost. Lekin mendan oldin bu Hollivudda Timur Bekmambetov ham kino olganini aytib o‘tish kerak. Timur aka qozoq bo‘lgani bilan o‘zimizning O‘zbekistondagi san‘at institutida o‘qigan. “Ilhom” teatrida ishlagan. Toshkent ijodiy maktabi vakili sifatida mendan oldin Timur Bekmambetov Hollivudga yo‘l solganini aytishim kerak, - deydi Bahodir Yo‘ldoshev.

Suhbatdoshga ko‘ra, shu kunlarda so‘nggi sayqal berilayotgan “O‘lim farishtasi” filmi giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashayotgan maxsus xizmatlar xodimining vatan ravnaqi yo‘lidagi shiddatli mujodalasi haqida.

Butun dunyo kinematografiyasidagi filmlar ma‘lumotlarini aks ettirib boruvchi imdb.com saytida bu kinoasar kriminal va drama janriga kiritilgan.

filmga berilgan qisqacha ta‘rifda ushbu kino maxsus xizmatlarning qahramonligi haqida: “Maxsus xizmat guruhining komandiri narkotujjorlar to‘dasiga qarshi kurashib, xotinidan ayriladi, uning bolasini esa garovga olishadi”.

Byudjeti deyarli 3 million AQSh dollarini tashkil etgan bu filmning asosiy sahnalari bir oy mobaynida AQShda, qolgan 20% sahnasi Xorazm va Toshkentda suratga olingan.

Rejisser Bahodir Yo‘ldoshev ishlagan “O‘lim farishtasi” (Angel of Death) filmining treyleri internetga qo‘yilgan.

filmning dastlabki variantini tomosha qilgan moskvadagi “Charli” studiyasi rahbari, taniqli kinochi Xudoybergan Yusupov nazarida kinoasar yuqori estetik saviyada suratga olingan.

“O‘lim farishtasi”da amerikalik, o‘zbek, qozoq va rus aktyorlar ishtirok etgan.
Ular orasida eng yaxshi tanilganlari Armand Assante, Igor Savochkin, Maksim Akbarov, Sanjar Madiyev va Ulug‘bek Qodirovlar ekani aytiladi.


Taxtapuldan chiqqan kinochi

Toshkentning eski shahar mavzeidagi “Taxtapul” mahallasida tug‘ilgan Bahodir kichkinaligida rassom bo‘lishga havaslandi.

O‘g‘lining rassomlikka moyilligini ko‘rgan ona Bahodirni Toshkentdagi rassomlik internatiga berdi.

Bahodir oltinchi sinfga qadar rassomlik sirlarini taniqli ustozlardan o‘rgandi. Ammo matematika fanidan past baho olgach, internatda boshqa o‘qishni istamadi va rassomlikdan ko‘ngli sovudi.

O‘g‘lining san‘atkor bo‘lishini istagan ona uni Toshkent Xoreografiya bilim yurtiga o‘qishga berdi. 3 yil raqs maktabida o‘qigan Bahodir o‘rta ta‘limni pirovardida tsirk san‘ati bilim yurtida tugatdi.

Taqdir taqozosi bilan bir-ikki yil Militsiya akademiyasida ham o‘qigan Bahodirning taqdiri unga otasi videokamera sovg‘a qilganidan keyin butkul o‘zgarib ketdi.

Bahodir 1996-yilda bir havaskor sifatida ilk kinosini suratga oldi. Keyin esa o‘sha kezda mamlakatda ilk qadamlarini tashlayotgan klipmeykerlik sohasi Bahodirni o‘z quchog‘iga oldi.

O‘tgan yillar davomida Bahodir Yo‘ldoshev usta klipmeyker sifatida dong chiqardi. Keyin esa u badiiy kinoni suratga olishga jazm qildi.

Kimsasiz oroldagi so‘nggi yapon samurayi haqida hikoya qiluvchi “Shima” filmi san‘atkor uchun katta kinoga yo‘llanma bo‘ldi. 2007 yilda bu film 29-bor o‘tkazilgan Xalqaro Moskva kino festivalida namoyish qilindi.

film taqdimotida Ozodlik bilan suhbatlashgan Bahodir Hollivudni zabt qilish orzusida ekanini bildirgan edi.

Oradan 7 yil o‘tib Bahodirning orzusi ushladi. Toshkentning Taxtapulidan chiqqan kinochi Hollivudda kino suratga olgan ilk o‘zbek sifatida tarixga kirdi.
XS
SM
MD
LG