Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:31

“O‘zmobayl” MTSning chastota resurslari bazasini egallaydi


“O‘zbektelekom” hissadorlik shirkatining “O‘zmobayl” filiali bazasida tashkil etilayotgan yangi milliy mobil aloqa operatori avval “O‘zdunrobita” (MTS-O‘zbekiston) foydalanib kelgan chastota resurslari bazasini egallaydi. Ayni paytda “O‘zbektelekom”shirkati tassarufiga o‘tkazilgan “O‘zdunrobita”ning asosiy mulkining taqdiri noma‘lum qolmoqda.

“O‘zbektelekom” hissadorlik shirkatining “O‘zmobayl” filiali bazasida tashkil etilayotgan yangi milliy mobil aloqa operatori GSM tarmog‘i “O‘zdunrobita” foydalanib kelgan chastota resurslari bazasida tashkil etiladi.

Buni tasdiqlagan “O‘zbektelekom” shirkatining o‘zini tanishtirmagan mas‘uli ayni paytda “O‘zdunrobita”ning shirkat tasarrufiga o‘tkazilgan mol-mulkiga daxl qilinish yoki qilinmasligi haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

Hozir CDMA tizimida ishlayotgan “O‘zmobayl” uyali aloqa xizmati milliy mobil operatoriga aylangach, 2017 yil oxirigacha GSM standarti bazasidagi mobil aloqa tarmog‘ini joriy etishi aytilmoqda.

Uch marta kimoshdi savdosiga qo‘yilib, xaridor topilmagan “O‘zdunrobita”ning barcha mol-mulki ekspluatatsiya qilmaslik sharti bilan “O‘zbektelekom” tasarrufiga o‘tkazilgan edi.

Ayni paytda Rossiyadagi MTS shirkati O‘zbekistondagi qariyb bir milliard dollarlik mulkini qaytarib olish va O‘zbekiston bozoriga qaytish uchun kurashni davom ettirayapti.

18 fevral kuni MTS shirkatining Moskvadagi bosh ofisi rasmiysi “O‘zdunrobita” chastota resurslarining “O‘zmobayl”ga o‘tkazilishi bilan bog‘liq xabarni izohlashdan tiyilib turishni ma‘qul topishganini aytdi.

“Bu o‘ta nozik masala. Shuning uchun bu mavzu borasida hozircha hech qanday izoh bermaslikka qaror qildik”, dedi MTS rasmiysi.

2012 yilning iyulida MTS faoliyati to‘xtatilishi oqibatida mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan "O‘zdunrobita"ning 10 millionga yaqin mijozi bir kunda aloqasiz qolgan edi.

Rasmiy Toshkent “O‘zdunrobita”ni qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblab, litsenziyasini qaytarib olgan hamda shirkatni 600 million AQSh dollaridan ziyod moddiy zarar keltirganlikda ayblagan.

Toshkent hukumatini O‘zbekistondagi mo‘may daromad keltiradigan bizneslarni tortib olishga urinishda ayblagan MTS shirkati o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad qilgan va Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markaz (ICSID)ga O‘zdunrobita litsenziyasining bekor qilinishi yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

MTS shirkatining 1,5 yildan buyon O‘zbekiston uyali aloqa bozoriga qaytish urinishlari samarasiz bo‘layapti.

Aksar tahlilchilar O‘zbekiston prezidentining mamlakatda yangi milliy aloqa operatorini tashkil qilish haqidagi joriy yil 12 fevraldagi maxsus qaroridan so‘ng MTSning qaytishidan umid uzilganini ta‘kidlamoqda.

Yangi milliy aloqa operatori joriy yil oxirigacha Toshkent shahrini, 2015 yilda barcha viloyat markazlarini, 2017 yilgacha esa butun O‘zbekistonni qamrab olishi rejalashtirilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 19 million kishi uyali aloqadan foydalanadi. Bu mijozlarga Beeline va Ucell GSM-operatorlari hamda Uzmobile va Perfectum Mobile CDMA-operatorlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG