Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:22

Andijonlik 33 yashar ayol erkakka aylanmoqchi


Andijonlik 33 yashar ayol erkakka aylanish istagida ekani va bu orzusini amalga oshirish uchun nima qilishni bilmayotganini aytib, Ozodlik muxbiriga murojaat qildi.

Bundan ikki oy oldin O‘zbekistondan Rossiyaga kelib, qurilish oshxonasida ishlayotgan Nodira (ismi almashtirilgan) o‘z jinsiy moyilligi haqidagi hikoyani Ozodlik muxbiriga aytib berdi.

Suhbat avvalida Nodira o‘zining ayol bo‘lib tug‘ilganidan afsuslanishini va jarrohlik yo‘li bilan erkakka aylanish orzusida kunni kech qilayotganini aytadi:

- Jinsimni o‘zgartirmoqchiman. Faqat shunday amaliyot qayerda qilinishini bilmayman. Pulidan hijolat bo‘lmanglar. Sog‘ligim uchun pulimni ayamayman¸ deya gap boshladi Nodira.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u kichkinaligidayoq qo‘g‘irchoq o‘ynashni emas, balki o‘g‘il bollalar o‘ynagan o‘yinlarni sevgan:

- Qo‘g‘irchoq emas balki mashina o‘ynagim kelardi. Qizlarni yaxshi ko‘rib qolaverardim. Bu, ayniqsa, sakkizinchi sinfga o‘tganimdan keyin ma‘lum bo‘ldi¸ deydi jinsini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan Nodira Ozodlik bilan suhbatda.

O‘rta maktabni tugatgach Nodira o‘qishni davom ettirmadi. 19 yoshida uni erga berishdi. Uch yil o‘tib, ajrashganini aytgan Nodira, uch yillik turmushi azob va uqubatdan iborat bo‘lganini eslaydi:

- Erkak kishi yoqmaydi, deb betiga aytardim. U bilan deyarli jinsiy hayot kechirmadim. Men bilan qo‘shilmoqchi bo‘lib yonimga kelsa, urush chiqarar edim. Ishqilib o‘zimga yaqinlashtirmaslikka harakat qilganman. Uch yil yashab ajrashdik¸ deydi Nodira.

Suhbatdosh o‘z ichida erkak bo‘lish istagi¸ erkakka aylanish orzusi borligini aniq tiniq anglab yetganida o‘ttiz yoshga borib qolgan edi:

- Tushlarimda ayol bilan jinsiy aloqa qilib chiqaman. Lekin o‘ngimda bunday ishni qilgan emasman. Lekin qizlarni sevaman. Bittasini hayolimda sevib yurgan edim¸ erga tegib ketdi. O‘zbek san‘atkorlaridan Dilnoza Qubayevani hayolan sevaman. Lekin ularni ichimda sevib¸ tushimda seks qilib yuraveraman. Ularga yurak yutib seni sevaman¸ birga yashaylik deya olmayman. Qanday aytaman¸ men ayol kishi bo‘lsam. Shuning uchun ham jinsimni jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan almashtirib bitta go‘zal qizga uylanib olmoqchiman¸ shunga yordam beringlar, deydi Nodira.

Ozodlik Nodiraning muammosi yuzasidan Toshkentdagi xususiy klinikalardan birining Larisa ismli ruhshunosiga murojaat qildi.

Erkakka aylanmoqchi bo‘lgan Nodira muammosini sabr va alohida hamdardlik bilan tinglagan ruhshunos, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bu yuzadan ba‘zi fikrlarni bildirdi:

- Nodira bilan bog‘liq holatning ruhiy shikast ekanligini taxmin qilamiz. Bu holat chuqurlashmagan bo‘lsa, ruhshunos ko‘magida bartaraf qilinishi mumkin. Vujuddagi gormonlar muvozanati buzilishi ham inson miyasida o‘z jinsidan nafratlanish hissini yuzaga chiqarishi mumkin.

Agar tibbiyot ko‘magida gormonlar muvozanati tiklansa, muammoga barham beriladi. Tibbiyotda “yolg‘on lesbianlik” degan hodisa bor. Odam o‘zini lesbian deb o‘ylaydi, ammo aslida u lesbian bo‘lmaydi¸ deydi ruhshunos.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mijoz ruhiy uslub bilan davolanmaydigan taqdirda jarrohlik yo‘li bilan jinsini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Toshkent Tibbiyot akademiyasi mutaxassislari, Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekistonda jinsini o‘zgartirish amaliyotiga qonunan izn berilmasligini aytishdi.

Qirg‘iziston Milliy gospitali vrachi, urolog Zufar Hakimxo‘jayevning radiomiz muxbiriga bildirishicha, 2013 yilning oktyabrida toshkentlik yigitning ayolga aylantirish amaliyoti o‘tkazilgan.

Amaliyotda shaxsan qatnashgan urologning aytishicha, sobiq yigit va endilikda ayol o‘z vatani – O‘zbekistonda pasportini o‘zgartirishga ham erishgan.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Bishkekda jinsini o‘zgartirgan toshkentlik 25 yashar yigit Ozodlik hikoyasini yoritgan angrenlik germafroditdan farq qiladi, u transseksualdir. Bundaylar jisman erkak (yoki ayol) bo‘ladi, lekin ruhan o‘zlarini ayol (yoki erkak) deb biladi.

Toshkentdagi xususiy klinika ruhshunosi Larisa jinsni o‘zgartirishning boshlang‘ich qismi O‘zbekistonda o‘tkazilib¸ bevosita jarroxlik amaliyoti chet ellardagi klinikalardan birida o‘tkazilishi imkoni borligini bildirdi.

O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi idorasi qoshidagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mita ekspertlari bilan uchrashuv chog‘ida mamlakatda lesbianlar jinoiy javobgarlikka tortilmasligini bildirgan edi.

Ozodlik radiosi 2013 ning dekabrida ham erlik, ham ayollik jinsiy belgilari bilan tug‘ilgan 42 yashar angrenlikning og‘ir taqdiri to‘g‘risida hikoya qilgan edi.

Bishkeklik vrachlarga ko‘ra, jinsini o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar orasida erkaklar ko‘proq va ularni ayolga aylantirish osonroq ekanligi bilan izohlanadi.

Vikipediyaga ko‘ra, jinsni o‘zgartirish bo‘yicha dunyodagi eng birinchi amaliyot 1931 yili o‘tkazilgan.

Shunisi qiziqki, jinsni o‘zgartirish amaliyotlari Eronda keng yoyilgan. Jinsni o‘zgartirish amaliyotlariga Eron Islom respublikasi rahbari Oyatulloh Xumayniy 1980 yili maxsus fatvo bilan ruxsat bergan.

Shu kunda Erondagi sug‘urta shirkatlari jinsni o‘zgartirish amaliyotidan o‘tgan bemorlar sarf-harajatlarini to‘liq qoplaydi. Bundan tashqari davlat ham jarrohlik amaliyoti harajatlarining bir qismini ko‘taradi.

Ma‘lumotlarga qaraganda, mazkur amaliyot narxi 10 ming dollardan 40 ming dollargachadir.
XS
SM
MD
LG