Линклар

logo-print

Gulnora Karimovaga yaqin 10 shaxsga nisbatan yanada og‘irroq ayblar qo‘yildi


Bugun O‘zbekiston prokuraturasi tergov qilayotgan ayni shaxslar ikki yil muqaddam Shvetsiya jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruvda ayni jinoyatlarda ayblangan edi.

Bugun O‘zbekiston prokuraturasi tergov qilayotgan ayni shaxslar ikki yil muqaddam Shvetsiya jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruvda ayni jinoyatlarda ayblangan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy saytiga ko‘ra¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 261-264 moddalariga binoan surishtiruv idoralariga majburiy ravishda olib kelingan Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyeva va boshqalarga nisbatan tergov davom etmoqda. 19 fevral kungi rasmiy bayonotga ko‘ra¸ tergovga tortilgan jami 10 nafar shaxsga qo‘yilayotgan ayblar yoniga endi noqonuniy daromadni legalizatsiya qilish kabi og‘irroq jinoyatlar ham qo‘shilgan.

Tergov davom etadi...


“Prokuratura organlari tomonidan aldov va noqonuniy operatsiyalar vositasida O‘zbekiston ichkarisi va xorijda turli soxta tizimlarni rasmiylashtirish orqali noqonuniy daromad olish va jinoiy daromadlarni legalizatsiya qilish¸ soliq to‘lashdan bosh tovlash¸ xorijiy valyutani bekitish va uni mamlakat tashqarisiga olib chiqishda ayblanayotgan shaxslar guruhiga nisbatan ochilgan jinoyat ishini tergov qilish davom etmoqda.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan borayotgan tergov jarayonining (tergov amaliyotlari 10 nafar shaxsga nisbatan olib borilmoqda) ko‘rsatishicha¸ davlat va alohida kompaniyalarga o‘ta katta miqdordagi ziyon yetkizilgan.

Tergov natijalari yuzasidan javobgarlikning muqarrarligi va qonun oldida hammaning barobarligi printsipi kafolatlanadi”¸ deyiladi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy saytida 19 fevral kuni e‘lon qilingan xabarnomada.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 17 fevral kuni Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgan “Terra Group”, “Prime Media”, “Gamma Promotion” uch nafar mas‘ul shaxsi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini e‘lon qildi.

Mazkur xabarnomada mazkur jinoyat ishining 184-moda 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 178-modda 2-qismi (Chet el valyutasini yashirish) va boshqa ayblovlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgani aytildi.

Prokuraturaning 17 fevral kungi xabarnomasida Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov¸ Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyeva nomlari tilgan olingan va bu jarayonda boshqa shaxslar va boshqa ayblovlar ham mavjudligiga ishorat qilingan edi.

19 fevral kuni bayonotda¸ shaxslar kimligiga oydinlik kiritilmagan holda¸ ularning 10 nafar ekani¸ hamda qo‘yilayotgan boshqa ayblar qayd etildi.

O‘zbekiston prokuraturasi bayonotlarida hozircha bu tergov jarayoniga Gulnora Karimovaning qanchalik aloqadorligiga oid biror ma‘lumot keltirilmagan. Og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan 10 nafar shaxs ichida prezident to‘ng‘ichining bor-yo‘qligi noma‘lumligicha qolmoqda. Shuningdek¸ 17 fevral kuni kechqurun Yakkasaroy tumanidagi pent hauzida Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzayev sanktsiyasi asosida tintuv o‘tkazilgan Karimovaning ayni kunlarda qayerda ekaniga oid biror ishonchli ma‘lumot yo‘q.

Gulnora Karimovaning o‘zi 15 fevral kuni Twitter sahifasida o‘ziga yaqin 10 shaxsning shahar Ichki ishlar boshqarmasiga tergovga chaqirtirilganini yozgan edi.

Dado¸ Gayane¸ Katya va boshqalar....


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ochgan jinoyat ishi figurantlaridan biri, o‘tmishda "Dado" guruhi solisti bo‘lgan Rustam Madumarov Karimovaning fuqaroviy eri ekani aytiladi.

Rustam Madumarovning Shvetsiya, Shveytsariya, Frantsiya va Latviya huquq-tartibot idoralari tergov qilayotgan jinoyat ishlaridagi asosiy figurant ekani aytiladi. Ozodlik tasarrufida bu jinoyat ishlari doirasida Frantsiya huquq tartibot idoralari muzlatib qo‘ygan Parij va Sen Trope shaharlaridagi ko‘chmas mulklari Rustam Madumarov nomiga rasmiylashtirilgani to‘g‘risida hujjatlar bor. Ayni paytda¸ Hong-Kong¸ London va Moskvadagi Karimova xarid qilgan uylarning ham aynan Rustam Madumarov nomiga rasmiylashtirilgani aytiladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ochgan jinoyat ishining boshqa figurantlari Gayane Avakyan bilan Yekaterina Kyulevalar Gulnora Karimovaning xos yordamchilari sifatida sobiq Fond Forum tashkiloti doirasidagi loyihalarga rahbarlik qilishgan.

Hozirda Shveytsariya banklarida muzlatib qo‘yilgan yuzlab million AQSh dollariga teng bank hisob raqamlarining ana shu uch shaxs¸ qolaversa Karimova atrofidagi boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgani aytiladi.

Shveytsariya, Shvetsiya, Frantsiya va Latviyada pul yuvish va poraxo‘rlikka doir jinoyat ishlari doirasida Gayane Avakyan katta miqdordagi korruptsiya va pul yuvishda gumonlanmoqda.

Shvetsiya Bosh prokuraturasi mamlakat hukumtiga tegishli TeliaSonera telekom shirkati O‘zbekiston kirish uchun Gulnora Karimovaga pora berishda vositachi bo‘lganini gumon qilayotgan Takilant Ltd. shirkati Gibraltarda Gayane Avakyan nomiga rasmiylashtirilgan.

Ozodlik tasarrufidagi boshqa hujjatlarga ko‘ra, Shveytsariya Federal prokuraturasi tergov qilayotgan pul yuvish amaliyotlarida Yekaterina Klyuyeva nomi ham qayd etiladi.

Shveytsariya prokuraturasi 2012 yilning iyul oyida ikki O‘zbekiston fuqarosi Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovni pul yuvish jinoyatiga aloqadorlikda ayblab hibsga olgan edi. Mazkur jinoyat ishi doirasida muzlatilgan hisob raqamlari va bank qutilaridagi pul va brilliantlarning¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaga tegishli ekani taxmin etilmoqda.
XS
SM
MD
LG