Линклар

logo-print
Jizzax shahrida yashovchi fuqaro ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan nafaqaga “limit” qo‘yilgani bois yaqinda tug‘ilgan farzandi uchun nafaqa ololmayotganidan shikoyat qildi. "Limit" borligini tan olgan rasmiylar mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand, deb e‘tirof etilgan oilalargina nafaqa va moddiy yordamning faqat bir turini olishga haqli ekanini aytmoqda.

Jizzax shahrining "Ittifoq" mahallasida yashovchi Raimjon Odilov o‘tgan yil dekabr oyida tug‘ilgan farzandi uchun davlat tomonidan beriladigan nafaqani ololmayotganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

- 22 dekabrda farzandli bo‘ldim. 27 dekabrda suyunchi pulini olish uchun ariza topshirdim. Orqasidan bir oy yugurib oldim. Keyin Ittifoq mahallasiga bordim. Yordam puli kerak bo‘lyapti, yetishmovchilik bo‘lyapti, deb aytdim. Yo‘q, biz qabul qilmaymiz. May oylariga kelsangiz qabul qilishimiz mumkin, deyishdi. Nima uchun, deb so‘rasam, limit ko‘payib ketgan, ma‘muriyatdan ariza qabul qilmanglar deb aytishyapti, deyishdi, deydi Raimjon Odilov.

24 yashar Odilov bir yildan beri ishsiz qolgani, turmush o‘rtog‘i uy bekasi ekanini va ular ijaraga olingan uyda yashayotgani uchun yordam puliga muhtoj ekanini aytdi.

19 fevral kuni mahalla idorasiga borib qaytgan Odilov mahalla idorasida ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan ijtimoiy nafaqalar uchun arzizalar qabul qilinmasligi haqidagi e‘lon hali ham osig‘liq turganini aytdi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax shahar bo‘limi raisi vazifasini bajaruvchi Bahrom Meliyev Ozodlik bilan suhbatda ehtiyojmand oilalarga nafaqalar limiti kamaytirilayotganini tan oldi.

- Limit, masalan, "Ittifoq" mahallasida ikki yoshgacha bolalar nafaqasini 100 ta oila olsa, o‘shani kesib tashlayapti. Borgan sayin kamaytirish maqsadida. Masalan, o‘tgan yil 100 ta oila bo‘lsa, bu yil 90ta oila qilinayapti shahar moliya bo‘lmidan.

10 tasini kesib tashlayapti. Imkon qadar borib tekshirib haqqoniy, aynan kam ta‘minlangan oilalarga berilsin, degan maqsadda shunday qilinyapti, dedi Bahrom Meliyev.

Jizzax shahar ijtimoiy ta‘minot bo‘limi, ya‘ni, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi xodimi Hasan Ergashev Ozodlik bilan suhbatda o‘z tashkiloti fuqarolarga faqat yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun suyunchi pulini to‘lashini, nafaqalar esa mahalla fuqarolar yig‘ini orqali berilishini aytdi.

Unga ko‘ra, bir marta to‘lanadigan suyunchi puli eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida qilib belgilangan.

- Suyunchi bir martalik nafaqa hisoblanadi. Farzand tug‘ilganidan keyin 6 oy davomida bizga murojaat qilsangiz, suyunchi pulini beramiz. Hozirgi kunda suyunchi puli 183 ming so‘mni tashkil qiladi. Agar ishlasangiz, ish joyizdan olasiz. Ishlamasangiz biz tomondan pochta orqali beriladi, dedi Jizzax shahar ijtimoiy ta‘minot bo‘limi xodimi.

Nafaqa “limiti” butun respublika bo‘ylab kamaytirilmoqda


O‘zbekistonning boshqa hududlarida yashovchi fuqarolar ham bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hammaga ham berilmayotganidan shikoyat qilib keladi.

Toshkentlik Zarifa opa Ozodlik bilan suhbatda hamshira bo‘lib ishlaydigan 26 yashar qizi ikki farzandiga hech qachon nafaqa puli olmaganini aytdi.

- Oldin nafaqa puli ishlagan va ishlamagan ayolarga, hammaga bir xil berilar edi. Qizim “dekretniy va suyunchi” pulini olgan xolos. Oldingi “posobiya”lar yo‘q, berilmayapti. Nimaga ekanini bilmayman. Pulni ekonom qilishadimi, bilmayman, deydi toshkentlik Zarifa opa.

“Mahalla” xayriya jamg‘armasi Jizzax shahar bo‘limi raisi Bahrom Meliyev Ozodlik bilan suhbatda kam ta‘minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan amalga oshirilayotgani va qonun butun Respublikaga talluqli ekanini aytdi.

- Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qaroriga 1-ilova. Bu “Kam ta‘minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom. 44-son qaror bilan tasdiqlangan birinchi ilova. O‘sha nizomning oltinchi bandida fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand deb e‘tirof etilgan oila nafaqa va moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga egadir, deyilgan.

Ilgari bitta oilada ham ikki yoshli bola, ham ayasi, ham 14 yoshgacha bo‘lgan bola moddiy yordam olardi. Hozir o‘shani faqat bir turini oladi. Vazirlar mahkamasining 44-son qarori butun respublikaga talluqli, dedi Bahrom Meliyev.

“Mahalla” jamg‘armasi rasmiysiga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa yoki moddiy yordam ariza beruvchining doimiy yashash joyi bo‘yicha mahalliy fuqarolar yig‘ini tomonidan tuzilgan 15 kishilik komissiya xulosasi asosida beriladi.

Meliyev nafaqalar “limit”ini kamaytirishdan maqsad moddiy yordam faqat ehtiyojmand oilalargagina berilishini ta‘minlash va byudjet mablag‘ini tejashdan iborat ekanini aytdi.

- Maqsad odamlarni boqimandalik fikridan yiroq qilib, yordamni faqat ehtiyojmand oilalargagina berish. Hozir bu har uch oyda tekshirilyapti. Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqan. Byudjet o‘zimizniki, davlatimizniki. Shuning uchun nazoratni ham davlat qilyapti, dedi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax shahar bo‘limi raisi.
XS
SM
MD
LG