Линклар

Pussy Riot pank guruhining yaqinda qamoqdan ozod qilingan a‘zolari Nadejda Tolokonnikova va Mariya Alyoxinalar Sochida kazaklar hujumiga uchragani, Ukraina hodisalari bilan bir o‘rinda, Internet blogosferasida eng muhokama etilayotgan mavzuga aylandi. Kazaklar “Putin senga yurtni sevishni o‘rgatadi!” klipini yozib olayotgan to‘polonchi qizlarni tayoq, qamchi va qalampir gaz yordamida to‘xtatib qoldi.

Tolokonnikovaning o‘z Twitter mikroblogida yozishicha, pank guruhi Sochida Qishki Olimpiada o‘yinlariga bag‘ishlangan “Sochi-2014” banneri ostida prezident Vladimir Putinga qarshi performans o‘tkazayotgan paytda kazaklar hamlasiga uchragan.

Olti nafar guruh ishtirokchisi dengiz porti oldidagi yozuvga jurnalistlar qurshovida yaqinlashganida, 20 yaqin kazak kiyimidagi erkak "Putin seni Vatanni sevishga o‘rgatadi!", deb baqirib, ularga tashlandi.

Kazaklar guruh a‘zolarini shavqatsizlarcha qamchiladi, yuzlariga qalampir gaz sepdi, deya ta‘kidladi Tolokonnikova. Alyoxina o‘z Twitter sahifasida qamchidan qavargan tanasi, sindirilgan tirnog‘i suratini e‘lon qildi. Hodisada Tolokonnikovaning eri Pyotr Verzilovning ham jarohatlangani aytilmoqda.

Pussy Riot guruhining ikkita a‘zosi Moskvadagi Iso Masih ibodatxonasida o‘tkazgan va katta shov-shuv ko‘targan “Xudoyim, Putinni haydab yubor!” birinchi “musiqiy klipi” tufayli deyarli 2 yil qamoqda o‘tirib chiqdi. Dekabrda ozodlikka chiqqan Mariya Alyoxina va Nadejda Tolokonnikovalarning Sochiga kelganiga bir necha kun bo‘ldi.

Ammo ular allaqachon mahalliy DAN xodimlari tomonidan bir necha marotaba ushlandi, Sochi politsiyasi ularni hatto o‘g‘irlikda ayblanib, qo‘lga olinishga ulgurdi. Guruh a‘zolari xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tinimsiz nazorat ostiga olinganini gapirmoqda.

Rus blogosferasida jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘layotgan hodisa joyidan olingan videotasvirdan politsiya xodimlari kazaklarning qizlarni shafqatsizlarcha kaltaklanayotganini aralashmasdan kuzatib turganini ko‘rish mumkin.



Pankchi qizlar “Putin senga yurtni sevishni o‘rgatadi!” qo‘shig‘ini “Bolotnaya ishi” bo‘yicha qamoqqa tashlangan muxolifatchi mahbuslar himoyasiga, Rossiyada so‘z va huquq erkinliklari toptalayotganiga bag‘ishlaganini aytmoqda.

An‘anaviy rus guruhlari hisoblangan kazaklar rasmiylar tomonidan xavfsizlikni ta‘minlash ishlariga jalb qilingan.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Aleksandr Tkachyov voqeaga izoh berib, “Voyna” va Pussy Riot guruhlari qarashlarini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi. Ayni paytda gubernator janjal sabablarini tergov qilishni so‘radi.

Bundan oldinroq, Milliy Olimpiada Qo‘mitasi vakili Mark Adams Pussy Riot ning Sochida o‘tkazilajak har qanday siyosiy aktsiyasini “nomaqbul”, deb atadi.

Ayni paytda, Sochidagi “Axloqiy obraz” talabalar birlashmasi shaharga kelgan serjanjal guruh a‘zolarini himoya ostiga olishini bildirdi.

Tortishuvlarda ikki qarama-qarshi tomonga ajralgan Pussy Riot tarafdorlari va muxoliflari bir narsada yakdil fikrga keldi:
Sochi kazaklari va politsiyaning bu hatti-harakatlari dunyoda guruh faoliyatiga so‘nib borayotgan qiziqishni yanada oshirib yubordi.
XS
SM
MD
LG