Линклар

Yeri olib qo‘yilgan fuqarolarga tovon to‘lamagan hokimliklar tanqid qilindi. Uyidan ko‘knori topilgan 63 yoshli ayol jazolandi. Surxondaryodagi sharsharada millionlab sumalaklar hosil bo‘ldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

“Olib qo‘yilgan yerlar uchun fuqarolarni rozi qilmagan hokimliklar tanqid qilindi”

Adliya vazirligi yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplab bermagan hokimliklarni tanqid qildi (“Inson va qonun”, 18 fevral).

Bu kabi qonunbuzarliklar Buxoro va Qo‘qon shaharlari, Olot, Zangiota, Beshariq, Rishton tumanlarida kuzatilgan.

Tekshiruvlar jarayonida ko‘plab hokimliklar huquqiy me‘yorlar borasida qonun talablarini buzayotgani ham aniqlangan. Masalan, 2013 yilda Namangan viloyatida 61 ta, Buxoro viloyatida 47 ta, Surxondaryo viloyatida 22 ta, Qashqadaryo viloyatida 18 ta, Jizzax viloyatida 9 ta, Farg‘ona viloyatida 7 ta normativ qaror adliya ekspertizasidan o‘tkazmay qabul qilingan va ijroga tatbiq etilgan.

“Hokimliklar tomonidan qarorlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazmasdan qabul qilinishi, o‘z navbatida, jiddiy xato va kamchiliklarga sabab bo‘lmoqda”, deydi Adliya vazirligi rasmiysi Murodilla Tursunmetov.


“11 ayolni zo‘rlab, so‘ng o‘ldirgan ikki qotil umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qotillik jinoyatida ayblangan Abduseit Ormanov va Polat Pardaliyevlarni umrbod ozodlikdan mahrum etdi (“Huquq”, 20 fevral).

Ikki shaxs 2011-2012 yillarda Toshkent shahri va viloyatida 7 nafar, Qozog‘iston Respublikasi hududida esa 4 nafar – jami 11 ayolning joniga qasd qilgan.

Ikki qotil “Mersedes Benz 180-C” avtomobilida kirakash qiyofasida yurib, yolg‘iz ayollarni kimsasiz joyga olib borib zo‘rlagan, so‘ng o‘ldirib, ularga tegishli qimmatbaho buyumlarni o‘zlashtirgan.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Azizbek Nazarovga ko‘ra, ushbu jinoiy ish yuzasidan 2000 dan ortiq shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan, 500 dan ortiq “Mersedes Bents” egalari jinoyatga aloqadorlik yuzasidan tekshirilgan, uyali aloqa operatorlariga qarashli 50 mingdan ortiq raqam tahlil qilingan.


“Isitish tizimi monopol idora qo‘lida qolmoqda”

Qishning o‘ta sovuq kunlarida Toshkent shahri Qorasuv dahasidagi ko‘p qavatli uylarda isitish tizimi ko‘ngildagidek ishlamadi (“Noviy vek”, 20 fevral).

Toshkentlik Muhammadali Xushvaqtovga ko‘ra, issiqlik idorasi isitish va issiq suv uchun fuqarolardan otning kallasidek haq olmoqda, ammo xizmat sifati peshmash-pesh undirilayotgan to‘lovga mos emas.

Gazetaning yozishicha, monopol mavqega ega bo‘lgan issiqlik idorasi zimmasidagi mas‘uliyatni bajara olmayotir. Buning ustiga, issiqlik idorasi ko‘p qavatli xonadon egalariga qo‘shimcha isitish tizimi ishga tushirishni taqiqlab qo‘ygan. Bog‘chalarda ham qo‘shimcha isitish moslamalaridan foydalanish man etilgani sababli bolalar sovuq kunlarda xonada qishlik kiyimda o‘tirishga majbur bo‘lgan.

“Issiqlik tizimi xodimlari, umuman, barcha monopol idoralar hadeb mo‘may pul yig‘avermay, issiqlik va elektr energiyasini bir maromda ta‘minlashsa bo‘lmaydimi? Yo ular nima bo‘lsa ham pul yig‘ish payiga tushib qolganmi?” deya kommunal idoralarni savolga tutadi nashr.


“Uyidan ko‘knori chiqqan 63 yoshli keksa ayol jazolandi”

Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi, 63 yoshli Qunduzxon To‘xtaxo‘jayeva uyidan ko‘knor boshog‘i va urug‘i chiqqani uchun jazolandi (“Diyonat”, 20 fevral).

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudi raisi Ozodbek Ziyavitdinovga ko‘ra, ichki ishlar xodimlari tozalash tadbiri doirasida uylarni tekshira turib, dastlab onaxondan gumonsirashmagan. Ammo kutilmaganda To‘xtaxo‘jayevaning uyidan yarim kiloga yaqin ko‘knori topilgan. Keksa ayolga qanday jazo tayinlangani ochiqlamagan. Qayd etilishicha, 63 yoshli Qunduzxon To‘xtaxo‘jayeva besh farzandning onasi va bir etak nabiraning buvisi bo‘lgan.


“Toshkentda “Mersedes” avtobusi bilan to‘qnashuvda bir kishi nobud bo‘ldi”

16 fevralь kuni soat 18:30 larda Toshkent shahri Chortoq ko‘chasida 48-yo‘nalishda harakatlanayotgan “Mersedes Bents” avtobusi “Damas” avtomashinasi bilan to‘qnashib ketdi (“Poytaxt transporti”, 21 fevral).

12-avtobus saroyiga tegishli avtobus Abduvohid Shukurov boshqaruvida bo‘lgan. To‘qnashuv natijasida “Damas” haydovchisi 1985 yilda tug‘ilgan Nurpo‘lat Navshaboyev vafot etgan, to‘rt nafar yo‘lovchi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan. 10 G 737 CA raqamli “Damas” avtomashinasi Yangiyo‘l – Sergeli yo‘nalishida qatnagan.


“Sato” guruhi Toir Qo‘ziyevning yulduz kasaliga chalingani sabab tarqab ketdi”

O‘zbekistondagi birinchi raqamli instrumental guruh sanalgan “Sato” guruhi tarqab ketdi (“Darakchi”, 20 fevral).

Aytilishicha, guruh a‘zolari orasida so‘nggi uch yilda kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Sozanda Baxtiyor Qobilov esa guruhning tarqalishiga sabab sifatida badiiy rahbar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toir Qo‘ziyevning yulduzlik kasaliga chalinganini keltirgan.

“Vaholanki, guruh muvaffaqiyati barchamizning birdek mehnatimiz evaziga kelgan. Toirning bu boradagi fikri boshqacharoq” degan “sato”chi sozanda. Badiiy rahbar Toir Qo‘ziyevning o‘zi xorij safarida bo‘lgani sababli gazeta bu borada uning munosabatini bila olmagan.


“Surxondaryodagi sharsharada millionlab sumalaklar hosil bo‘ldi”

Surxondaryo viloyatidagi Sangardak sharsharasida – balandligi 150 metr, eni 80 metrgacha keladigan ulkan hududda millionlab muz sumalaklari paydo bo‘ldi (“O‘zbekiston ovozi”, 20 fevral).

Tog‘ etagiga quchoqqa arang sig‘adigan, 2 metru 94 santirmetrlik ulkan sumalak tushgan.

“Ulkan qoyada shokila-shokila bo‘lib osilib turgan millionlab muz sumalaklari, kamalakrang tovlanuvchi muzpardalar va hududdagi ajib yaxmalaklarni tomosha qilib huzurlanasiz” deb xabar beradi gazeta muxbiri.
XS
SM
MD
LG