Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:22

Qozog‘iston Nexia va Matiz importini to‘xtatganini rasmiylar tasdiqlamadi


Qozog‘iston O‘zbekistonda ishlab chiqarilan Nexia va Matiz avtomobillari importini to‘xtatishi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. Qozog‘istonda chiqadigan Kolyosa.kz portalining xabar qilishicha, o‘zbek mashinlari Rossiya, Qozog‘iston va Belarus ishtirokida tuzilgan Bojxona ittifoqining yangi texnika me‘yorlariga javob bermagani bunga sabab bo‘lgan. Qozog‘istonda Nexia va Matiz mashinalari bilan savdo qiluvchi rasmiy dilerlar joriy qilingan cheklovlardan bexabar ekaniliklarini aytmoqda. Uz-Daewoo shirkatini Rossiyada tamsil qiluvchi Uzavtorus shirkati esa bu xabarni “mish-mish”, deya atamoqda.

Juma kuni qozoq nashrlarida paydo bo‘lgan xabarga ko‘ra, Bojxona ittifoqi doirasida amal qiladigan “G‘ildirakli transport vositalari xavfsizligi talablari”ga doir texnik reglamentga o‘zgartishlar kiritilgani bois O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan Daewoo Nexia va Matiz avtomobillarini Qozog‘istonga import qilish to‘xtatilgan.

Joriy yil 5 yanvaridan kuchga kirgani aytilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Bojxona ittifoqi hududiga import qilinayotgan mashinalarda kamida haydovchi uchun xavfsizlik yostiqchasi bo‘lishi kerakligi aytilgan. Bundan tashqari mashinalar ABS va ISOFIX kabi xavfsizlik vositalari bilan jihozlanishi ham talab qilinmoqda.

Bojxona ittifoqi hukumatlararo komissiyasi “G‘ildirakli transport vositalari xavfsizligi talablari”ga doir reglamentni 2011 yil oxirida ishlab chiqqan. Lekin uning ittifoqqa a‘zo mamlakatlar hududida kuchga kirgani va shu munosabat bilan undagi talablarga amal qilina boshlaganiga doir rasmiy xabarlar paydo bo‘lganicha yo‘q.

Bojoxona ittifoqi komissiyasi vakillari ham Ozodlik bilan suhbatda mazkur reglament ittifoq hududida kuchga kirganini aniq aytib bo‘lmaydi, degan mujmal javobni qaytarishdi.

Qozog‘iston iqtisodiyot va savdo vazirligining Bojxona ittifoqi masalalari bo‘yicha departamenti rasmiysi ham mazkur hujjat kuchga kirgani yoki o‘zbek mashinalari importi taqiqlanganidan bexabar ekanini ta‘kidladi.

Uz-Daewoo shirkatini Rossiyada tamsil qiluvchi Uzavtorus kompaniyasi ijrochi direktori Igor Davidov Ozodlik bilan suhbatda, qozoq nashrlarida paydo bo‘lgan xabarni “mish-mish”, deya baholadi.

- Men qayerdadir paydo bo‘lgan mish-mishlarni izohlay olmayman. Bu borada, ya‘ni o‘zbek mashinalariga taqiq qo‘yilgani borasida alohida ko‘rsatmalar kelgani yo‘q. Hozircha mashinalarimiz juda yaxshi sotilmoqda. Hozirda yangi modellar sotvuga chiqarilmoqda, masalan, Gentra modeli ommalashib bormoqda. Lekin Nexia va Matiz mashinalarining ham avvalgiday bozori yaxshi, deydi Uz-Daewoo shirkatining rasmiy vakili.

Qozog‘istonda Uz-Daewoo Nexia va Matiz mashinalari bilan savdo qiluvchi rasmiy dilerlar ham hozircha o‘zbek mashinalari importi to‘xtalishidan bexabar ekanliklarini bildirdi.

Olmaotadagi Uz-Daewoo do‘koni vakili, Ozodlik bilan suhbatda, kelasi oy boshida O‘zbekistondan Nexia va Matiz mashinalarining katta partiyasi keltirilishini ma‘lum qildi.

- Hozirda bizda omborda mashinalar tugab qoldi. Lekin kelasi oyda yangi partiya kelishini kutyapmiz. Yaqin vaqt ichida yangi mashinalarning keltirilishini kutayotgan ekanmiz, demak bu gaplarda jon yo‘q, deya bildirdi Olmaotadagi Uz-Daewoo rasmiy dileri.

Qozog‘istonning Olmaota, Chimkent va Atirau shaharlaridagi boshqa rasmiy diler do‘konlari ham Uz-Daewoo mashinalari importi to‘xtatilishiga doir gap-so‘zlardan bexabar ekanliklarini aytishmoqda.

Uz-Daewoo shirkatini Rossiyada tamsil qiluvchi Uzavtorus kompaniyasi ijrochi direktori Igorь Davidov o‘zbek mashinalarida xavfsizlik yostiqchasi, ABS tormoz tizimi va bolalar o‘rindig‘i uchun ISOFIX qulflari yo‘qligini e‘tirof etdi. Bojxona ittifoqi doirasida qabul qilinishi kutilayotgan me‘yorlarda ana shunday talab bor va bu borada o‘zbek avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan ish olib borilmoqda, deya qo‘shimcha qildi Uzavtorus shirkati rahbari.

- Hozir bu avtomobillarda ularni import qiladigan davlatlar talab etadigan optsiyalar, ya‘ni xavfsizlik vositalarini o‘rnatish borasida ish olib borilmoqda. Shuni aytishim mumkinki, o‘zbekistonlik avtomobil ishlab chiqaruvchilari bu masalaga jiddiy qaramoqda, deydi Uzavtorus shirkati ijrochi direktori Igor Davidov.

Uz-Daewoo mashinalari Qozog‘iston va Rossiyada ancha ommabop hisoblanadi. Shirkatning Qozog‘istondagi vakillariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda jami 10 mindan ortiq Nexia avtmobili sotilgan.

Lekin shunga qaramay Rossiyada o‘zbek avtomobillariga talab yil sayin kamayib borayotgani kuzatilmoqda.

Masalan, o‘zbek mashinalari orasida eng xaridorgiri hisoblangan Nexia savdosi Rossiyada o‘tgan yili 33 foizga kamaygani xabar qilindi.

GM Uzbekistan shirkati 2013 yilda ishlab chiqarish hajmini oshirib, 190 mingdan ortiq avtomobil yasaganini ma‘lum qildi. Lekin shu bilan birgalikda eksport hajmi kamamyayotganiga qaramasdan, o‘zbekistonlik xaridor hamon mashina sotib olish uchun oylab navbat kutishiga to‘g‘ri kelmoqda.
XS
SM
MD
LG