Линклар

logo-print
Qadimgi slavyanlar vatanida bir necha oylardan buyon davom etib kelayotgan xalq g‘alayonlari kulminatsiyaga yetdi. Xalq o‘z prezidentini oq qildi. Kutilmaganda yetti yillik jazoga mahkum etilgan sobiq bosh vazir qamoqdan ozod etildi. U mustaqillik maydonida saf tortgan namoyishchilar oldida nogironlar aravasida o‘tirib, nutq so‘zlarkan, “mamlakatdagi vaziyatni siyosatchilar emas, xalq o‘zgartirdi”, deb aytdi.

Ukrainalik siyosatchi ayol endi anglab yetgan bu falsafaning mag‘zini bundan deyarli yuz yil muqaddam o‘zbekning o‘lmas shoiri Abdulhamid Cho‘lpon aytgan emasmidi?

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir...
Xalq qo‘zg‘alsa, kuch yo‘qdirkim, to‘xtatsin,
Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.
Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,
Xalq istadi, toj va taxtlar yiqildi...


Umuman, Ukrainadagi vaziyat juda shiddatli va murakkab. Kelajakda voqealar qanday rivoj topadi? Bu Ukrainaning taqdiri va xalqning hoxish-irodasiga bog‘liq.

O‘zbekiston-chi? Ukrainadagi voqealar bizga nima beradi? Azaga borgan odam o‘z dardini aytib yig‘lar ekan. Ukrainadagi inqilobiy siljishlardan o‘zbek xalqi hayratga tushadimi yo g‘ayratga tushadimi? Bugun shular haqida aytmoqchi edik.

O‘zbekiston rasmiy ommaviy axborot vositalari sobiq postsovet respublikalaridan biri bo‘lgan Ukrainadagi o‘zgarishlar haqida lom-mim demayotganidan ham bilsa bo‘ladiki, hokimiyat bir necha oydan beri qattiq iztirob va qo‘rquvda. Muxolifat va o‘zgacha fikrlovchilar zsa ancha ilhomlandi va yangi xulosa hamda saboqlar yasamoqda.

Lekin xalq-chi? Bu xalq qachon qudratli kuchga aylanadi? Qachon o‘z erkini, haq-huquqini taniydi? Dunyoning ilg‘or millatlari demokratiya va rivojlanish yo‘lidan dadil odimlab, taraqqiyot sari yuzlangan bir davrda o‘zbek xalqi jaholat hamda zulm kishanlarini qachon parchalaydi? Vatan haqida o‘ylasang, beixtiyor mana shunday javobsiz savollar qo‘yilib kelaveradi.

Ayb xalqdami? Yoki uning buguni va ertasi uchun javobgar ilg‘or farzandlaridami? Beixtiyor "ha" deb yuborging keladi. Chunki O‘zbekistonda hozir xalqni Mustaqillik maydoni sari yetaklaydigan, ozodligi va sha‘ni uchun kurashga da‘vat etadigan yo‘lboshchilar va rahnamolar yo‘q-da. Chet ellarda yashab, “o‘zbek muxolifatimiz” deyotgan arboblarni o‘zbekning keksa avlodi unutayozdi, yosh avlod esa tanimaydi.

Bundan-da battari - o‘zbek matbuotining siyosatdan mutlaqo holiligi, asosiy qismi qishloqlarda istiqomat qiluvchi xalqning og‘ir iqtisodiy va maishiy qiyinchiliklar iskanjasida kun kechirayotganligidir.

O‘zbekistonliklar uchun bugun informatsiya olishning yagona manbai Internet tarmog‘idir. Ayni kunlarda mamlakatda millionlab internet foydalanuvchisi borligi aytiladi. Lekin bu auditoriyaning asosiy qismi yoshlar bo‘lib, ularning ham ko‘pchiligi ko‘ngilochar saytlar va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazmoqdalar.

“Qovun qovunni ko‘rib rang olar” degan shirinkomadan ham bugun umid yo‘q. Chunki qovun qovunni ko‘rmayapti-da. O‘zbek qovuni ukrain qovunidan deyarli izolyatsiya qilingan. Diktatura esa xalqni doimgidek zulm botqog‘ida ushlab turish uchun hamma vositalarni ishga solmoqda. Alqissa, bugungi o‘zbek jamiyati Ukraina voqealaridan to‘liq xabardor emas.

“Nima qilmoq kerak?” degan edi yo‘qsillar dohiysi Lenin o‘z partiyasini tuzish oldidan yig‘ilgan siyosiy muammolarni bartaraf etish uchun. Biz Lenin davriga qaytmoqchi emasmiz. Faqatgina uning siyosiy tajribasini tilga oldik, xolos. Bizningcha, endilikda o‘zbek jamiyatiga dunyoviy demokratik tajribani o‘zlashtirgan va xalq ishonchini qozona oladigan yangi siyosiy kuchlar kerakligi yaqqol ko‘zga tashlanayapti. Bu kuchlar xalq bilan yakdil va xalqning ichida bo‘lmog‘i kerak. Najot xalqning o‘zida!

Musulmonqul

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG