Линклар

Peterburgda o‘zbekistonlik ayollar chaqaloq sotishda ayblanmoqda


Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar o‘z farzandlarini sotishga uringani bilan bog‘liq hodisalar avval ham uchragan.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar o‘z farzandlarini sotishga uringani bilan bog‘liq hodisalar avval ham uchragan.

Sankt-Peterburgda o‘z nabirasini 80 ming rublga sotayotgan o‘zbekistonlik ayol qo‘lga olindi. Shu tariqa 50 yoshli bu ayol nikohsiz o‘g‘il tuqqan 24 yoshli qizini “sharmandalik”dan xalos qilmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.

24 yoshli ismi oshkor etilmayotgan o‘zbekistonlik ayol 2014 yilning 18 fevralida Sankt-Peterburg shahridagi tug‘ruqxonalardan birida o‘g‘il ko‘rdi. Benikoh tug‘ilgani bois, bolakayning Peterburgda yashaydigan buvisi qizining farzandini darhol pullashga qaror qilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, ona-bola endi tug‘ilgan chaqaloqqa xaridor qidirayotganini ular bilan qo‘shni xonada yashayotgan ayol bilib qolgan.

“O‘zi ham bir nechta farzandni o‘stirayotgan va O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan qo‘shni ayol hamyurtlarining bunday niyatlaridan g‘azabga kelib, Peterburgning 33-politsiya bo‘limiga xabar berdi”, deydi Ozodlikka ismini oshkor etmagan Peterburg politsiyasi tergov bo‘limi xodimi.

- Bu ma‘lumotni tekshirish davomida, 33-politsiya bo‘limi va shaharning Moskva tumani bo‘yicha jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan 2 kunlik chaqaloqni sotayotgan ayol qo‘lga olindi. Hodisa 21 fevral kuni kechki 7 larda Ordjonikidze ko‘chasida sodir bo‘ldi. Bola 80 ming rublga “baholandi”. Qo‘lga olingan ayol O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi,- dedi politsiyaning operativ guruhi xodimi.

Amaliyot tafsilotlarini ochiqlagan tergovchilarga ko‘ra, operativ xodimlar qirg‘izistonlik bir o‘zbekdan “xaridor” sifatida chiqishni so‘rashgan. Bu shaxs politsiya bergan telefon raqami orqali “sotuvchi” kampir bilan oldi-berdi masalasini hal qilgan. Bu shaxs “yillardan beri xotini bilan farzand ko‘rmayotgani” to‘g‘risidagi uydirma hikoyani gapirib bergan.

Hech narsadan shubhalanmagan 50 yoshli ayol qizi bilan yashayotgan uy yonida uchrashuv tayinlagan.

80 ming rubl naqd pulni sanab olgan o‘zbekistonlik ayol bolani olib kelib, “xaridor” erkakka topshirayotganda qo‘liga kishan solingani operativ xodimlar tomonidan yashirincha videotasvirga olindi.

Qiyin vaziyatga tushib qolganini anglagan buvi qo‘liga kishan solinishi bilanoq, yuragi yomon bo‘lib qolganini aytib, “hushidan” ketgan. Ammo, bolani olib ketishga chaqirtirilgan vrach - pediatr ayolning yuragi baquvvat ekani va sog‘ligi joyida ekanini aniqlab bergan.

Tergovchining nima uchun bu ishga qo‘l urgani to‘g‘risidagi savoliga, ismi aytilmayotgan 50 yoshli ayol:

- Bilmayman, ya nichego ne znayu... Men hech narsani bilmayman, deyishdan nariga o‘tmadi.

Biroz vaqtdan keyin politsiya xodimlari bolani tuqqan 24 yoshli ayolni ham hibsga olib, politsiya bo‘limiga olib kelishgan. Politsiyachilar savoliga u bolani "sharmandalikdan" xalos bo‘lish uchun sotishga qaror qilishganini ma‘lum qilgan.

Tergov Qo‘mitasining Sankt Peterburg bo‘yicha boshqarmasida Ozodlikka hozirda bola soppa-sog‘ ekani, mahalliy shifokorlar nazoratida ekanini bildirishdi. “Bolafurushlikda” ayblanayotgan o‘zbekistonlik ona va uning qizi sud qarori bilan hibsga olindi.

22 fevral kuni farzandini pullashga urinib ko‘rgan o‘zbekistonlik ayollarga nisbatan RF Jinoyat Kodeksining 127-moddasi "odam savdosi" asosida jinoiy ish ochildi. Aybi sudda isbotlansa, ikkala o‘zbekistonlik ayolga 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Bu Rossiyada o‘z farzandini pullashga qo‘l urgan o‘zbekistonlik muhojirlar bilan bog‘liq birinchi hodisa emas.

Samarada o‘zbek ayoli 4 oylik go‘dakni 35 ming rublga pullayotganda hibsga olingan va 17 yoshli ona politsiyachilarga bolasini sotib, topgan pulni Rossiya pasportini sotib olishga sarflamoqchi bo‘lganini aytgani; 2012 yilning 7 mayida Moskva shahrida o‘z bolasini operativ xodimlariga 150 ming rublga pullayotgan 27 yoshli qirg‘izistonlik ayol va 23 yoshli o‘zbekistonlik erkak hibsga olingani; 2011 yilning 22 martida soat 11 larda Krasnogorsk shahrida joylashgan “Ashan” gipermarketidagi oziq-ovqat aravachasida 7 oylik Amirjon To‘xtayev tashlab ketilgani; Leningrad viloyati Roshchino qo‘rg‘onida o‘zbek millatiga mansub erkak axlat konteyneriga bir oylik chaqaloqni tashlab ketgani; 2010 yil 17 may kuni Mitishchi shahar kriminal militsiya xodimlariga mahalliy bozorda o‘z bolasini 10 ming rubl pulga taklif qilayotgan o‘zbekistonlik muhojir ayol qo‘lga olingani; 2009 yilda Moskva yaqinidagi Istra shahrida tojikistonlik 26 yoshli yigit unga tashlab ketilgan 1 yashar bolani 30 ming AQSh dollariga organ savdogarlariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olingani; 2008 yilda Yekaterinburgda o‘zbekistonlik 44 yoshli ayol farzandini 30 ming rublga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan va keyinroq 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan edi.
XS
SM
MD
LG