Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:52

Uyi buzilgan fuqarolarga tovon to‘lamagan mulozimlar jazolandi


Uylari buzilgan va yer uchastkalari davlat tasarrufiga o‘tgan fuqarolarga qonunda belgilangan tovonni to‘lamagan mahalliy hokimliklar Adliya vazirligi tanqidiga duch keldi. O‘zbekiston Adliya vazirligining Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodilla Tursunmetovning “Adolat va qonun” gazetasida yozishicha, 2013 yilda birgina Namangan viloyatida mulozimlar 61 holatda qonun talablarini buzib, uy joyi buzilgan aholi vakillari tovon olish huquqidan mahrum qilingan.

Ozodlikning Namangan viloyati hokimligidagi manbasiga ko‘ra¸ Adliya vazirligidan kelgan taqdimnomadan keyin uyi buzilgan fuqarolar ishini paysalga solib¸ ularni tovon olishdan mahrum qilgan bir necha mulozimga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan.

-Adliya vazirligining viloyatdagi hududiy bo‘limi uyi buzilgan aholiga yer uchastkalari ajratib berilmagani yuzasidan hokimlikda tekshirish o‘tkazdi. Bu tekshirishda normativ hujjatlar qonunga zid tuzilgani aniqlandi. Bu yuzadan Adliya vazirligi tarafidan viloyat hokimligiga tanqidiy taqdimnoma berildi. Taqdimnomadagi e‘tirozlar yuzasidan hokimlik xodimlariga intizomiy chora ko‘rildi¸ deydi Ozodlikning Namangan viloyati hokimligidagi manbasi.

Suhbatdoshning tushuntirishicha¸ uy – joylari davlat tarafidan buzilgan fuqarolarga yetkazilgan moddiy zarar mahalliy byudjet tarafidan qoplanishi kerak:

-Mutasaddilarning sansalorligi bois tovon ololmagan fuqarolar arizasi Adliya vazirligi taqdimnomasida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf qilish asnosida qayta ko‘rib chiqildi. Uy joyi buzilgan fuqarolar qonunda ko‘rsatilgan tarzda tovon olishdi¸ deydi Ozodlik manbasi.

Adliya vazirligi rasmiysiga ko‘ra, idoraning Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi tarafidan Buxoro va Qo‘qon shaharlari¸ Olot¸ Zangiota¸ Beshariq va Rishton tumanlarida o‘tkazilgan tekshiruvlarda aholiga tovon to‘lashda qonunga rioya qilmaslik holatlari aniqlangan.

O‘zbekiston Adliya vazirligining Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodilla Tursunmetov idoraning rasmiy nashri hisoblanmish “Adolat va qonun” gazetasida yozishicha¸ keyingi besh-olti oy ichida Namangan viloyatida 61¸ Buxoro viloyatida 47¸ Surxondaryoda 22, Qashqadaryoda 18 Jizzax viloyatida 9 hamda Farg‘ona viloyatida 7 normativ hujjat mavjud qonunlarga zid tarzda tzulib¸ aholini kompensatsiyadan maxrum qilgan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Jizzaxda uyi buzilgan fuqarolarning davomli noroziliklari va Adliya vazirligi taqdimnomasi ortidan shahar hokimiyati uylari buzilgan har bir oilaga va‘da qilingan tovon pulini to‘lashga majbur bo‘lgan.

O‘tgan yilning mart-aprel oylarida Jizzaxning Sharof Rashidov va Alisher Navoiy ko‘chalarida shahar markazini rekonstruktsiya qilish doirasida o‘nlab aholi uylari buzilgan edi.

Buning oqibatida yuzga yaqin oila uysiz qolgan, lekin ularga va‘da qilingan tovon puli berilmagan edi.

Jizzax shahar hokimiyatining ismini aytmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda, uyi buzilgan oilalarga tovon puli o‘tgan oy oxirida to‘lab bo‘linganini ta‘kidladi.

Ozodlik radiosining Xorazm viloyati adliya boshqarmasidagi manbasining aytishicha¸ hokimlik vakillari byudjetdan tovon to‘lamaslik maqsadida qonunga zid hujjatlarni tuzib, fuqarolar haqiga va omonatiga hiyonat qilishmoqda:

-Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonunchilik talablarini buzgan holda o‘zlarining normativ-huquqiy tusdagi qarori loyihalarini adliya organlaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazmasdan qabul qilish holatlariga yo‘l qo‘yib kelinmoqda.

Bu o‘z navbatida ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni qonunchilik texnikasiga mos ravishda ishlab chiqilmasligiga yoki qarorlarni qabul qilish jarayonida noto‘g‘ri amaliyotning shakllanishiga, qarorlarga qonun hujjatlari talablariga zid holatlar ko‘payishiga olib keldi, deydi suhbatdosh.

Manbaga ko‘ra¸ 2012 yilning 24 dekabrida qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida mahalliy hokimiyatning har bir hujjati huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.

-Aks holda uyi buzilganlarga tovon bermaslik kabi qonunsizliklar kelib chiqadi. Hokimliklar tovon to‘lash borasida normativ-huquqiy tusdagi hujjat tuzish o‘rniga farmoyish bilan fuqarolarni tovondan mahrum qilish holatlariga chek qo‘yish lozim¸ deydi suhbatdosh.

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston bo‘ylab “namunaviy uylarni qurish va obodonlashtirish” davlat dasturining amalga oshirilishi oqibatida ko‘plab o‘zbekistonlik o‘z uylari, yerlari va boshqa turdagi mulkidan mahrum etilib, aksar hollarda tovon puli ololmayotgani kuzatilmoqda.

Ayniqsa, qish mavsumida ham to‘xtamagan “obodonlashtirish” dasturi oqibatida viloyatlarda aholi uylari buzilib, egalari ko‘chada qolganiga doir holatlar kuzatildi.

Bundan tashqari “namunaviy uylarni qurish” harajatlarining o‘qituvchi, shifokorlar va boshqa davlat tashkilotlari xodimlarining zimmasiga yuklatilayotgani haqida ham Ozodlik xabar qilgan.

Mahalliy hokimiyatlarni tanqid qilgan adliya vazirligi, davlat dasturi O‘zbekiston markaziy hokimiyati tashabbusi va qattiq nazorati ostida amalga oshirilayotganini qayd etmagan.
XS
SM
MD
LG