Линклар

Samsung shirkati Barselonada o'tayotgan Butunjahon mobil kongressida o'zining yangi Galaxy S5 smartfonini rasman e'lon qildi.

Janubiy Koreya shirkatining yangi "flagman" telefoni barmoq izi skaneri, yurak pulsi datchigi va 16 megapikselli kamera bilan jihozlangan bo'lib, Android 4.4.2 bazasi asosida ishlaydi.

Dizayn jihatidan esa Galaxy S5, huddi iPhone 5S smartfoni iPhone 5'dan farqlanmagani kabi, 2013 yilda chiqqan Galaxy S4 qurilmasi bilan deyarli bir hil.

Galaxy S5'ning dizaynidagi kam sonli o'zgachaliklari esa biroz kattaroq ekrani (5,1 dyuym) va orqa panelining boshqa materialdan yasalganidadir.

Barmoq izi skaneri ekran ostida joylashgan "uy" tugmasiga biriktirilgan bo'lib, bu jihatdan Samsung yangi smartfoni raqobatchi shirkat Apple'ning iPhone 5S apparatiga juda o'xshab ketadi (yana patent urushi boshlanadimi?).

Galaxy S5 xotirasida saqlangan barmoq izi yordamida smartfonni blokdan chiqarish va internet-do'konlarida xaridlarni amalga oshirish mumkin. Smartfon faqat uchta barmoq izini xotirasida saqlay oladi.

Bundan tashqari, barmoq izi orqali foydalanuvchi "private", ya'ni boshqalar ko'zidan saqlamoqchi bo'lgan fayllarga ham kira olishi mumkin.

Samsung shirkati yangi apparatning suv va changdan qo'rqmasligini aytmoqda. Aytib o'tish joiz, Galaxy liniyasidagi eski apparatlarda bunday funksiya bo'lmagan.

Smartfondagi yurak pulsi datchigi orqa paneldagi kamera obyektivi ostida joylashgan bo'lib, barmoq uchi orqali yurak pulsiga oida ma'lumotlarni yig'a oladi. Bu esa kasallar yoki sportchilarga juda qo'l kelishi mumkin.

Galaxy S5 apparati 11 aprel kuni sotuvga chiqishi kutilmoqda. Samsung "flagmani"ning narxi hozircha ochiqlangani yo'q. Apparat to'rt rangda - oq, qora, tilla rang va ko'k rangli g'iloflarda chiqariladi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG