Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:46

Milliy bank VISA kartochkasi egasi xorijda pulini ololmayapti


O‘zbekiston Milliy bankining mijozlari VISA xalqaro plastik kartochkalaridan chet mamlakatlarda pul yechib ololmayotgani, do‘kondan mol ham xarid qilolmayotganidan shikoyat qilmoqda. O‘zbekiston Milliy banki markaziy idorasidagilar bu iddaolarni keskin rad etdi.

Andijonning Izboskan tumanidan bo‘lgan Baxtiyor Ahmedov fevralь oyi boshida O‘zbekiston Milliy bankining VISA xalqaro plastik kartochkasini olib, Janubiy Koreyaga ketgan edi.

Seul do‘konlaridan birida u kartochkasi bilan nevarasiga sovg‘a xarid qilmoqchi bo‘lganida “Sizning hisobingizdagi mablag‘ yetarli emas” degan javobni oldi.

O‘zbekiston Milliy bankining mijozi Koreyada kartochkasini bankomatga solib tekshirib ko‘rganda ham hisobida puli yetarli emasligini ko‘rdi.

Baxtiyor aka Koreyaga yo‘l olish arafasida Milliy bankning Izboskan tumani bo‘limida hisobiga 2 000 AQSh dollari miqdorida pul qo‘yganini aytadi.

- Bank xodimlari o‘shanda menga: “Aka siz ketavering, xohlagan mamlakatda bu kartochkangizdan pul chiqarib olasiz”, deyishdi. Ularga ishonib, o‘sha kartochka bilan birga qo‘limga 60 dollar naqd pul olib, bu yerga keldim. Kartani ichidan pul yechaman desam, ichida pul yo‘q-da. Boshqa bankomatlarga ham solib ko‘rdim, chiqmayapti, - deydi Baxtiyor Ahmedov.

Andijonlik Bahtiyor aka O‘zbekiston Milliy bankiga topshirgan 2 000 AQSh dollarini endi qayerdan olishini bilolmay hayron qolayotganini aytadi.

- Bular o‘zlari men bankga bergan pulni o‘zlashtirib, oborotga qo‘yivorganmi, deyman. Ularga telefon qilsam, pulni haligacha hisobimga qo‘yishmabti. “Ertaga tushadi, indinga tushadi”, deb mana yigirma kundan buyon meni sarson qilishyapti. Shartnoma bo‘yicha bank uch kun ichida men bergan so‘mni davlat kursi bo‘yicha dollarda hisobimga qo‘yishi kerak edi. Hozir arzimni kimga aytishni ham bilmay qoldim, - deydi Bahtiyor Ahmedov.

O‘zbekiston Milliy bankining Andijon viloyati, Izboskan tumani bo‘limiga telefon qilganimizda, ulardan shunday javob oldik:

- Baxtiyor Ahmedov kartochkani xotinini nomiga ochib ketgan ekan. Xotini Koreyaga ketmagan. Shunday bo‘lsa ham pulni o‘tkazishadi, topshiriq berganmiz, o‘tkazib ham qo‘yishgan bo‘lsa kerak, - dedi O‘zbekiston Milliy bankining xodimi Ozodlik muxbiriga javoban.

Bank xodimi nega 20 kundan buyon pul mijoz hisobiga qo‘yilmagani haqida izoh bermadi.

Izboskanlik Baxtiyor Ahmedov esa xotini bilan birga Koreyada ekanini aytdi.

- To‘g‘ri, kartochkani xotinimni nomiga ochganman. Xotinim ham yonimda. Lekin, nima farqi bor. Pulni hisobga qo‘yishlari kerak, - deydi Ahmedov.

"Odnoklasniki" ijtimoiy tarmog‘ida ham ko‘pchilik o‘zbekistonliklar Rossiya, Ukraina, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklarida o‘z bank kartochkalaridan foydalanishda muammoga duch kelayotganini aytishadi.

O‘zbekistondagi banklarning yana ayrim mijozlari esa xorijda yurarkan hisob raqamidagi pulining bir qismi qanchadir muddatda yo‘qolib, so‘ng yana paydo bo‘lib qolishidan ham shikoyat qilishadi.

Yaqinda Dubayga borgan o‘zbekistonlik savdogarlardan biri bu haqda Ozodlikka gapirgan edi.

- Kartochkamda ikki ming dollardan ziyod pul bor edi. Dubayga borganimda kartochkamda 300 dollar yetmadi. Toshkentga telefon qilib, shikoyat qilganimdan so‘ng yana tekshirdim, balansimda pullar joyiga tushibdi. Mening shaxsiy hisobimdagi pulni bank nega mendan so‘ramasdan oladi? - deydi o‘zbekistonlik tadbirkor.

O‘zbekiston Milliy banki markaziy idorasidagilar bu iddaolarni keskin rad etdi:

- Bank xodimlari qanaqa qilib kliyent pulidan foydalanishi, uning pulini oborotga qo‘yishi mumkin. Bunaqa narsa umuman bo‘lishi mumkin emas, - dedi Milliy bankning ismini aytmagan xodimi.

O‘tgan yili O‘zbekiston Markaziy banki chet eldagi bankomatlardan pul yechib olishga cheklov joriy etgan va kunlik limitni 100 AQSh dollari qilib belgilagan edi.

Banklar dollarni “qora bozor”dagi kursdan ancha past bo‘lgan davlat kursida, ammo cheklangan miqdorda almashtirib beradi. Shu bois, ayrim mijozlar bir necha shaxs nomiga plastik kartochka olib, hisobidagi pulni xorijda naqdlashtirib qaytish yo‘liga o‘tgan edi.

O‘zbekistondagi banklar bu kabi chayqovchilik oldini olish maqsadida mijozlari kartochkalaridan yechib olinadigan pul miqdorini cheklagan edi.

Hozir ham xorijda O‘zbekiston banklaridan olingan plastik kartochkalardan yechib olinadigan pul miqdori kuniga 100 AQSh dollari qilib cheklanganicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG