Линклар

Ozodlikka harbiy xizmatga qo‘yilmagan o‘zbekistonlik yigitdan kelgan bu xabarni Mudofaa vazirligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi rasmiysi tasdiqladi. Rasmiyga ko‘ra¸ xorijdan qaytgan yoshlar bir yil mamlakat ichkarisida muqim yashab¸ maxsus tekshiruvdan o‘tgach harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.

Rossiyadagi mehnat muhojirligidan qaytgan qashqadaryolik Mahmud bir yillik harbiy xizmatga olinmagani haqida Ozodlikka xabar yo‘lladi:

“Men Rossiyada bir yil ishlab qaytdim. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmoqchi edim, lekin imtihon ballari juda baland. Agar bir yillik xizmatni qilsam, menga ball imtiyozi berilardi. Harbiy komissariatga borsam, pasportni ko‘rib chetga uzoq muddatga chiqqanlarni bir yillik harbiy xizmatga olmaymiz, deb aytishdi. Biz chetga faqat ishlagani uchun chiqqandikku, lekin bizga shpionday munosabatda bo‘lishdi”, deb yozadi qashqadaryolik Mahmud.

Qashqadaryo viloyati Mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmasining ovozi yozib olinmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimi mamlakatdan uzoq muddatga chiqib ketgan yoshlarning bir yillik harbiy xizmatga olinmasligini tasdiqladi:

- Chetga chiqib kelganlar rejimniy komandaga olinmaydi. Bu haqda Mudofaa vazirligining maxsus yo‘riqnomasi bor. Buning sababi shunday. Masalan, u Rossiyada nima ishlar qilib kelgan, kimlar bilan aloqada bo‘lgan, buni hech kim bilmaydi, deydi suhbatdosh.

Mulozim, chetdan qaytgan yigit kamida bir yil O‘zbekistonda muqim yashab¸ maxsus tekshiruvlardan o‘tganidan so‘nggina harbiy xizmatga chaqirilishi mumkinligini bildirdi:

- Masalan¸ bu yil Rossiyadan qaytgan yoshlar 2014 yilga ketolmaydi. U 2015 yilda chaqirilishi mumkin. Bu muddat orasida u O‘zbekistonni boshqa tark etmasligi va hozirdan tayyorgarligini boshlashi kerak. Avgust oyida testlarga qatnashadi, komissiyalardan o‘tishni boshlaydi. Tegishli organlar tekshirib ruxsatnoma bergandan so‘nggina¸ harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin, dedi Mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma mulozimi.

Suhbatdoshning aytishicha, chetga chiqib kelgan yoshlar safarbarlik chaqiruvi zahirasidagi bir oylik harbiy xizmatga cheklovsiz chaqirilishi mumkin.

O‘zbekistonda harbiy xizmatning to‘rtta turi bor. Yoshlar muddatli harbiy xizmat, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat va qurolli kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmatini o‘tashlari mumkin.

O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmat vaqti 12 oy, oliy ma‘lumotli shaxslar uchun esa 9 oy qilib belgilangan.

Bir yillik armiyada bo‘lganlarga oliygohlar kirish imtihonlarining umumiy ballidan 27 ballik imtiyoz beriladi.

Ko‘pchilik yoshlar, ayniqsa MXX yoki militsiyaga ishga kirmoqchi bo‘lganlar bir yillik harbiy xizmatni bir oylikdan ustun qo‘yadi.

Safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmat uchun esa xizmat o‘tovchi yigitlar davlat hisobiga eng kam ish haqining 25 barobari miqdorida haq to‘lashi lozim bo‘ladi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG