Линклар

O‘zbekistonda stiker taqchilligi yuzaga chiqdi¸ chiqish vizasi berilmayapti


Passport bo‘limida har bir xizmat uchun uzundan uzun navbat kutish odatiy holga aylangan.

Passport bo‘limida har bir xizmat uchun uzundan uzun navbat kutish odatiy holga aylangan.

Fuqarolaridan o‘z konstitutsiyasiga zid tarzda chetga chiqish vizasi talab qiluvchi dunyoning sanoqli davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonda bu izn aks etgan stiker defitsiti vujudga keldi. Elektr¸ gaz va benzindan keyin chet elga chiqish "izni" ham kamyoblik kasb qildi.

Namanganlik 30 yashar Zulayxo chet elga chiqish uchun ruxsatnoma so‘rab tegishli tizimlarga murojaat qilganiga ikki oy bo‘lganiga qaramay¸ haligacha chiqish vizasidan darak yo‘qligini aytadi:

- Men farzandimni Koreyaga tashlab keluvdim. Oilam o‘sha yerda. Tezda O‘zbekistonga kelib¸ chiqish vizamni yangilab qaytib ketmoqchi edim. Lekin ishim yurishmadi. Tartibga ko‘ra 15 kunda berishi kerak edi¸ ammo ikki oydan beri chiqish vizasidan darak yo‘q. 25 fevral kuni borsam¸ Namangan OVIR ining eshigiga e‘lon yopishtirib qo‘yishibdi. Bu e‘londa stiker tugagani uchun hujjat berish to‘xtatiladi¸ deb yozib qo‘yishibdi¸ deydi Zulayxo.

Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi eshigiga yopishtirilgan e‘londa “xorijga chiqish ruxsat yozuvi (stiker) tugaganligi sababli tayyor hujjatlarni tarqatish vaqtincha to‘xtatildi” degan yozuv bor.

Stiker yo‘qligi haqidagi rasmiy e‘lon.

Stiker yo‘qligi haqidagi rasmiy e‘lon.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni qayd etish respublika boshqarmasiga stikerlar tanqisligi yuzasidan izoh so‘rab murojat qildi.

O‘zini boshqarma mulozimi deb tanishtirgan zobit respublikada stiker yetishmayotganligini tasdiqladi:

- Xorijga vaqtincha chiqayotganda fuqarolarga chet elga borish uchun ikki yil mobaynida amal qiladigan ruxsatnoma yozuvi stikeri (XChK vizasi ham deyiladi) rasmiylashtiriladi. Bu stikerni bosadigan korxona bizga yetkazib bera olmayapti. Kraskalari Germaniyadan kelar ekan. O‘sha kraskalar vaqtida kelmagani bois¸ stikerlar defitsit bo‘lib turibdi¸ deb ta‘kidladi mulozim.

Ayni mulozimning aytishicha¸ stiker mo‘l-ko‘l bo‘lgan taqdirda fuqarolarga ko‘pi bilan 15 kun ichida xorijga chiqish ruxsatnomasi beriladi:

- Fuqarolar stikerda ko‘rsatilgan muddat ichida bir necha marta chet elga chiqishi mumkin. Stikerning amal qilish muddati, pasportning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak. Fuqaroning chet elga chiqish huquqiga cheklovlar uchun asos bo‘lmagan taqdirda¸ ularga xorijga chiqish ruxsatnomasini berish masalasi 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi¸ dedi Nodir Ziyoev.

Ozodlik muxbirining O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ta‘minot bo‘limidagi manbalari vazirlik omborida stikerlar yetarli darajada borligini aytishdi. Manbalar iddaosiga ko‘ra¸ ombor mulozimlari stiker solingan qutilarni OVIR bo‘limlariga maxsus siylov evaziga berishadi. Bu siylov mavqeiini ushlab turish uchun stikerlarning sun‘iy defitsiti yaratilishi ham iddao qilindi.

Ozodlik tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni qayd etish boshqarmasi atrofida korruptsiya urchigan.

Xususan¸ Ozodlik bilan suhbatda ismi sir qolishini istagan manba Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimi chiqish vizasi qo‘yib berish uchun o‘zidan 100 dollar pora talab qilganini iddao qildi.


Stikersiz chegaradan o‘tganlar jazolanmoqda

Joriy yilning 4 yanvaridan boshlab qonunga xilof ravishda O‘zbekistondan chet elga chiqish uchun jazo 5 yildan 10 yilgacha qilib belgilandi.

Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Jinoyat Kodeksining 223-moddasiga joriy yil boshida o‘zgartishlar kiritildi.

Jinoyat Kodeksiga kiritilgan o‘zgartishdan avval bu jazo 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan.

Farg‘ona viloyat prokurori katta yordamchisi Dilshod Qurbonovning rasmiy matbuotga bildirishicha¸ birgina Farg‘ona viloyatining o‘zida ikki oy ichida o‘nlab fuqaro pasportida stiker bo‘lmagani holda chegarani kesib o‘tgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Huquq faollari pasportga chiqish vizasi bosish amaliyoti mamlakat konstituttsiyasida kafolatlangan fuqarolarning harakatlanish erkinligiga tamoman zid ekanini ta‘kidlab¸ bu tizimning bekor etilishini yillardan beri talab qilib kelmoqda.

O‘zbekiston o‘z fuqarolaridan chetga chiqish vizasi talab qiluvchi¸ o‘zi bergan pasportga o‘zi viza bosuvchi dunyoning sanoqli davlatlaridan biridir.
XS
SM
MD
LG