Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:28

Qarzini to‘lashni istamagan sobiq militsioner uyida gazchi kaltaklandi


Navoiy viloyati Karmana tumanida sobiq militsiya xodimining xotini uyiga gaz hisoblagichni tekshirish uchun kelgan tuman gaz idorasi nazoratchisini kaltakladi. Kaltaklangan ayolning o‘zi bu haqda Ozodlikka murojaat qildi.

Karmana tumani gaz idorasi nazoratchisi To‘xtagul Turdiyeva 22 fevral kuni tumandagi sobiq militsiya xodimi uyiga gaz hisoblagichni tekshirish uchun borganida¸ uy hammomidagi kotyol gaz tizimiga qaydsiz, noqonuniy ulanganini aniqlagan. Bu sir fosh bo‘lishi ortidan¸ Turdiyeva iddaosicha¸ uy bekasi o‘zini kaltaklashga o‘tgan:

- Vazifamiz gaz hisoblagichlarning noto‘g‘ri ulanishiga yo‘l qo‘ymaslik. 22 fevral kuni yordamchim bilan birga Mirsaid Bahromov mahallasiga tekshirish uchun chiqqan edik. Sibiq ichki ishlar xodimining uyiga bordik, noto‘g‘ri ulanishlar borligi, tabiiy gazdan 400 ming so‘m qarzdorligi borligini aniqlaganimizdan so‘ng, bu yuzadan dalolatnoma tuzmoqchi bo‘lganimizda oila bekasi meni ura ketdi. Menga nisbatan tan jarohati yetkazdi. Paltolarimni yirtib tashladi. Zo‘rg‘a chiqib qochdik. Hozir Karmana tumani kasalxonasining travmatalogiya bo‘limida yotibman, deydi Turdiyeva.

Ozodlik muxbiri gazga noqonuniy ulanish holati qayd etilgach¸ gazchini kaltaklaganlikda ayblanayotgan xonadon vakillaridan izoh so‘rashga urindi, lekin ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Karmanalik gaz nazoratchisi Turdiyeva bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limiga shikoyat arizasi kiritganini aytdi:

- Bu oilaning sharoiti juda yaxshi. Butun mahallaga homiylik qilishga qurbi yetadigan oila. Dang‘illama uy, bu oilaga hech narsa kam emas, lekin 400 ming qarzi bor ham hujjatsiz davlatni gazidan foydalanib o‘tiribdi, deydi karmanalik gaz nazoratchisi Turdiyeva.

Karmana tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlaridan biri mazkur voqea yuzasidan shikoyat qibul qilinganini tasdiqladi.

- Hozir bu ish bilan prokuratura shug‘ullanayapti. Ekspertiza natijalarini kutayapmiz. Hozir bu bo‘yicha hech narsa ayta olmayman, dedi Karmana tuman Ichki ishlar bo‘limining Ozodlik muxbiri bog‘langan xodimi.

Karmana tuman gaz bo‘limi xodimi Dilshod Hamroyev o‘z hududida gaz va svetga noqonuniy ulanish holatlari ko‘p uchrashi¸ lekin gazchilarning kaltaklanish holatlari qayd etilmaganini aytadi:

- Ayrim xonadonlar bor, ular to‘lovdan qochish uchun yashirincha kotyolini gazga noqonuniy, qayd etmasdan ulab qo‘yadi. Nazoratchilarimizning vazifasi shunaqa holatlarni aniqlash. Bilishimizcha, janjal chiqqan xonadonda avval ham nazoratchilarimiz kelib, ularni noqonuniy ulanish borligi haqida ogohlantirib ketishgan, lekin ular gazdan noqonuniy foydalanishda davom etaverganlar. Hozir bu yuzadan Ichki ishlar bo‘limiga arizani topshirganmiz, dedi Hamroyev.

Keyingi yillar davomida gaz va elektr taqchilligi inqiroz holatiga yetgan O‘zbekistonda¸ gaz va elektrdan qarzdorlarning asosiy qismini davlat amaldorlari tashkil etishi aytiladi:

- Masalan, tumanimizdagi mahallalardan birining rahbarini ham gazdan qarzi bor, uyida noqonuniy ulanishlar bor edi. Uni gazini svarka bilan o‘chirib kelishga majbur bo‘lgan edik. O‘shanda u meni erkak kishi og‘ziga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan edi, deydi Turdiyeva.

O‘zbekiston qonunchiligida elektr va issiqlik tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan shaxslar uchun asosan ma‘muriy javobgarlikni nazarda tutgan va eng kam ish haqi miqdorining 50 baravari miqdorida jarima to‘lashdan to olti oylik qamoqqacha bo‘lgan jazo belgilangan.
XS
SM
MD
LG