Линклар

27 fevral kuni Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 13 yashar tug‘ishgan singlisi nomusiga tegib, uni homilador qilgan 25 yashar yigit ustidan mahkama jarayoni boshlandi. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ hozirda qiz o‘qishni uyida davom ettirayapti¸ chaqaloq esa “Bolalar uyi”ga topshirilgan.

O‘z singlisini homilador qilgan bo‘yrachilik yigit O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 118-moddasi¸ ya‘ni "Nomusga tegish" jinoyati bo‘yicha ayblanmoqda.

Bu haqda bo‘yrachilik aka-singil voqeasini o‘rgangan Ozodlik manbasi ma‘lum qildi.

(13 yashar qizaloq va uning akasi ism- familiyasi Ozodlikka ma‘lum. Lekin huquqiy va axloqiy jihatdan ularning ism- sharifini oshkor qilmayapmiz.)

Bo‘yrachilik yigit¸ agar aybdor deb topilsa, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Jinoyat Kodeksining 118-moddasida 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Bo‘yrachi qishloq fuqarolar yig‘inidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, voqea oshkor bo‘lgach¸ qizning akasi hibsga olingan va u Xorazm viloyat Milliy xavfsizlik xizmati hibsxonasida saqlanmoqda.

Hozircha o‘z singlisi nomusiga tekkan akaning mahkamasi bilan bog‘liq tafsilotlar Ozodlikka ma‘lum emas.


Qizning homilador bo‘lganini hech kim bilmagan

Bo‘yrachilik aka-singil voqeasini o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, qizning homilador bo‘lganini uning oyi-kuni yetmaguncha hech kim bilmagan.

Qiz to‘qqiz oy davomida maktabda o‘qishini davom ettirgan, hatto tug‘ishidan bir kun oldin ham darsga borgan.

“Qizcha 18 yanvar kuni ham darsga borgan. Hatto jismoniy tarbiya darsida ham ishtirok etgan. Lekin na o‘qituvchisi, na sinfdoshlari uning homilador ekanligini bilmagan. Ertasi yakshanba kuni kechqurun uni shifoxonaga olib ketishgan”, deydi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra, qizning homilador ekanligidan nafaqat maktabdagilar, hatto ota-onasi ham bexabar bo‘lgan.

“Ota-onasi ham qizning homilador ekanini bilmagan. 19 yanvar kuni qizchaning to‘lg‘og‘i boshlangan. Onasi qishloq ambulatoriyasidagi doktorlarni chaqirgan. Ular qizchani appenditsit deb o‘ylab, unga og‘riq qoldiruvchi ukol qilishgan. Keyin uni Urganchga shifoxonaga olib borgan. Qizchani tekshirib ko‘rgan doktorlar uning homilador ekanini aytib, Shovot tug‘ruqxonasiga jo‘natgan. Ertasiga 20 yanvar kuni u tuqqan”, deydi Ozodlik manbasi.

Manbamizning xabariga ko‘ra, chaqaloq tug‘ilishi bilan Urganch shahridagi “Bolalar uyi”ga topshirilgan.

Aka-singilning otasi¸ aytilishicha¸ nogiron bo‘lib, oyoq-qo‘li ishlamaydi, onasi esa¸ ishsiz¸ uy bekasi.


Qizcha akasi bilan bir xonada yashagan

13 yoshida¸ o‘zi bilib-bilmay ona bo‘lgan qiz hayoti tafsilotlarini o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, qiz akasi bilan bitta xonada yashab kelgan.

“Bizda qishda juda sovuq bo‘ladi. Gaz yo‘q. Sovuqda hamma bitta xonaga qamalib yotishadi. Bular akasi bilan singlisi ham bir xonada uxlashar ekan. Akasi singlisi bilan necha marta jinsiy aloqa qilgani noma‘lum. Bu endi sudda ma‘lum bo‘ladi”, dedi Ozodlik manbasi.

Hozirda 13 yashar qiz o‘qishini uyida davom ettirayapti.

“Uning o‘qituvchilari uyiga borib dars berayapti. Endi uning adaptatsiya qilishi uchun shu ishni qilishgan. Shuncha voqeadan keyin maktabda sinfdoshlari ortiqcha gap-so‘z qilishsa, o‘zini biror narsa qilib qo‘ymasin, deb shunday qilishgan”, dedi manbamiz.

Voqea tafsilotlarini o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu voqea ortidan voyaga yetmasdan tuqqan qiz o‘qigan maktabning ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari ishdan olingan.

Ma‘lum bo‘lishicha, so‘nggi bir yil davomida ushbu maktab direktori ishda bo‘lmagan.

Shovot tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mazkur maktab direktori ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jinoyat ishining voyaga yetmasdan tuqqan o‘quvchisi bilan aloqasi yo‘q.
XS
SM
MD
LG