Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:25

Sherali Jo‘rayev suv qizg‘angan qo‘shnilar haqida kuyladi


Sherali Jo‘rayevning navbatdagi qo‘shig‘i Rog‘un va Qambarota GESlarining ekologik zarariga bag‘ishlandi.

“O‘zbekiston xalq artisti, 67 yashar Sherali Jo‘rayev Rog‘un va Qambarota GESlari haqidagi qo‘shig‘ini yozib tugatdi”, deb xabar berdi Darakchi.Uz

Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo so‘zi bilan yozilgan mazkur qo‘shiq ayni paytda Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimlarida qurilayotgan yirik gidroinshootlarning mintaqamizga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarariga bag‘ishlanadi.

Toshkentlik mahalliy jurnalistlarning Ozodlikka aytishicha, Sherali Jo‘rayev ekologik mavzuda qo‘shiq aytganini hofizning matbuot kotibi tasdiqlagan.

O‘zbekistondagi Tarona.net nashrining yozishicha, qo‘shiq tayyor bo‘lsa-da, hofiz uni yanada qiyomiga yetkazish ustida izlanmoqda.

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo qalamiga mansub bu qo‘shiq matnida Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rog‘un va Qambarota GESlari aniq keltirilmaydi.

Matnda to‘g‘on qurib, o‘z qo‘shnisiga choh qazigan qo‘shnilar malomat qilinadi. Qo‘shiq matnida “To‘g‘on qurib, daryolarga to‘g‘anoq bo‘lgan zotlar” va “Qishda qorni qizg‘anguvchi past”lar tanqid qilinadi.

To‘g‘on qurib, daryolarga to‘g‘anoq bo‘lgan zotlar,
Oftob sochgan ziyolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.


Bu misralardan keyin mintaqadagi ikki davlat Qozog‘iston va Turkmaniston manfaatlari haqida ham ishorat ketadi.

Bu daryoda qozoq quvgan marolning ham haqqi bor,
Maxtumquli ekib ketgan niholning ham haqqi bor,


Keyingi misralarda esa Orol fojesi va transchegaraviy daryolar quyisidagi hududga yetkaziladigan ekologik zarar to‘g‘on qurgan qo‘shinlar zimmasiga yuklanadi.

Non urmasin, tuz tutmasin, Orolning ham haqqi bor,
Samum chalgan navolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.
Qishda qorni qizg‘anguvchi pastdan O‘zi asrasin,
Hamsoyaga chohlar qazgan kasdan O‘zi asrasin,
Tabiatdan qaytar qasos-qasddan O‘zi asrasin,


Qo‘shiqning so‘nggi bandida esa “daryolarni to‘smoqchi bo‘lgan nomard qo‘shni”larning maqsadi amalga oshmasligi ta‘kidlanadi:

Sirli-sirli nidolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.
Hasadgo‘yning qo‘rg‘oniga qush ham qo‘nmas deydilar,
Xudoyimning berganiga nomard ko‘nmas deydilar,
Noshukrning to‘g‘oniyu ko‘ngli to‘lmas deydilar,
Sabolarning, havolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.


Ozodlik muxbiri bu qo‘shiq haqida izoh so‘rab, Sherali Jo‘rayevning ma‘muriga murojaat qildi va javob ololmadi.

Ba‘zi mahalliy jurnalistlar Sherali Jo‘rayevning rafiqasi so‘zlariga tayangan holda, bu qo‘shiq hali-beri muxlislariga yetmasligini Ozodlik muxbiriga bildirishdi. Shu bois qo‘shiq audosini Ozodlik muxlislariga taqdim qila olmadik.

67 yoshli o‘zbek hofizi Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta kontsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, Sherali Jo‘rayevning katta sahnada qo‘shiq kuylashiga yuqoridan “norasmiy taqiq” qo‘yilgan.

1947 yil 12 aprelida Andijon viloyatining Asaka tumanida tavallud topgan Sherali Jo‘rayev 1966 yili O‘zbekiston telekanalida “Hormangiz" degan ashulani aytganidan keyin yoshlar orasida mashhur bo‘lib ketgandi.
XS
SM
MD
LG