Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:05

Pasport stollari oldida "ur-yiqit" bo‘layapti


Qorqalpog‘istonning Beruniy tumani pasport bo‘limi oldidagi vaziyat.
Qorqalpog‘istonning Beruniy tumani pasport bo‘limi oldidagi vaziyat.
O‘zbekistonda joriy yilning 1 iyulidan boshlab eski pasport bilan xorijga chiqish to‘xtatilishi e‘lon qilinishi ortidan mamlakatdagi pasport bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, biometrik pasport uchun ariza topshirayotganlarning qariyb 90 foizi xorijga ishlagani ketayotgan fuqarolardir.

Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlarda O‘zbekistondagi Ichki ishlar boshqarmalarining Pasport bo‘limlarida shu kunlarda uzundan-uzun navbatlar kuzatilayotgani xabar qilinmoqda.

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanidan WhatsApp orqali xabar yo‘llagan mushtariy tumanning Pasport stoli binosi oldida biometrik pasport olish uchun yuzaga kelgan vaziyatni suratga olib Ozodlikka jo‘natgan.

“Hatto chegaradan o‘tishda ham buncha navbat yo‘q”, deya suratni izohlagan mushtariyimiz jo‘natgan suratda Pasport stoli binosining oldida tumonat odam turgani aks etgan.

Ozodlik manbalarining xabar qilishicha, nafaqat Beruniyda balki mamlakatning deyarli barcha hududlaridagi Pasport bo‘limlari binolari oldida turnaqator navbatlar kuzatilayapti.

4 mart kuni Namangan shahrida yashovchi 39 yashar Zohidjon Zokirov ham biometrik pasport olish uchun Pasport bo‘limiga ariza topshirdi.

Zohidjonning aytishicha, ertalab soat 9da borib, 96 –bo‘lib navbatga turgan.

- Pasport stolda bugun odam shunaqa gavjum ekan, qo‘pol qilib aytganda uyni suvarak bosib ketganday qilib, shunaqa odam ko‘p ekan. Ertalab soat 9da yetib bordim. 96-navbatda ekanman. Ikki soatdan keyin ochered keldida. It egasini tanimaydi degandek bu yoqdan ham ochered, u yoqdan ham ochered keladi. Har kim xohlaganida navbat talashishadi. Navbatga turinglar, deydi, urush-janjal ham bo‘lib ketadi. Yoqalashib ham ketishayapti. Ichkarida odam juda ko‘p. Har bitta odamni biometrik pasport oldirish uchun ham, o‘zining alohida xonasi bor ekan, 5-10tadan olib kirayapti ichkariga, deydi Zohidjon Zokirov.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 6 fevral kuni e‘lon qilgan qaroriga ko‘ra, joriy yilning 1 iyulidan boshlab o‘zbekistonliklar eski turdagi pasport bilan xorijga chiqa olmaydi.

Odatda kunlar isishi bilan ommaviy ravishda xorijga ishlashga ketuvchilar ko‘payadi.

Joylardagi manbalarimiz xabariga ko‘ra, muhojirlikka ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarning deyarli barchasi biometrik pasport olish harakatida bo‘layapti.

- Kuzatuvim bo‘yicha, asosan, ko‘pchilik, 90 foiz desam ham bo‘ladi, Rossiya, Qozog‘iston shu davlatlarga ishlagani ketayotgan odamlar. Mardikorchilik qilagani ketayotganlar, o‘sha ayolu erkaklar, yoshlar ham bor, shu 95-yilgi yigitlar ham bor, deydi Zohidjon Zokirov.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni qayd etish respublika boshqarmasidagi o‘zini tanishtirmagan mutaxasisi Pasport bo‘limlari oldida yuzaga kelgan turnaqator navbatlarni odatiy hol deya atadi.

“Bu fuqarolarning ajiotaji. Hamma Pasport bo‘limlari odatiy rejimda ish faoliyatini davom ettirayapti. Matbuot orqali vahima qiladigan hech qanday gap yo‘q”, dedi boshqarma mutaxasisi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘plab fuqarolar so‘nggi paytlarda yangi biometrik pasport olish bilan bog‘liq qiyinchiliklar qarshisida qolishgan.

Odatda 10 ish kunida berilishi kerak bo‘lgan pasport bir oydan oshiqroq vaqtda berilmoqda.

Pasport stolidagilar pasport olish uchun murojaatlar ko‘payib ketgani bois pasport tayyorlash jarayoni cho‘zilib ketayotganini aytishadi.

O‘zbekistonda biometrik pasportga o‘tish jarayoni 2011 yilning 1 yanvaridan boshlangan va bu jarayon 2015 yilning dekabr oyiga qadar to‘la yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Dastlab eski rusumdagi pasportlarning 2015 yil 31 dekabrigacha amalda bo‘lishi e‘lon qilindi. Lekin yil boshida Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 iyulidan boshlab xorijga faqat biometrik pasport bilan chiqish borasida qaror qabul qildi.
XS
SM
MD
LG