Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:45

AQSh Karimovning amerikalik nevarasi taqdiri bilan qiziqyaptimi?


Gulnora Karimova (rasm Uznews.net saytidan olindi).
Gulnora Karimova (rasm Uznews.net saytidan olindi).
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari uy qamog‘ida ekani ishoniladigan Gulnora Karimova hamda uning AQSh fuqarosi bo‘lgan qizi Imon Karimova-Maqsudiy ahvolidan ikki marta xabar olgani haqidagi gap-so‘zlarni tasdiqlamadi, lekin inkor ham qilmadi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimova va AQSh fuqarosi bo‘lgan 15 yoshli nabirasi Imon 17 fevraldan buyon uy qamog‘ida qolayotgani, ular barcha aloqa vositalaridan uzilgani haqda Uznews.net internet nashri O‘zbekiston ichkarisidagi manbalariga tayanib, xabar qildi.

Uznews.net bosh muharriri Galima Buxorboyeva Ozodlik bilan suhbatda bu haqdagi ma‘lumot O‘zbekiston prezidenti oilasiga juda yaqin bo‘lgan manbadan olinganini ta‘kidladi.

- Bizga ma‘lum bo‘lishicha, Gulnoraning Toshkentdagi uyida maxsus xizmatlar reyd o‘tkazganidan buyon u va qizi o‘nga yaqin xavfsizlik xodimi qurshovi ostida qolmoqda. Ular aloqa vositalaridan uzilgan. O‘sha reydlardan buyon Karimova Tvitterda ham ko‘rinmay qoldi, biz bilan muloqotga ham chiqmay qo‘ydi,- deydi Buxorboyeva.

Gulnora Karimovaning Toshkent markazidagi xonadonida 17 fevral kuni tintuv o‘tkazilgani va unga yaqin odamlar, jumladan fuqaroviy eri Rustam Madumarov hibsga olingani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Jurnalist Buxorboyevaga ko‘ra, Karimova va uning qizi Imon uy qamog‘idaligi payti AQSh elchixonasining xodimlari ularning ahvolidan ikki marta xabar olgan.

- Ikki marta ziyorat qilishgan, chunki Imon Karimova AQSh fuqarosidir. Uning otasi Mansur Maqsudiy ham bunga aralashgani bizga ma‘lum. Aynan uning so‘roviga ko‘ra AQSh elchixonasi xodimlari qizining xolidan xabar olishgan,- deydi Galima Buxorboyeva.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Gulnora Karimovaning Amerika fuqarosi ekani ishoniladigan qizi Imon Karimova-Maqsudiy to‘g‘risidagi Ozodlik savoliga javob bera olmasligini bildirdi.

Ozodlik AQSh elchixonasiga jo‘natgan so‘roviga: “AQSh Davlat departamenti va bizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz siyosati, birinchi navbatda, xorijdagi Amerika fuqarolarining farovonligi va xavfsizligini ko‘zda tutadi. Ayni paytda, o‘z siyosatimizdan kelib chiqib, biz sizning ushbu so‘rovingizga javob bera olmaymiz”,- degan javobni oldi.

Eslatamiz, 17 fevral kuni O‘zbekiston xavfsizlik hizmati xodimlari Gulnora Karimovaning Toshkentdagi uyida tintuv o‘tkazgan. U bilan birga uyda bo‘lgan bir qancha odam, jumladan uning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Rustam Madumarov, sheriklari Gayane Avakyan hamda Yekaterina Klyuyevalarni xavfsizlik xodimlari iqtisodiy ayblovlar bilan hibsga olgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu shaxslarga nisbatan 184-moda 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 178-modda 2-qismi (Chet el valyutasini yashirish) va boshqa ayblovlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini xabar qilgan edi.

Ayrim kuzatuvchilar bu hodisalarni prezident qizini jabrdiyda etib ko‘rsatish uchun uyushtirilayotgan bir “tomosha” deb atashmoqda. Lekin, Galima Buxorboyeva unday fikrda emas.

- Men buni ataylab uyushtirilayotganiga ishonmayman. Bo‘layotgan hodisalar ancha jiddiy. O‘sha reydlar arafasida Gulnora men bilan bir necha marta muloqotda bo‘lgan, dahshatli hodisalar kutilayotganini menga aytgan edi. Va bir necha kun o‘tib uning uyida reydlar bo‘ldi. Mening nazarimda, bularning hammasi Gulnora Karimovani siyosiy konkurent sifatida yo‘q qilish maqsadida uyushtirilyapti,- deydi Buxorboyeva.

Unday bo‘lsa nega Karimovaning sheriklari hibsga olinadiyu, uning o‘zi hali ham uyida o‘tiribdi, degan savolimizga Buxorboyeva:

- Bu O‘zbekistondagi qonunchilik hamma uchun bir hil emasligining bir ko‘rinishi, - deya javob qildi.
XS
SM
MD
LG