Линклар

O‘zbekistonning eng yirik kimyo zavodlaridan birida favqulodda hodisa ro‘y berdi. Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida joylashgan “Ammofos-Maksam” korxonasida 21 fevral kuni ro‘y bergan hodisada 500 tonna sulfat kislotasi to‘kildi. Qariyb ikki hafta avval ro‘y bergan hodisa tafsilotlarini korxonadagi Ozodlik manbasi gapirib berdi.

Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida joylashgan “Ammofos-Maksam” korxonasida 21 fevral kuni ro‘y bergan hodisada kimyo zavodi omborlaridan biridagi katta idishning shikastlanishi natijasida 500 tonna sulfat kislotasi sizib chiqib, qariyb 1 getar maydonga to‘kilganini korxonaning mas‘ul xodimlaridan biri Ozodlikka gapirib berdi.

“Voqea 21 fevral kuni ertalab ro‘y berdi. To‘kilgan kislota miqdori taxminan 500 tonna deb xulosa qilindi. sulfat kislotasi va boshqa kimyoviy moddalar saqlanadigan joy atrofidagi 0,88 gektar maydonga to‘kildi. Kislota ombor atrofidagi yerga tushib, bir nechta kanalizatsiya quduqlari orqali suvoqova suviga tushdi. Bu yerdan taxminan ikki kilometr radiusda aholi punktlari bo‘lmagani tufayli mahalliy aholiga zarar yetmagan”, dedi shaxsini ochiqlamayotganimiz manba.

Uning yana aytishicha, kislota faqatgina kanalizatsiya suvlariga tushgan va ichimlik suvi havzalariga zarar yetmagan.

Bu kabi hodisalar O‘zbekiston matbuoti tarafidan yoritilmasligi bois, O‘zbekistonning eng yirik kimyo zavodlaridan biri hisoblangan “Ammofos-Maksam” korxonasidagi avariya to‘g‘risida oradan qariyb ikki hafta o‘tib ma‘lum bo‘ldi.

Korxona mas‘ul xodimining Ozodlikka aytishicha, avariyada korxona xodimlari yoki boshqalarga hech qanday zarar yetmagan.

“To‘kilgan sulfat kislotasi ohak bilan neytrallashtirilib, deyarli hammasi yig‘ishtirib olindi. Hozirda avariya ro‘y bergan ombor hududi to‘la tozalandi va shikastlangan idish to‘laligicha demontaj qilindi”, deydi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, bu hodisaga sulfat kislotasi saqlanadigan idish avariya holatiga kelgani sabab bo‘lgan.

“Sanoatgeotexnazorat tomonidan tuzilgan komissiya xulosasiga ko‘ra, sulfat kislotasi saqlangan idish tagidagi beton fundamentlardan birining cho‘kishi oqibatida, katta tsisterna chayqalib, devorida yoriq paydo bo‘lgan”, dedi “Ammofos-Maksam” korxonasining mas‘ul xodimi Ozodlik bilan suhbatda.

Avariyadan qancha iqtisodiy zarar ko‘rilgani to‘g‘risida suhbatdoshimiz aniq ma‘lumotlarni bera olmadi.

“O‘zkimyosanoat” davlat hissadorlik shirkati tarkibiga kiruvchi “Ammofos-Maksam” korxonasi O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. 1969 yilda ishga tushirilgan kimyo zavodida 3 mingga yaqin odam ishlaydi. Korxona yiliga 500 ming tonna sulfat kislotasi, 220 ming tonna fosfor kislotasi va boshqa kimyoviy moddalar ishlab chiqaradi.

2009 yilda mazkur korxona aktsiyalarining 49 foizi Ispaniyaning “Maxam Corp, S.A.U” shirkati tomonidan sotib olingan. Zavodning 51 foiz ulushi O‘zbekistonga qarashli.
XS
SM
MD
LG