Линклар

Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida joylashgan Bo‘ston shaharchasi faollari 4 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligiga yana bir bor arz qilib bordi.

Arizachilar vakilining Ozodlikka aytishicha, 2013 yilning 30 noyabrida yopilgan kasalxonani qayta ochish masalasi yana ochiq qoldi.

Tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mutasaddisiga ko‘ra, mavjud kasalxonalarning ba‘zilarini yopish, yopilmaydiganlarida o‘rinlarni qisqartirish tadbirlari mamlakat Prezidentining 2011 yilgi qaroriga binoan amalga oshirilmoqda.


Bor otangga, bor onangga

Bo‘ston shaharchasida yashovchi mahalla faollaridan biri Anorboy Xoliqulov 4 mart kuni Toshkentga, Sog‘liqni saqlash vazirligiga arz qilib borganlardan biri.

- Bizni (vazirlikning) Nazorat bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek degan yigit qabul qildi. Muloyimgina qilib, yordam berolmasligini aytdi. U ham Prezident qarorini ro‘kach qildi, deydi Anorboy aka.

Uning aytishicha, bo‘stonliklar bundan 3 oy oldin yopilgan kasalxonani qayta ochishni so‘rab tuman, viloyat, mamlakat darajasida bormagan joyi, kirmagan eshigi qolmadi.

- Biz 30 noyabrdan boshlab Prezident devoniga, Sog‘liqni saqlash vazirligiga, Bosh prokuraturaga, viloyat, tuman idorlariga murojaat qildik. Lekin hech kimisidan qanoatlantiruvchi javob olmadik. Hamma joyda sansalorlik. Prezident devoni arizamizni Sog‘liqni saqlash vazirligiga, vazirlik viloyat boshqarmasiga, boshqarma tuman bo‘limiga jo‘natayapti, xolos, dedi Anorboy aka.


Iltimos, tug‘may tur, kasalxonaga yetib olaylik?!

30 noyabrda yopilgan 25 o‘ringa mo‘ljallangan kasalxona 3 aholi punkti: Bo‘ston shaharchasi, Yangi Bo‘ston qo‘rg‘oni hamda Toza Urug‘ qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan 18 ming kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelgan.

Kasalxona yopilganidan beri tilga olingan aholi punktlari aholisi agar yotib davolanish yoki tug‘ish zarurati paydo bo‘lsa 16 km naridagi Zarbdor tumani markazidagi kasalxonaga yoki 27 km yo‘l bosib viloyat kasalxonasiga borishi kerak.

Zarbdor tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Dilshod Qodirovni mehnat ta‘tilida deyishdi. Savollarimizga bo‘lim mutasaddilaridan biri javob berdi.


Qisqart-qisqart

Uning aytishicha, Bo‘stondagi kasalxona “optimizatsiyaga uchragan, ya‘ni qisqartirilgan. Bu jarayon nafaqat viloyatda, respublikada ketayapti. Lekin biz Bo‘stonda kugduzgi bo‘lim tashkil qildik. Bunga ruxsat berilmagan bo‘lsa ham, ichki imkoniyatlarimizdan kelib chiqib qildik shu ishni. Kasalxona vazirlik buyrug‘iga asosan yopilgan. Optimizatsiya – koykalarni qisqartirish degani. Tuman markaziy kasalxonasida ham bu yilning hisobidan yana 5 koyka qisqartirilayapti. Sil kasalliklari dispanserimizdagi 10 koykani Zomin tumani dispanseriga qo‘shib berishdi, 10 koykani qisqartirdi. Yuqumli kasalliklar kasalxonamiz ham yopilishga tushgan ekan, vazirlikka borib, uni yoptirmaslikka zo‘rg‘a ko‘ndirib keldik. Forish, Baxmal tumanlarida 2 tadan kasalxona bor edi, ularniyam bittadanini qisqartirishdi. Yildan-yilga statsionarlar (kasalxonalar) qisqartirilib, poliklinikalar ko‘paytirilidigan bo‘layapti”, dedi Zarbdor tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mutasaddisi.


Qisqartirishni vazir buyurdi, vazirga Prezident buyurdi

Zarbdor tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mutasaddisining aytishicha, davolash muassasalarini optimallashtirish Sog‘liqni saqlash vazirining 2013 yilgi 96- buyrug‘iga binoan amalga oshirilayapti.

Vazir buyrug‘iga esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2011 yil, 28 noyabrda imzolagan “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosdir.

Qaror mazmunini to‘liq tushunish uchun alohida eshittirish qilish kerak. Lekin Bo‘ston kasalxonasi bilan bog‘liq vaziyatni biroz tushunish uchun Prezident qaroridan bir bandni keltirmoqchimiz.

To‘rtinchi bandda bunday deyilgan:

“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan viloyat va tuman bo‘g‘inidagi 46 ta sog‘liqni saqlash muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi to‘la moliyalashtirishga o‘tkazish, shuningdek, 57 ta tibbiyot muassasalarining umumiy xarajatlarini moliyalashtirishda byudjetdan tashqari mablag‘lar salmog‘ini oshirish haqidagi takliflari 5- va 6-ilovalarga muvofiq ma‘qullansin".
XS
SM
MD
LG