Линклар

Yevropa Ukrainaga 15 milliard dollarlik yordam berilishini e‘lon qildi


Qrimda maxsus nishonlarsiz harbiy kiyimda yurgan askarlar Rossiyaga qarashli ekaniga oid taxminlarni Putin inkor qilmoqda.

Qrimda maxsus nishonlarsiz harbiy kiyimda yurgan askarlar Rossiyaga qarashli ekaniga oid taxminlarni Putin inkor qilmoqda.

Yevropa Komissiyasi chorshanba kuni Ukrainaga kelasi bir necha yil davomida 11 milliard yevro (15 milliard AQSh dollari) miqdorida yordam ko‘rsatilishini e‘lon qildi.

Yordam paketining 1,6 milliard yevro miqdoridagi kredit, 1,4 milliard yevro miqdoridagi grant, Yevropa Sarmoya bankidan 2014-2016 yillarga mo‘ljallangan qo‘shimcha 3 milliard yevrolik kredit hamda Yevropa Qayta qurish va taraqqiyot bankidan 5 milliard yevroga teng kreditni o‘z ichiga olishi aytilmoqda.

YeI komissiyasi raisi Joze Manuel Barrozo yordam paketining berilishi Ukrainanning Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan kelishuvni imzolashiga bog‘liq bo‘lishini bildirdi. "Yordam pulining 1 milliard yevrosi kelasi bir necha hafta ichida Ukrainaga beriladi", dedi Barrozo

Ayni paytda AQSh, Britaniya¸ Germaniya¸ Frantsiya Tashqi ishlar vazirlarining chorshanba kuni Parijda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan o‘tkazgan uchrashuvi¸ garchi G‘arb diplomatlari uni konstruktiv deb baholagan bo‘lsa-da¸ natijasiz tugadi. Lavrov Ukraina muvaqqat Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashishni istamadi.

Chorshanba kuni Madridda chiqish qilgan Lavrov bo‘hronning yuzaga kelishida Ukrainada aksilhukumat namoyishlarini qo‘llab-quvvatlagan G‘arb davlatlarini aybladi:

- Barcha muammolarning ildizi, Ukrainada qurolli odamlar tarafidan mamlakat qonunlarining qo‘pol buzilishi vositasida amalga oshirilgan askilhukumat noroziliklarga xalqaro hamjamiyat bir bo‘lib munosabat bildirmaganida ekaniga aminmiz. Askincha, bu noroziliklar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi va rag‘batlantirildi, dedi Lavrov.

Uning yana iddao qilishicha, Qrimda yurgan, formasida maxsus nishonlari bo‘lmagan qo‘shinlar Rossiyaga qarashli emas, “o‘zini o‘zi mudofaa qilish” kuchlaridir va Moskva ularga bazalarga qaytish to‘g‘risida buyruq bera olmaydi.

- Biz ularga hech qanday buyruq berayotganimiz yo‘q. Ular bizdan hech qanday buyruq olishmaydi. Rossiyaning Qora dengiz floti xizmatchilari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular o‘zlarining doimiy dislokatsiya joylarida qolmoqda. To‘g‘ri, u yerda Qora dengiz floti xavfsizligini ta‘minlash maqsadida qo‘shimcha maxsus choralar ko‘rildi, dedi Lavrov.

Qrimda maxsus nishonlarsiz harbiy kiyimda yurgan askarlar Rossiyaga qarashli ekani taxmin qilinmoqda. Seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina masalasida o‘tkazgan matbuot anjumanida Qrimdagi amaliyotlarda rus qo‘shinlari ishtirok etmayotganini iddao qildi.

Jurnalistlarning “bu askarlarning formasi Rossiya harbiylarinikiga o‘xshayaptiku”, degan fikrlariga javoban, bunday formani “istagan joydan sotib olishingiz mumkin”, deya javob qaytardi Putin.

Ayni paytda chorshanba kuni ukrainalik jurnalistlar Qrimda maxsus nishonlarsiz harbiy kiyimda yurganlarning Rossiya askarlari ekanini tasdiqlovchi videoni e‘lon qildi.

UkrStreamTV telekanali jurnalistlari Qrimdagi bu askarlarning biridan olgan intervьyusida, u o‘zining rossiyalik ekanini tan olgan va amalda bir kun avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin aytgan so‘zlarni butunlay inkor qilgan.



UkrStreamTV telekanali e‘lon qilgan videoda Qrimdagi askarlardan biri “Ha, biz Rossiya harbiy xizmatchilarimiz”, deya e‘tirof etadi. Jurnalistlarning “nega formangizda maxsus nishonlar yo‘q”, degan savoliga “Chunki formamiz shunaqa”, deb javob beradi Putinni yolg‘onchiga chiqargan askar.

Jurnalistlar askarni yana qistovga olib, "Ukraina hududida Rossiya askarlari nima qilib yuribdi?" deya so‘radi. Shunda o‘zini harbiy bo‘lim boshlig‘i deya tanishtirgan askar, “Siz nima televizor ko‘rmayapsizmi?” deya savolga savol bilan javob beradi.

Ayni paytda, chorshanba kuni Ukrainaning Sevastopoldagi harbiy floti qo‘mondonligi ham Qrimda rus qo‘shinlari borligini inkor qilgan Putinni ochiq yolg‘onchilikda ayblab, bayonot e‘lon qildi.

Newsru.com agentligiga ko‘ra, Ukraina dengiz flotiga qarashli “Ternopol” va “Slavutich” harbiy kemalari qo‘mondonlarining qo‘shma bayonotida Sevastopol buxtasida Rossiya harbiy floti kemalarining Ukraina kemalari yo‘lini to‘sib qo‘ygani aytiladi. "Rossiya harbiy kemalari bortida dengiz piyodalari bo‘limlari joylashtirilgan", deyiladi ukrain dengizchilari bayonotida.

Putinning "bunday formani istalgan do‘kondan sotib olish mumkin", degan iddaosiga javoban ukrainalik harbiylar Rossiya rahbaridan “Ukraina qonunchiligini buzgan holda, buncha miqdordagi avtomatik qurol, jangovar to‘pponcha va granatomyotlarni qayerdan sotib olish mumkin”, deya so‘raydi.

Seshanba kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini istilo, deya tasnifladi. AQSh prezidenti Barak Obama Moskvaning Qrimga bostirib kirishini “agressiya akti”, deya atadi.

Obamaning chorshanba kuni Germaniya kantsleri Angela Merkel bilan telefon suhbatida bo‘hronni yumshatish rejalarini muhokama qilgani xabar qilinmoqda. Bu rejada Rossiyaning Qrimdagi qo‘shinlarini bazalar hududiga qaytarishi va mintaqaga xalqaro kuzatuvchilarining kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Madridda qilgan chiqishida Lavrov Qrimga xalqaro kuzatuvchilarni kiritish masalasini Ukraina va Qrim hukumatlari hal qilishi kerak, deya ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG