Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:00

Dubay prokuraturasiga tahdid qilgan ayol 7 yilga qamaldi


Mahalliy axborot vositalari tarqatgan xabarga ko‘ra¸ Dubay prokuraturasi binosini portlatish bilan tahdid qilgan o‘zbekistonlik ayol mahkama hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

33 yashar Zulfiya Hamroyeva ustidan hukm chiqargan Dubay hakami¸ qamoq jazosini o‘tab bo‘lishi bilan O‘zbekiston fuqarosining darhol o‘z vataniga deportatsiya qilinishini ham hukmga ilova qildi.

Ayni paytda¸ Hamroyeva mahkama hukmi ustidan yuqori instantsiya sudiga shikoyat qilish huquqiga ega.

O‘tgan yil dekabrida mahkamaga olib kelingan o‘zbekistonlik ayol o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi.

Zulfiya Hamroyeva (mahalliy nashrlarda Zeleva Himraviya deb yozilmoqda) o‘tgan yilning 1 sentyabr kuni soat 12:15 da Dubay Bosh prokuraturasi binosida odam gavjum payti 5 yoshli bolasi bilan kirib, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri shayx Muhammad bin Rashid al-Maqtum bilan uchrashtirishni talab qilgan edi.

Ayol binoga kirgan payti qora chodra yopingan bo‘lgan, keyinchalik chodrani yechib, beliga bog‘langan kamarni ko‘rsatib, uning bomba ekani, talabi bajarilmasa, uni portlatib yuborish bilan tahdid qilgan edi.

Shundan keyin politsiya bosh prokuratura binosining ichkarisi va bino atrofidagi odamlarni evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan edi.

Voqea ortidan Ozodlik bog‘langan BAA rasmiylari¸ general-mayor Hamis Mattar Al-Mazeyna boshchiligidagi politsiya guruhining ayol bilan muzokaralari 13 soat davom etgani¸ ushbu amaliyot uchun 20 dan ziyod mashinada kelgan politsiyachilar guruhi jalb qilinganini bildirgan edi.

Muzokaralar natijasida ayol politsiyaga taslim bo‘lgan va belidagi kamarini topshirgan edi. Ayrim mahalliy nashrlar kamar olingan payti uning ichida hech qanday bomba yo‘qligi ma‘lum bo‘lganini yozganiga qaramay¸ mahkama davomida prokurorlar ayolga portlovchi belbog‘ni tayyorlash va prokuratura binosini garovga olishda yordam bergan BAA fuqarosiga qarshi ayblovlarni ham e‘lon qilgan edi.

Dubay matbuotining yozishicha, rus tilida so‘zlagan ayol yonidagi bolaning otasi Birlashgan Arab Amirligi fuqarosi ekani, uning o‘z farzandini tan olishini talab qilayotganini aytib, bu borada Dubay rasmiylaridan yordam so‘ragan.

Ayrim saytlar xabariga ko‘ra, bolaning otasi Dubay markaziy qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. Ayni paytda uning qamoqqa olingani sabablari ma‘lum emas.

Ayolning eri bilan bog‘liq oilaviy muammolar borasida avval ham bir necha bor BAA Bosh prokuraturasiga murojaat qilgani aytilayapti.

Politsiya ma‘lumotiga ko‘ra, ayol Dubayda 10 yil davomida noqonuniy ravishda yashab kelgan va bolasi ham hech qanday rasmiy hujjatga ega emas.
XS
SM
MD
LG