Линклар

6 mart kuni Qrim parlamenti a‘zolari yakdillik bilan muxtoriyatning Rossiya tarkibiga qo‘shilishiga ovoz berdi. Rossiyaga qo‘shilish yuzasidan 16 martga belgilangan bu referendum yarim orolning tub aholisi bo‘lgan Qrim tatarlari Milliy Majlisi tomonidan keskin qoralandi.

Qrim parlamentining 16 mart kuni Rossiyaga qo‘shilish yoki Ukraina tarkibida qolish masalasida muxtor respublikada referendum o‘tkazish qarori Ukraina muvaqqat hukumatining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi:

- Bu noqonuniy qaror va referendum deb atalayotgan bu tadbirning hech bir huquqiy asosi yo‘q. Shu boisdan biz Rossiya hukumatini Ukrainadagi ayirmachilikni targ‘ib qilayotgan kuchlarni qo‘llamaslikka chaqiramiz. Qrim Ukrainaning tarkibiy qismi bo‘lgan¸ hozir ham shunday va bundan keyin ham tarkibiy qismi bo‘lib qoladi¸ dedi bugun Bryusselda YeI sammitida ishtirok etgan Ukraina muvaqqat Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk.

Ayni paytda¸ Qrim muxtor o‘lkasining tub aholisi sanalgan tatar jamoasi parlamentning Rossiyaga qo‘shilish yuzasidan referendum o‘tkazish qarorini qoralab chiqdi.

Bugun Simferepolda matbuot anjumani o‘tkazgan Qrim tatarlari jamoasi rahbari Refat Chubarov o‘z jamoasining oliy kengashi – Milliy Majlis muxtor o‘lka maqomi yuzasidan referendum o‘tkazilishiga norozilik bildirishini e‘lon qildi:

- Tegishli qonunchilik yo‘q bir paytda¸ har qanday referendum o‘tkazilishi Qrimdagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishga xizmat qiladi¸ xolos. Taklif etilayotgan referendum yarim orolning tub aholisi bo‘lmish Qrim tatarlari fikrini mutlaq inobatga olmasligi bois¸ Qrim tatarlari Milliy Majlisi bu referendumni tan olmaydi va Qrim aholisini¸ millatidan qat‘iy nazar¸ ovoz berish va unga hozirlikni mutlaq boykot qilishga chaqiradi¸ dedi jumladan Milliy Majlis rahbari Refat Chubarov.



Qrim parlamenti – Oliy Kengash 6 martda e‘lon qilingan qarori bilan Muxtor respublika maqomi yuzasidan referendum o‘tkazishni joriy yilning 30 martidan 16 martga ko‘chirdi.

Ayni paytda, Qrim parlamenti payshanba kuni ertalabdan mintaqaning Rossiyaga qo‘shilishini to‘liq yoqlab chiqdi.

Bu haqda jurnalistlarga xabar bergan Qrim Ministrlar Kengashi raisi o‘rinbosari Rustam Temirgaliyev umumxalq ovoz berish jarayonida qrimliklar ikkita savolga javob berajaklarini bildirdi.

Qrim Oliy Kengashi qaroriga muvofiq, referendumga olib chiqilishi kutilayotgan savollar quyidagicha:

1. “Siz Qrimning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga Federatsiya sub‘ekti sifatida kirishga tarafdormisiz?”

2. “Siz 1992 yilda qabul qilingan Qrim Konstitutsiyasi tiklanishi va Qrimning Ukrainaning bir qismi sifatida mavjud bo‘lishi maqomi tarafdorimiz?”.

Ma‘lum bo‘lishicha, deputatlar Rossiya prezidenti va Federal Yig‘ini nomiga murojaatnoma yubordi.


Bunga javoban, allaqachon Rossiya Davlat Dumasi keyingi haftada tegishli qonun loyihasini ko‘rib chiqishi to‘g‘risida bayonot berdi.



Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha¸ 6 mart kuni “Putin Xavfsizlik Kengashi a‘zolari bilan Ukraina masalasidagi uchrashuvda, jumladan Qrim Oliy Kengashining Rossiya tarkibiga kirishi to‘g‘risidagi murojaatnomasini muhokama qilgan".

Bundan oldinroq Rustam Temirgaliyev Feysbukdagi sahifasida Qrimning rossiyaparast siyosatchilari muxtoriyatning Ukrainadan ajralib chiqib, Rossiyaga qo‘shilishi haqida yozdi:

“Kiyev oyoqqa turgan Qrimni NATO qo‘shinlari va referendumni bekor qilish bilan qo‘rqitishda davom etayapti. Ular bu yarimorolda ikkita qahramon shahar: Sevastopol va Kerch borligini unutib qo‘ydi... Xo‘sh, panlar, Muxtoriyat kengayishini istamaysizmi!? Unda Qrim uyiga qaytsin! Salom, Rossiya!” deb yozgan edi Rustam Temirgaliyev.

Ukraina sobiq Bosh vaziri, joriy Mudofaa vaziri Yevgeniy Marchuk Qrim parlamenti yig‘ilishlarining Sevastopoldan kelgan Rossiya spetsnazi nazorati ostida o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ma‘lumotga ega ekanini aytdi.

Qrim muxtoriyati Oliy Kengashi vitse-spikeri Sergey Tsekov esa muxtoriyatning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilishini Ukrainaning yangi hukumati tomonidan “davom etayotgan bosim” va “vaziyatni izdan chiqarish urinishlari” bilan bog‘liq ekanini iddao qildi.

27 fevral kuni Qrim parlamenti Bosh vazir lavozimini egallab kelgan Anatoliy Mogilyovni lavozimidan bo‘shatdi, uning o‘rniga “Russkoye yedinstvo” partiyasi rahbari Sergey Aksyonov tayinlandi. Keyinroq, Aksyonov nomzodining Viktor Yanukovich tomonidan tasdiqlangani ma‘lum bo‘ldi.

Buning ortidan, Ukraina Radasi spikeri va muvaqqat prezident Aleksandr Turchinov Sergey Aksyonovni tayinlash noqonuniy ekani to‘g‘risida qaror chiqardi va unda muxtor respublika nomidan qaror chiqarish vakolati yo‘qligini bildirdi.

Interfaks xabariga ko‘ra, Qrim Oliy Kengashi vakillarining 6-7 martga belgilangan Rossiyaga tashrifi noma‘lum muddatga surildi. Qrim Vazirlar mahkamasi matbuot xizmati tashrifning qoldirilishini mintaqa parlamenti navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazayotgani bilan izohladi.


Qrim tatarlari Ukrainada qolish tarafdori

Qrimning Rossiyaga kiritilishi borasida parlament qabul qilgan qaror¸ asosan¸ yarim oroldagi etnik ruslar tomonidan qabul qilindi.

Ozodlik suhbatlashgan aksar Qrim tatarlari yarim orolning Ukraina tarkibidan chiqarilishiga qarshi ekani va Milliy Majlis raisi bayonoti aksar tatarlar yondashuvi ifodasi ekanini bildirmoqda.

Moskva Qrim tatarlari jamoasi rahbari Mustafo Muhtaramov yarimorolga boshlangan “noma‘lum harbiylar” tajovuzini eshitib, ona yurtiga jo‘naganini gapiradi:

- Men bir haftadan beri shu yerdaman. Biz, tatarlarning pozitsiyamiz aniq – biz Ukraina tarkibidagi yagona davlat tarafdorimiz! Oddiy odamlar mamlakatning parchalanishini istamayapti, chunki bu katta mojaroni keltirib chiqaradi. O‘zini-o‘zi tayinlagan Aksyonov va unga yordam qilayotgan Temirgaliyev hamda Konstantinovlarning mutlaqo vakolati yo‘q. Qandaydir qurol ko‘targan odamlar ularga yordam berayapti. Bu ochiqchasiga bosqinchilik-ku! Lekin tatarlar miting qilishdan tiyilib turibdi, chunki bunday vaziyatda qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketishi hech gap emas. Qrim tatarlari bunday referendumni nolegitim deb atayapti va umuman borish niyatida emas. 1992 yilgi Konstitutsiyaga qaytish esa Qrim uchun xudkushlik bilan barobar! Shaxsan men Qrimning Ukrainadan ajratib olinishiga ishonmayman, dedi Mustafo Muhtaramov Ozodlikka.



Mustafo Muhtaramov 1992 yilgi Konstitutsiyada Qrimda prezidentlik respublika kiritilishi belgilanganini aytdi. U “bitta davlatda ikkita prezident bo‘lishi mumkin emas”, dedi.

Yana bir qrimlik suhbatdoshimiz – I.G‘aspirinskiy nomidagi Qrim kutubxonasi direktori Ayder Emirov ikkilanayotgan tatarlar ham yo‘q emas, deydi:

- Vaziyatga Qrim tatarlarda turlicha munosabat va qarashlar mavjud. Lekin, menimcha¸ asosiy ko‘pchilik Qrim maqomi va Ukraina chegaralari o‘zgarishiga mutlaqo qarshi. Bu referendumda Qrimning vakolatlari kengayishi va Qrim tatarlari huquqlari kengayishi to‘g‘risida gap borganda edi – boshqa gap. Qrimning Ukrainadan ajralib chiqishi to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Yangi Konstitutsiyami, eskisimi, vakolatlar kengayishi yoki yo‘qmi - nima bo‘lganda ham, bu masalalar Qrimning yagona Ukraina tarkibida ko‘rib chiqilishi zarur. Bunday jiddiy masalalarni ko‘tarib chiqishdan oldin, parlamentning qayta saylovi, legitimligi masalasini ko‘rib chiqish kerak edi. Axir, parlamentga hech kim bunday vakolat bermagan edi-ku! Qrimda sanoqsiz qurolli odamlarning mavjudligi parlamentni bunday qarorni qabul qilishga undadi, ko‘rinadi, deya munosabat bildirdi I.G‘aspirinskiy nomidagi Qrim kutubxonasi direktori Ayder Emirov Ozodlik bilan suhbatda.



5 mart kuni Qrim tatarlari bilan muzokara olib borishga Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov tashrif buyurgan edi. U tatar jamoasi bilan uchrashuvda tatarlar huquqlarini himoya qilish garanti sifatida chiqishini ma‘lum qildi. Ayni paytda, Minnixanov rus aholisi bilan zinhor janjalga qo‘shilmaslikni tavsiya qildi.

Qrim tatarlari Majlisi rahbari Mustafo Jamilev Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovudo‘g‘li bilan uchrashuvdan so‘ng, Turkiya Qrimdagi tatar ozchiligi haqlarini himoya qilishni va‘da etganini ma‘lum qildi.

XVIII asr oxirlarida Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilgan Qrim yarim orolida 2 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ularning 58 % - ruslar, 25 % - ukrainaliklar va 12 foizini qrim tatarlar tashkil etadi.

1917 yilda Qrim bolsheviklar hukumati tomonidan Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritildi va 1921 yilda Qrim ASSR tashkil topdi. 1954 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Nikita Xrushchyov Qrimni to‘satdan Ukraina SSR tarkibiga kiritib yubordi.

Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan 1991 yilning yanvarida umumxalq ovoz berish natijasida Qrim ASSR mustaqil Ukraina tarkibida tiklandi. 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga ko‘ra, Qrim Respublikasi tashkil topdi.

Keyinroq Kiyev bosimi ostida, 1998 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahririda Qrim muxtor respublika shakliga ko‘chdi.
XS
SM
MD
LG