Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:04

Davlat test markazi abituriyentlarni chuv tushib qolmaslikka chaqirdi


Samarqandda tuman hokimi fermerning yerini tortib olmoqchi bo‘ldi. Namangan bog‘chalarida bolalar sanitariya-gigiyena qoidalariga zid sharoitda tarbiyalangan. Kutubxonalar xorijda tayyorlangan diniy materiallarni ruxsatsiz qabul qilishi man etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

“Tuman hokimi fermerning yerini tortib olmoqchi bo‘ldi”

Sarmarqand viloyati Pastdarg‘om tumani hokimining “Safarova Nodira” dehqon xo‘jaligiga qarashli yer maydonini tortib olish yo‘lidagi urinishlari chippakka chiqdi (“XXI asr”, 6 mart).

Samarqand viloyat xo‘jalik sudi sudyasi Yo‘ldosh Norbekovga ko‘ra, tuman hokimi dehqon xo‘jaligi tomonidan qurilgan inshootni buzib tashlash va yer maydonini hokimlik ixtiyoriga o‘tkazishni so‘rab da‘vo arizasi kiritgan. Hokim dehqon xo‘jaligi noqonuniy qurilish qilganini iddao qilgan. Ammo tekshiruvda hokimning da‘vosi asossiz bo‘lib chiqdi.

Dehqon xo‘jaligi qarovsiz yotgan yerni olib, juda ko‘p kuch sarflab uni obod qilgani ma‘lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, xo‘jalik sudi hokimning da‘vosini rad etgan.


“Davlat test markazi abituriyentlarni ogohlantirdi”

O‘zbekiston Davlat test markazi mamlakatda turli nomlarda chop etilgan test savollari ko‘payib borayotganidan xavotir bildirdi (“Darakchi”, 6 mart).

Respublika bo‘ylab keng tarqalgan aksar test to‘plamlaridan o‘rin olgan savollar ekspertizadan o‘tkazilmagan, davlat ta‘lim standartiga mos emas. Eng achinarlisi, bunday kitoblar “Davlat test markazi hamkorligida tayyorlandi”
degan yolg‘on axborot ostida chop etilmoqda.

“Soxta tadbirkorlar tomonidan chop etilayotgan shakl, tuzilish va hajm jihatdan Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilayotgan test sinovlarida ishlatilayotgan savollar kitobiga o‘xshash bunday manbalar foydalanuvchini aldashi mumkin, xolos” deyiladi gazeta xabarida.


“O‘nlab bolalar bog‘chasida sanitariya va ovqatlanish me‘yorlari buzilgan”

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 39 ta maktabgacha ta‘lim muassasalarida o‘tkazilgan tekshiruvlarda sanitariya-gigiyena va ovqatlanish me‘yorlari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi (“Diyonat”, 6 mart).

4, 9, 17, 25, 33, 44, 45, 47 va 49-bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalarning hayoti, sog‘lig‘i va jismoniy rivojlanish ahvoli hech kimni qiziqtirmagan chog‘i, davolash-profilaktika ishlari, sanitariya-gigiyena me‘yorlari, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya etilmagan.

15-umumta‘lim maktabida ta‘mirlash ishlari boshlangach, 60 nafar o‘quvchi 29-bog‘chaga joylashtirilgan. Natijada muassasaning 4 ta guruhidagi 70 nafar bola 3 oy mobaynida bitta xonada, sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitda tarbiyalangan.

Bundan tashqari, 10 ga yaqin bog‘chada bolalar berilayotgan issiq ovqat sifati qoniqarsiz ekani aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan qator mansabdorlarga jinoiy ish ochilgan.


“Kutubxonalar xorijda tayyorlangan diniy materiallarni ruxsatsiz qabul qilishi taqiqlandi”

O‘zbekiston hududida diniy materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatishga oid yangi nizom kuchga kirdi (“Adolat ko‘zgusi”, 6 mart).

Vazirlar Mahkamasi joriy yil 20 yanvarda qabul qilgan qarorga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga faqat davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilgan diniy mazmundagi materiallargina olib kiriladi.

Ekspertiza chog‘i diniy materiallar taqiqlangan degan xulosaga kelinsa, ular bojxona yoki davlat chegarasini qo‘riqlash idorasi tomonidan musodara qilinadi. Yangi nizomga muvofiq, mamlakatdagi kutubxonalar va axborot-resurs markazlari Din ishlari qo‘mitasi xulosasini olmay turib, xorijda ishlab chiqarilgan diniy materialni qabul qilishi taqiqlanadi.


“Poyezd g‘ildiraklarining ishlash muddati o‘tib ketgani ma‘lum bo‘ldi”

Orolbo‘yi hududidagi temir yo‘l va ikkita aeroportda tekshiruv o‘tkazgan prokuratura qator qonun buzilishlarini aniqladi (“Huquq”, 6 mart).

Urganch, Hazorasp, Miskin temir yo‘l bekatlarida deraza-eshiklari shikastlangan, g‘ildiraklarining ishlash muddati o‘tib ketgan vagonlardan foydalanilgan.

Harakat xavfsizligini ta‘minlash borasida ham me‘yoriy hujjatlar talabiga rioya etilmagan. Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish borasida ham kamchiliklar aniqlangan.

Tekshiruvlar chog‘i 290 nafar mas‘ul shaxs xizmat vazifasini bajarishda mas‘uliyatsizlik qilgani uchun jazolangan.


“Iste‘molchilar buxanka non sifatidan nolimoqda”

Toshkent shahrida sotilayotgan buxanka non sifat talabiga javob bermayotir (“Noviy vek”, 6 mart).

Ikkinchi yoki uchinchi kunga qolgan non yelim kabi yopishqoq bo‘lib, yeyishga yaroqsiz holga kelmoqda. “Toshkent non” birlashmasi o‘z mahsulotlari sifatli ekanini ta‘kidlagan.

Ammo gazetaga ko‘ra, barcha iste‘molchilar shahar bo‘ylab sifatli buxanka qidirib topish imkoniga ega emas.

“Toshkentlik nonvoylar sifatli mahsulot tayyorlashni o‘rganishmagan ekan, jilla qursa butun buxanka nonni qismlarga bo‘lib, yarimtadan, choraktadan sotishni yo‘lga qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi” deb yozadi gazeta.


“Maktabga 6 yoshdan chiqmoqchi bo‘lgan bolalar 2 bor komissiyadan o‘tadi”

O‘zbekiston maktablariga olti yoshdan kirish istagida bo‘lgan bolalar 1 fevraldan 30 aprelgacha tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi (“Oila davrasida”, 6 mart).

Bu haqda respublika Xalq ta‘limi vazirligi huzuridagi tashxis markazi rahbari o‘rinbosari Kamoliddin Jo‘raboyev ma‘lum qilgan.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bolalar tuman (shahar) xalq ta‘limi bo‘limi qoshida tuzilgan bolalar psixologik-pedagogik tashxis komissiyasiga tavsiya etiladi.

O‘z navbatida mazkur komissiya 1 maydan 25 avgustga qadar bolaning psixologik-pedagogik jihatdan yetukligini o‘rganadi. Ushbu ikki komissiyadan o‘tgan bolalarga olti yoshdan maktabga borishga ruxsat beriladi.

Jo‘raboyevga ko‘ra, hozircha respublikaning chekka, olis hududlarida yashaydigan bolalarni tibbiy tekshiruvga to‘liq qamrab olish imkoni yo‘q.
XS
SM
MD
LG