Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:43

Ellikqal‘ada chiroq o‘chishi chaqaloq o‘limiga sabab bo‘ldi


27 fevral kuni Ellikqal‘a tuman markaziy kasalxonasida chiroq o‘chib qolib¸ bir soat davomida ham qayta yonmagani oqibatida sun‘iy nafas olish uskunasiga ulangan olti oylik Jondorbek olamdan o‘tdi.

Ellikqal‘a tuman markaziy kasalxonasi shifokorlari Ozodlik bilan suhbatda Jondorbek o‘limini tasdiqlashdi. Ayni paytda¸ kasalxonaning o‘z ismini aytmagan rahbarlaridan biri chaqaloq o‘limiga aynan svet o‘chib qolishi sabab bo‘lganini inkor qildi:

- Haqiqatan ham Sultonov Jondorbek bizda yotdi. U tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ildi. Doim apparatda yotdi. Svet o‘chib turadi bizda, lekin svet problemasining bunga aloqasi yo‘q. Biz dvijok ham qilib qo‘yibmiz, svet o‘chsa darrov qo‘shiladi, dedi Ellikqal‘a tuman markaziy shifokorlaridan biri.

Kasalxonada nobud bo‘lgan chaqaloqning ota-onasi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu voqea tafsilotlari haqida gaplashishni istamadi.

Hodisani o‘rgangan Ozodlik manba‘siga kura, chaqalok kasal bo‘lgani bilan uning hayeti aynan svet o‘chishi tufayli uzilgan.

- Bizda kunda svet o‘chayapti. Yuragi apparat yordamida ishlab turgan bola bir soatga svetni o‘chirganida olamdan o‘tdi, deydi ismini aytmagan ellikqal‘alik ayol.

Ellikqal‘a tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda Jondorbek o‘limi sabablari o‘rganilayotgani, o‘lim sabablari haqida xulosa qilishga hali erta ekanini aytishdi:

- Bu ish bilan hozir prokuratura ham shug‘ullanayapti. Bola o‘limiga svet o‘chishi sabab bo‘lganmi yoki haqiqatan ham yuragidagi nuqson sabab bo‘lganmi, buni o‘rganayapmiz, dedi Ellikqal‘a militsiyasi rasmiysi.

Ozodlik ega bo‘lgan ma‘lumotga ko‘ra, bu Ellikqal‘a tumanida so‘nggi uch oy ichida svet o‘chishi bilan bog‘liq ikkinchi o‘lim holatidir.

Ellikqal‘a tuman markaziy kasalxonasining o‘z ismini aytmagan shifokorlaridan biri muntazam elektr uzilishlari bemorlarga lozim tibbiy muolaja qilinishiga jiddiy xalal berayotganini e‘tirof etdi:

- Masalan, operatsiya bo‘lib turganida birdan svet o‘chib qoladi. U paytda darrov dvijokga ulab yuboramiz. Hozir shunaqa juda ko‘p bo‘layapti. Avvallari mana shu vaqtda svet o‘chadi, deb ogohlantirishar edi. Hozir ogohlantirmasdan, o‘chirib qo‘yayapti. Nimaga ogohlantirmaysizlar desak, Nukusdan uzib qo‘ydi, deyishadi. Shu chatoq bo‘lib turibdi, deydi ellikqal‘alik shifokor.

O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘istonda ham sovuq kunlar boshlanishi bilan elektr tarmog‘ida uzilishlar tez-tez ro‘y beradi.

Qoraqalpog‘iston elektr tarmoqlari tashkilotidagi birorta mas‘uldan bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG