Линклар

logo-print
Ukrainaning milliy paralimpiya jamoasi Rossiyaning Sochi shahrida start olgan qishki Paralimpiada o'yinlarining ochilish marosimida qatnashishdan bosh tortdi.

7 mart kuni "Fisht" stadionida o'tgan tantanali ochilish marosimida 23 kishilik Ukraina paralimpiyachilari jamoasidan faqat bir sportchi - bayroqdor Mixail Tkachenko ishtirok etdi.

Ukrainaning Yoshlar va sport vaziri Dmitriy Bulatov Facebook'dagi sahifasida jamoa shu tariqa "agressor va okkupantlar"ning Ukraina zaminiga bostirib kirganiga nisbatan o'z noroziligini ifoda etdi, deb yozdi.



Vazirga ko'ra, bunday qaror sportchilar va Ukrainaning Paralimpiya qo'mitasi prezidenti Valeriy Sushkevich tarafidan bir ovozdan qabul qilingan.

Avvalroq Sushkevich ukrainalik paralimpiyachilar Sochi musobaqalarida qatnashishga qaror qilishganini, biroq, agar Rossiya Qrimdagi vaziyatni keskinlashtirishda davom etsa, sportchilar Paralimpiadani tark etishini aytgan edi.

Kremlni Ukraina suverenitetini buzganlikda ayblayotgan qator davlatlar, jumladan, AQSh, Britaniya va Fransiya rasmiylari Sochidagi XI qishki Paralimpiada o'yinlarining ochilish marosimiga kelishmadi.
XS
SM
MD
LG