Линклар

Rossiya harbiylari Qrimning “Chernomorskoye” posyolkasida Ukrainaning chegara zastavasini bosib oldi. Ukraina Davlat chegara xizmati rasmiysi zastava qon to‘kilishsiz ishg‘ol qilinganini aytdi. Bu bilan Rossiya harbiylari Qrimda nazorat qilayotgan chegara postlari soni 11 taga yetdi .

Rossiya harbiylari yakshanba kuni ertalab Qrimning g‘arbiy sohilidagi “Chernomorskoye” posyolkasida Ukrainaning chegara zastavasini bosib olganini Ukraina Davlat chegara xizmati matbuot kotibi Oleg Solobodyan ma‘lum qildi.

Slobodyan aytganiga tayanib Ukrainaning “5-kanali” zastava ma‘muriyati yakshanba kuni ertalab soat oltida 30 nafar rossiyalik qurolli harbiy tomonidan ishg‘ol qilinganini bildirdi.

Bu bilan Rossiya harbiylari Qrimda bosib olgan chegara postlari soni 11 taga yetdi.

Chegara xizmati rasmiysi suv ustidagi vaziyatni nazorat qiladigan texnik postlarni yaroqsiz holatga keltirish harakatlari kuzatilganini bildirgan.

UNIAN Internet nashri bir kun oldin Simferopol shahri tomonga harbiy yuk mashinalari karvoni jo‘nab ketganini bildirdi.

Reyters axborot agentligi muxbirlari Rossiyaning yuzlab askari, bronemashinalar va tezyordam xizmatlari hamkrohligida, taxminan 50 ta yuk mashinasida Simferopol shahridan shimolda joylashgan harbiy baza tomon jo‘nab ketayotganini video tasvirga tushirgan.

Moskva Rossiya Qrimda o‘z harbiy hozirligini kuchaytirayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qildi.

16 mart kuni Qrim Muxtor Respublikasining Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi rejalangan.

Yakshanba kuni Qrim Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Temirgaliyev Kiyev rasmiylari davlat xazinasining Qrim bo‘limi elektron tizimini o‘chirib qo‘ygani va Muxtor Respublikaning hisob raqamlariga kirish blok qilinganini aytdi.

Ukrainaning yangi hukumati Qrimda o‘tkazilishi rejalangan referendumni noqonuniy, deb atagan.

Ukraina Prezidenti vazifasini vaqtincha bajarayotgan Aleksandr Turchinov o‘tgan hafta referendum o‘tkazish haqidagi qaror “Rossiya harbiy kuchlari to‘liq nazorat qilayotgan” Qrim parlamenti tomonidan qabul qilganini ta‘kidladi.

Qrimda yashaydigan ukrainlar va tub aholi bo‘lgan tatarlar 16 mart kungi referendumga boykot e‘lon qilishni rejalagan.

O‘zbekistonda tug‘ilgan va hozir Ukraina fuqaroligini olib Qrimning Simferopol shahrida yashayotgan Rizvon Ozodlik bilan suhbatda tatarlar referendumda ishtirok etmaydi deb yo‘lashini aytdi.

- Men Qrim tatar xalqi referendumda qatnashmaydi deb o‘ylayman. Chunki rossiyaliklar bu masalani hal qilib qo‘yibdi. Biz qatnashamizmi yoki qatnashmaymizmi bu allaqachon hal bo‘lgan, dedi Rizvon.

9 mart kuni Ukrainaning turli shaharlarida Rossiya va Ukraina tarafdorlari bo‘lgan minglab odam ishtirokida namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Qrimning Sevastopol shahrida rossiyaparast namoyishchilar Ukraina yaxlitligini qo‘llab namoyishga chiqqan odamlarga tayoqlar bilan hujum qildi.

Qrim poytaxti Simferopol shahrida Rossiya va Ukraina tarafdorlarining namoyishi tinch o‘tdi.

Donetsk shahrida minglab namoyishchilar oldida so‘zlagan UDAR partiyasi yetakchisi Vitaliy Klichko Ukrainaning parchalanishi va qon to‘kilishining oldini olishga chaqirdi.

- Barcha ukrainaliklar uchun bugungi kundagi eng dolzarb masala birlashishdir. Birlashish va provokatsiyalarning, ayirmachilar o‘z rejalarini amalga oshirishining oldini olishdir. Ayirmachilar maqsadi mamlakatni parchalash va mustaqillikni yo‘q qilish, deya bayonot berdi Vitaliy Klichko.

Donetsk shahrida Rossiya tarafdorlari ham o‘z namoyishini o‘tkazdi.

Poytaxt Kiyevda Taras Shevchenko tavalludining 200 yillik yubileyi munosabati bilan uyushtirilgan tadbirda minglab namoyishchi oldida so‘zlagan Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Ukraina xatto bir qarich yerini Rossiyaga bermasligini ta‘kidladi.

Shanba kuni Qrimning bir necha shahrida turli millat vakillari urushga qarshi namoyishlar o‘tkazib Qrim Ukraina tarkibida qolishini hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan o‘z qo‘shinlarini Muxtor Respublikadan olib chiqishni talab qildilar.
XS
SM
MD
LG