Линклар

Moskvadagi Saxarov jamoatchilik markazida mehnat muhojirlarining Rossiyadagi hayotiga oid fotoko‘rgazma ochildi. “Ular” deb nomlangan ko‘rgazmada mehnat muhojirlarining kundalik hayoti tasvirlanadi. Ekspozitsiyada o‘zbekistonlik fotohujjatchilar asarlari ham ishtirok etmoqda.

6 mart kunidan boshlab Andrey Saxarov nomli Muzey va jamoatchilik markazi qoshidagi Fotodoc Hujjatli fotosurat markazida “Ular” deb nomlangan Rossiyadagi mehnat muhojirlari hayotiga oid 20dan ortiq foto ustalari asarlari namoyish etilmoqda.

Fotoko‘rgazma “migrantlar hayotiga ob‘ektiv qarashni” taklif etadi. Tirikchilik uchun mablag‘ topish maqsadida Rossiyaga ommaviy ravishda kirib kelayotgan mehnat muhojirlari turmushining ko‘pchilikning nazaridan tashqarida qolayotgan tomonlarini yoritishga urinish, deb baholamoqda ko‘rgazmani uning tashkilotchilari.

Fotosuratlar bilan birga ekspozitsiyada muhojirlar masalasiga oid rasmiy statistik ma‘lumotlar ham keltirilgan, deydi Ozodlikka shu mavzuga oid fotolarni jamlash g‘oyasi tashabbuschisi Fotodoc markazi rahbari Aleksandr Sorin.

- Saxarov markazi qoshidagi Fotodoc Hujjatli fotosurat markazi fotosuratchilarning hujjatli loyihalari bilan shug‘ullanadi. Biz ijtimoiy yo‘nalishdagi fotojurnalistika bilan shug‘ullanadigan Moskvadagi deyarli yagona markazmiz. Biz jamiyat, alohida inson muammolarini yoritamiz, ular aksini tarixda qoldiramiz. Mana bu qo‘rgazma ko‘plab mamlakatlardan Rossiyaga kelayotgan sanoqsiz mehnat muhojirlari masalasiga bag‘ishlandi. Biz biror siyosiy, millatchilik boshqa yoki bo‘yoqlar va shtamplarsiz jamiyat e‘tiborini migrantlar hayotiga, ular muammolariga qaratmoqchimiz. Bu, eng avvalo, ksenofobiya va millatchilik kasaliga yo‘liqqan Rossiya uchun kerakdir, dedi Ozodlikka “Ular” fotoko‘rgazmasi kuratori Aleksandr Sorin.

Fotoko‘rgazmada ishtirok etayotgan 20 ziyod foto ustalari orasida o‘zbekistonlik Elyor Ne‘matov ham bor.



Ozodlik Radiosi bilan suhbatda Elyor mehnat muhojirligi masalasiga anchadan buyon qiziqishini gapirib berdi.

- Bu mavzu mening shaxsiy oilam, qarindoshlarim va men bilgan juda ko‘p odamlarga yaqin mavzu. O‘zbekistonda Rossiyada mehnat qilgani bormagan birorta oilani topish qiyin. Mening otam, akam, shaxsan men Rossiyada yurgan paytlarimda bu mavzu menga shaxsan tegib o‘tdi. Bu haqda ko‘p o‘ylay boshladim, imkon bo‘lganida suratga olishni boshladim. Rossiyada muhojirlar kelishi ortidan demografiya o‘zgarib borayapti, ayni paytda O‘zbekistonda ham vaziyat o‘zgarib borayapti – erkaklar, ishchi kuchining kamayib borayotgani kuzatish mumkin. Men asosan mana shu ikkita loyihani yoritishga harakat qilganman, deydi fotosuratchi Elyor Ne‘matov.

Elyor o‘z fotolari orqali Rossiyada muhojirlar mehnatiga kun sayin ehtiyoj oshib borayotganiga qaramasdan, migrantlar jamiyatning eng huquqsiz va pastki qatlami bo‘lib qolayotganiga ham jamoatchilik e‘tiborini qaratishga urinayotganini aytdi.

Elyor bu fotolar yillar o‘tib “o‘zbek mehnat muhojirligi” yo‘qolishi ortidan davrimizning tarixiy hujjati sifatida avlodlarimizga qoladi, deydi.

- Bu tarixdagi asosiy varaqlardan biri va mening vazifam shu varaqni vizual tomondan yaratishdir. 10-20 yildan keyin vaziyat o‘zgarib, biz ularga – ular bizga muhtoj bo‘lmasmiz. O‘shanda tarixda vizual dokumentlar qoladi. Shu bilan birga, bizdagi odamlar Rossiyani bilmasligi, Rossiyadagi odamlar esa bizdagi vaziyat haqida, bizning chuqur madaniyatimiz to‘g‘risida tasavvurga ega emas. Bu loyiha ustida ishlaganda bularni ham ko‘rsatishga uringanman, - deydi migratsiya masalasini fototarixda aks ettirishga urinayotgan buxorolik Elyor Ne‘matov.

Suhbatdosh yaqindagina shaxsiy saytini ishga tushirgani va unda “I AM A FOREIGNER” (“MEN XORIJLIKMAN”) va “Buxoro bolalari” loyihalarini natijalari chop etganini ham ma‘lum qildi.

Fotoko‘rgazma 2014 yilning 30 martigacha o‘z ishini davom ettiradi.
XS
SM
MD
LG