Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:55

Qrim Rossiyaga qo‘shilish uchun mustaqillik e‘lon qildi


Ukraina parlamenti qrimliklarni referendumni boykot qilishga chaqirmoqda.
Ukraina parlamenti qrimliklarni referendumni boykot qilishga chaqirmoqda.
Ukrainaning Qrim Muxtor Respublikasida Rossiyaga qo‘shilish borasida referendum o‘tkazilishi arafasida rus qo‘shinlari egallab olgan mintaqa parlamentining rossiyaparast deputatlari Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi. Deklaratsiyada Qrim Rossiya tarkibida alohida Respublika sifatida mavjud bo‘lishi belgilandi.

Qrim parlamentida 11 mart kuni o‘tkazilgan ovoz berishda zaldagi 81 deputatdan 78 nafari Deklaratsiya uchun ovoz berdi.

Ushbu Deklaratsiya Qrimning Rossiyaga qo‘shilish masalasini referendumga olib chiqilishini qonuniylashtirish uchun kerakligi aytildi. Qrim Muxtor respublikasining navbatdan tashqari sessiyasida qabul qilingan hujjat uchta asosiy moddadan iborat:

1. Agarda 2014 yilning 16 martida bo‘lajak umumxalq ovoz berishda Qrim xalqlari va Sevastopol shahri Rossiyaga, uning sub‘ekti o‘laroq qo‘shilishini yoqlab ovoz bersa, referendumdan keyin Qrim respublika boshqaruv shakliga ega mustaqil davlat, deb e‘lon qilinishi;

2. Qrim Respublikasi o‘z hududida tinchlik, millatlararo va konfessiyalararo ittifoqni qo‘llab-quvvatlovchi demokratik, dunyoviy va ko‘pmillatli davlat bo‘lishi;

3. Qrim Respublikasi, mustaqil va suveren davlat sifatida, referendumning tegishli natijalariga muvofiq Qrim Respublikasini Rossiya Federatsiyasiga tarkibiga Rossiyaning yangi sub‘ekti sifatida qo‘shib olishni so‘rashi bildirilgan.

Bundan tashqari, deputatlar o‘z yig‘ilishida Qrim tatarlari tili va madaniyati, ularning maktabgacha, o‘rta va oliy ta‘limini qo‘llab-quvvatlashni va‘da qildi.

- Biz yagona uyimizda – Qrimda birgalikda yashashni o‘rgandik. Biz o‘zaro muammolarimiz va turmushimizni yaxshi tushunamiz. Bugun bizga ulkan imkoniyat – Qrimda milliy totuvlik va tinchlikka asoslangan millatlararo jamiyat qurish imkoniyati berildi, dedi Qrim Oliy Kengashi raisi Vladimir Konstantinov.

Shu bilan birga, Konstantinov qrim-tatarlari bilan muzoqaralar olib borilayotgani va hozircha natijalar ochiqlanmasligini aytib o‘tdi. Ozodlik Qrim tatarlarining aksar qismi Ukrainadan ajralish niyatida emasligi to‘g‘risida xabar bergan edi.

Parlament yig‘ilishiga tatarlarni “qo‘llab-quvvatlash uchun” Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov yetib keldi. U yangi tuzilayotgan davlat bilan allaqachon munosabatlar o‘rnatilganidan maqtandi.

Ayni paytda, yarimorolda 16 mart kunga mo‘ljallangan referendumga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jami umumxalq ovoz berishda 1250 saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatishi xabar qilindi.

Yakshanba kuniga belgilangan referendumda fuqarolardan Qrimning Rossiyaga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi yoki qo‘llamasligi so‘raladi.

Ukraina parlamenti Qrim parlamenti referendumni bekor qilmasa, uni tarqatib yuborishga tahdid qildi.

G‘arb davlatlari va Ukrainaning yangi hukumati Qrimdagi referendumni noqonuniy deya atab, uning natijasi tan olinmasligini ta‘kidlagan. Ukraina hukumati Qrim aholisini referendumni boykot qilishga chaqirmoqda.
XS
SM
MD
LG