Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:12

Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li otasining Rog‘un haqida qo‘shiq aytganini inkor qildi


Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta kontsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.
Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta kontsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.
Sherali Jo‘rayevning Internetda tarqalgan navbatdagi qo‘shig‘i Rog‘un va Qambarota GESlarining ekologik zarariga bag‘ishlandi. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo so‘zi bilan yozilgan mazkur qo‘shiq Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimlarida qurilayotgan yirik gidroinshootlarning mintaqamizga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararini ohang vasilasida ifoda etadi.

O‘zbekiston xalq artisti, 67 yashar Sherali Jo‘rayev Rog‘un va Qambarota GESlari haqidagi qo‘shig‘i Internetga sizib mashxur bo‘laëtgan bir paytda hofizning o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayev bu qo‘shiqning otasiga oidligini rad qildi.

Internetdagi sayyod.uz nashri, Zohirshoh Jo‘rayev “Bugungi kunda internetda tarqalgan Sherali Jo‘rayevning yangi suv(GES)ga atalgan qo‘shig‘i xaqidagi xabarlarni inkor etdi!” deya xabar tarqatdi.

Zohirshoh Jo‘rayevning aytishicha¸ “Otasi bunday qo‘shiq kuylamagan, shunchaki bir ijodkor tarafidan taklif bo‘lgan xolos”.

Bundan avval Sherali Jo‘rayevning ekologik mavzuda qo‘shiq aytganini hofizning matbuot kotibi Ozodlikka tasdiqlagan edi.

Hofizning shaxsini ochiqlashni istamagan matbuot kotibi “qo‘shiq tayyor bo‘lsa-da, hofiz uni yanada qiyomiga yetkazish ustida izlanaëtganligini” bildirgan edi.

Internetda tarqalgan qo‘shiq audiosini ummonmp3.net nashridan ham yuklab olish mumkin.

O‘zbekistondagi Ummon guruhining o‘zini Anvar deb tanishtirgan prodyusseri Sherali Jo‘rayevning bu qo‘shig‘ini Internetga joylamagani va ummonmp3.net nashriga aloqasi yo‘qligini aytdi.

Ayni paytda, Internetga joylashtirilgan qo‘shiq ichiga Ummon guruhi promosi joylashtirilgan.

Sherali Jo‘rayevga oidligi kamida ikki audio ekspert tarafidan tasdiqlangan "Daryolar" nomli qo‘shiqni youtube.com portalida ham tinglash mumkin.


Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay...

O‘zbekiston xalq shoiri¸ senator Iqbol Mirzo qalamiga mansub bu qo‘shiqda Tojikiston va Qirg‘izistondagi Rog‘un va Qambarota GESlarining nomi aniq keltirilmaydi.

Qo‘shiqda to‘g‘on qurib, o‘z qo‘shnisiga choh qazigan qo‘shnilar malomat qilinadi. Qo‘shiq matnida “To‘g‘on qurib, daryolarga to‘g‘anoq bo‘lgan zotlar” va “Qishda qorni qizg‘anguvchi past”lar tanqid qilinadi.

To‘g‘on qurib, daryolarga to‘g‘anoq bo‘lgan zotlar,
Oftob sochgan ziyolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.


Bu misralardan keyin mintaqadagi ikki davlat Qozog‘iston va Turkmaniston manfaatlari haqida ham ishorat ketadi.

Bu daryoda qozoq quvgan marolning ham haqqi bor,
Maxtumquli ekib ketgan niholning ham haqqi bor,


Keyingi misralarda esa Orol fojesi va transchegaraviy daryolar quyi oqimidagi hududga yetkaziladigan ekologik zarar to‘g‘on qurgan qo‘shinlar zimmasiga yuklanadi.

Non urmasin, tuz tutmasin, Orolning ham haqqi bor,
Samum chalgan navolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.
Qishda qorni qizg‘anguvchi pastdan O‘zi asrasin,
Hamsoyaga chohlar qazgan kasdan O‘zi asrasin,
Tabiatdan qaytar qasos-qasddan O‘zi asrasin,


Qo‘shiqning so‘nggi bandida esa “darëlarni to‘smoqchi bo‘lgan nomard qo‘shni”larning maqsadi amalga oshmasligi ta‘kidlanadi:

Sirli-sirli nidolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.
Hasadgo‘yning qo‘rg‘oniga qush ham qo‘nmas deydilar,
Xudoyimning berganiga nomard ko‘nmas deydilar,
Noshukrning to‘g‘oniyu ko‘ngli to‘lmas deydilar,
Sabolarning, havolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay,
Daryo-daryo duolarning yo‘lin to‘sib bo‘lmagay.


Ozodlik muxbiri bu qo‘shiq haqida izoh so‘rab, Sherali Jo‘rayevning ma‘muriga murojaat qildi va javob ololmadi.

Ba‘zi mahalliy jurnalistlar Sherali Jo‘rayevning rafiqasi so‘zlariga tayangan holda, bu qo‘shiq hali-beri kontsertlarda kuylanmasligini Ozodlik muxbiriga bildirishgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan Sherali Jo‘rayevga yaqin manbalarning ta‘kidicha¸ hofiz bu qo‘shiq orqali O‘zbekiston rahbariyatiga ëqib, o‘z ijodiga qo‘yilgan norasmiy to‘g‘onni sindirmoqchi bo‘lgan.

Manbalarning aytishicha¸ qo‘shiq nihoyasiga yetgandan keyin esa ba‘zi siësiy andishalar bois Sherali Jo‘rayev bu ashuladan vaqtincha masofalanishni ma‘qul ko‘rgan.

67 yoshli o‘zbek hofizi Sherali Jo‘rayev keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonning yetakchi telekanallari va katta kontsert zallarida qo‘shiq aytmaydi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, Sherali Jo‘rayevning katta sahnada qo‘shiq kuylashiga yuqoridan “norasmiy taqiq” qo‘yilgan.

1947 yil 12 aprelida Andijon viloyatining Asaka tumanida tavallud topgan Sherali Jo‘rayev 1966 yili O‘zbekiston telekanalida “Hormangiz" degan ashulani aytganidan keyin ëshlar orasida mashhur bo‘lib ketgandi.
XS
SM
MD
LG