Линклар

logo-print

"Chevrolet Orlando"ning narxi va qanday valyutaga sotilishi noma‘lum


"Chevrolet Orlando" avtomobilining taqdimotga qo‘yilgan nusxasi.

"Chevrolet Orlando" avtomobilining taqdimotga qo‘yilgan nusxasi.

General Motors O’zbekiston shirkati Toshkentda yangi "Chevrolet Orlando" oilaviy minivenining taqdimot marosimini o‘tkazdi. Biroq hozircha mazkur rusumdagi avtomobilning qachon sotuvga chiqarilishi, narxi va qanday valyutaga sotilishi noma‘lum.

"Chevrolet Orlando"ning taqdimot marosimi Toshkentdagi "Driver`s Village" avtosalonida o‘tkazilgan. Avtosalon rasmiysining aytishicha, avtomobilning qachon sotuvga chiqarilishi hozircha noma‘lum.

-Qachon sotuvga chiqarilishini men, rostini aytsam, bilmayman. Shu hafta oxiri yoki keyingi haftada kelsangiz uni ko‘rgazmaga qo‘yamiz. Sotish sharti bilan ko‘rgazmaga qo‘yamizmi yoki faqat taqdimot uchunmi, bu ham noma‘lum, hozircha,- dedi "Driver`s Village" xodimi.

Uning aytishicha, "Chevrolet Orlando" faqat naqd pulga sotilishi nazarda tutilgan.

-Uning narxi va qaysi valyutaga sotilishi hozircha noma‘lum. Lekin u naqd pulga sotiladi. Pul o‘tkazish yo‘li bilan hozircha sotilmaydi, -dedi xodim.

General Motors O’zbekiston shirkati rasmiysi ham 10 mart kuni taqdimot marosimi o‘tkazilgan "Chevrolet Orlando" yuzasidan hozircha ko‘p narsalar aniqlashtirilmaganini, shirkat rahbariyati bu masalani endigina o‘rganishni boshlaganini aytdi:

-Avtomobilning prezentatsiyasi kecha bo‘lib o‘tdi. Rahbariyat tomonidan hozircha bu borada biror ma‘lumot aytilgani yo‘q, uning sotuvga qachon chiqarilishi haqida. Hozir bu masalaga oydinlik kirtayotgan edik,- dedi General Motors O’zbekistan shirkatining o‘zini tanishtirishni istamagan rasmiysi.

Yangi avtomobil to‘g‘risida tarqatilgan ma‘lumotda aytilishicha, "Chevrolet Orlando" 7 o‘rinli, o‘rtacha hajmdagi oilaviy miniven hisoblanadi va "Chevrolet Cruze" sedani platformasi asosida yaratilgan. Mazkur avtomobil "General Motors Korea" guruhi tomonidan loyihalashtirilgan.

"Chevrolet Orlando" Xorazmdagi zavodda yirik tarmoqli yig‘ish texnologiyasi asosida ishlab chiqariladi. Miniven dvigateli 141 ot kuchiga ega. Mashina yuz kilometrga 7,9 litr benzin sarflaydi va olti bosqichli avtomat transmissiyasiga ega.

"Chevrolet Orlando" avtomobili loyihasi 2009 yilda General Motors shirkati tomonidan ishlab chiqilgan va 2010 yilda Janubiy Koreyadagi zavodda konveyyerga qo‘yilgan. 2011 yildan boshlab "Chevrolet Orlando" Yevropa mamlakatlarida sotuvga chiqarilgan va o‘rtacha 23 ming AQSh dollaridan sotiladi.

Ayni paytda, Farg‘onadagi Ozodlik manbalari AYoQSh sohiblari General Motors O’zbekiston shirkatida ishlab chiqarilgan narxi qimmat avtomobillarni, ya‘ni 90 million so‘m turadigan Captiva 3 sotib olishga majburlanayotgani haqida ma‘lumot bergan edi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxining Rossiya va Ukrainada o‘zbekistonliklarga sotilayotganidan qariyb ikki baravar arzon ekani kuzatiladi.

Yiliga 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega ekani aytiladigan GM Uzbekistan qo‘shma korxonasida Nexia, Cobalt, Lacetti, Malibu, Gentra kabi sedan, kichik hajmdagi Matiz va Spark, Damas kichik avtobusi va Captiva rusumidagi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.
XS
SM
MD
LG