Линклар

Vimpelcom O‘zbekistonda TeliaSonera sxemalaridan foydalangan


Beeline mobil operatori egasi Vimpelcom shirkati ham O‘zbekistonda TeliaSonera usullari bilan harakat qilgan.

Beeline mobil operatori egasi Vimpelcom shirkati ham O‘zbekistonda TeliaSonera usullari bilan harakat qilgan.

Rossiya va Norvegiyaga qarashli Vimpelcom shirkati O‘zbekistondagi faoliyati Hollandiya prokuraturasi olib borayotgan jinoyat ishiga sabab bo‘ldi. Hollandiya prokuraturasining ma‘lum qilishicha, 11 mart kuni ochilgan jinoyat ishi doirasida Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati faoliyati ham tekshirilmoqda. Qarorgohi Amsterdamda joylashgan Vimpelcom telekommunikatsion shirkatining O‘zbekiston bilan bog‘liq biznesi AQSh qimmatbaho qog‘oz va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan ham taftish qilinmoqda.

Bosh qarorgohi Hollandiya poytaxtida joylashgan Vimpelcom aktsiyalari Nьyu York Fond birjasida NASDAQ tizimi orqali aylanadi. O‘zbekistondagi eng yirik mobil operatori Beeline egasi hisoblangan bu kompaniya chorshanba kuni o‘z faoliyati AQSh va Hollandiya hukumatlari tomonidan taftish qilinayotganini e‘tirof etdi.

Hollandiya prokuraturasining matbuot vakili Diki Gardenyyer, Ozodlik bilan suhbatda, Vimpelcom ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi.

“Vimpelcom shirkati ustidan jinoyat ishi ochilganini tasdiqlayman. Hozircha, mazkur jinoyat ishi doirasida kim va nimada gumon qilinayotgani borasida izoh bera olmayman. Chunki bu tergov endi boshlandi va oldimizda ko‘p narsani aniqlash vazifasi turibdi, dedi Hollandiya prokuraturasi rasmiysi Ozodlik muxbiriga.

Gardenyyer xonimning yana aytishicha, Vimpelcom bilan birgalikda, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatiga nisbatan ham Hollandiya prokuraturasi tomonidan tergov boshlangan. Ozodlikning ikkala shirkat ham bir jinoyat ishi doirasida taftish qilinmoqdami, degan savolini izohsiz qoldirgan prokuratura rasmiysi, ikkala shirkat ustidan taftish bir kunda, 11 martda boshlanganini ta‘kidladi.

Ozodlikning Hollandiya prokuratuarsi o‘rganayotgan ishda O‘zbekiston fuqarolaridan biror kishi figurant sifatida ko‘rilmoqdami, degan savolni ham Gardenyyer xonim ochiq qoldirdi.

TeliaSonera ishini bir yarim yildan beri tergov qilayotgan Shvetsiya prokuraturasi tergovchisi Gunnar Stettler 13 mart kuni Ozodlik bilan suhbat davomida, Hollandiyada ochilgan jinoyat ishida hamkorlik qilayotganini bildirdi.

- Men uchun Vimpelcom ustidan borayotgan ish qiziq, chunki bu shirkat ham O‘zbekistonda TeliaSonera shirkati qanday ish olib borgan bo‘lsa, ayni usulda ishlagan. Lekin bir narsani aytishim kerak, men faqatgina TeliaSonera tergovi uchun mas‘ulman va Vimpelcom ustida borayotgan tergovni izohlay olmayman. Lekin shuni aytishim mumkinki, TeliaSonera ishini yaxshiroq tushunishim uchun Vimpelcom ishi meni qiziqtirmoqda, chunki ikkala shirkat ham O‘zbekistonda ayni usullar bilan harakat qilgan, deydi shved prokuraturasi tergovchisi.

TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati 2012 yilda Shvetsiya tergovchilari tomonidan taftish qilina boshlagan paytda, Vimpelcom ham o‘zbeklarga qarashli, lekin Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant Ltd. firmasi bilan oldi berdi qilgani ko‘pchilik diqqatini tortgan edi. Chunki shved tergovchilari TeliaSonera aynan Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyanga tegishli Takilant Ltd. firmasi vositasida o‘zbeklarga 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganlikda gumon qilmoqda.

Shvetsiya prokuraturasi tergovida gumonlanuvchilar sirasida O‘zbekiston fuqarosi Gayane Avakyan va Alisher Ergashevlar borligi aniq.

Chorshanba kuni esa, ayni ish bilan bevosita bog‘liq Shveytsariya prokuraturasi olib borayotgan pul yuvish jinoyatiga doir tergovda o‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova gumonlanuvchiga aylangani ma‘lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, Ozodlik Shved jamoatchilik televidenisi jurnalistlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan surishitiruv doirasida oshkor qilgan, Gulnora Karimovaga tegishli ekani mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan dastxat egasi Shvetsiyadagi jinoyat ishi doirasida ham gumonlanuvchi, deb ko‘rilmoqda.

Vimpelcom shirkati ham Takilant bilan oldi berdi qilgani hamda O‘zbekistonda ayni usullar bilan ishlagani inobatga olinsa, Hollandiya tergovida ham ayni shaxslar gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgan bo‘lishini xulosa qilish mumkin.

Shvetsiya Bosh prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Gunnar Stettler gapiradi.

- Vimpelcom ishida kim gumonlanuvchi sifatida o‘tayotganini izohlash mening vazifam emas. Lekin bizning tergovda aniqlangan faktlar Takilant TeliaSonera bilan hamkorlik qilganiga ishora qilmoqda. Vimpelcom shirkatining yillik hisobotida bu shirkat ham Takilant bilan oldi berdi qilgani e‘tirof etilgan, deydi shved prokurori.

Bosh qarorgohi Hollandiyada joylashgan Vimpelcom shirkati ulushlarining qariyb 48 foizi Rossiyaning Altima kompaniyasiga, 43 foizi esa Norvegiyaning Telenor shirkatiga qarashlidir.

AQSh hukumatining Qimmatbaho qog‘ozlar va birja operatsiyalari bo‘yicha komissiyasining katta qismi Rossiyaga tegishli Vimpelcom shirkatini taftish qila boshlashi Vashington bilan Moskva o‘rtasida munosabatlar Ukraina ustida chiqqan qaramaqarshilik bois tarngalashgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekiston soliq qo‘mitasi mamalkatning eng yirik mobil operatori Beeline egasi hisoblangan Vimpelcom faoliyatini taftish qilgan, lekin hech qanday qonunbuzarlik topilmaganini bildirgan edi.

Vimpelcom shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basi Beeline operatorining 10 milliondan ortiq abonenti bor.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG