Линклар

logo-print
Ingliz tilidagi "Al-Jazira" telekanali payshanba kuni shu nomli filmni namoyish etdi. Daniyalik jurnalist Maykl Anderson suratga olgan 25 daqiqalik film Obidxon qori Nazarovga qarshi ikki yil avval uyushtirilgan suiqasd haqidadir.

Daniyalik jurnalist Maykl Andersen taniqli o‘zbekistonlik imom Obidxon qori Nazarovga qarshi ikki yil avval uyushtirilgan suiqasd haqida "Diktatorning uzun qo‘li" nomli hujjatli filmni suratga oldi.

Film shu kunlarda ingliz tilidagi "Al-Jazira" telekanali orqali namoyish etilmoqda.

Film muallifi Anderson O‘zbekistondagi ta‘qiblardan qochib, 2006 yilda Shvetsiya shimolida boshpana olgan o‘zbek imomining o‘qqa tutilishi haqida hikoya qiladi.

- Obidxon qoriga qilingan bu hujum Karimovning o‘z muxoliflari bilan uzoq masofadan turib ham hisoblasha olishi, hatto Yevropa Ittifoqida panoh topgan muxoliflariga qarshi hamla qilishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shuning uchun ham filmni “Diktaorning uzun qo‘li”, deb nomladik,- deydi Maykl Anderson Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarov 2012 yil 22 fevralida Shvetsiyaning Stromsund shaharchasidagi o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan edi.

Daniyalik jurnalist qotillik ortida kim turgan, degan savolga ham javob topish uchun Shvetsiya shimolidagi Stromsund shahriga yo‘l oladi.

- O‘zbekiston va Shvetsiya shimolidagi Stromsund shahrini minglab kilometr yo‘l ajratib turadi. Lekin, dunyodagi eng qattol diktator uchun bu, o‘z muxoliflari bilan hisoblashishga katta muammo emas. Karimov va uning maxfiy hizmatlari o‘z muxoliflari qayerda bo‘lishidan qat‘iy nazar ularga hamla qilishga qodir, - dedi Anderson.

Tergov boshidayoq muhojiratdagi o‘zbek imomiga uyushtirilgan bu suiqasd oddiy jinoyat emas, balki imomning o‘tmishdagi diniy-siyosiy faoliyati bilan bog‘langan, siyosiy motivlarga asoslangan buyurtma qotillik ekani va katta ehtimolda, buyurtmaning Shvetsiya tashqarisidan qilingani aytilgan.

Daniyalik Maykl Anderson o‘z jurnalistik surishtiruvi doirasida bu suiqasd ortida Karimov rejimi turibdi, degan hulosaga kelganini aytadi.

- Filmni tomosha qilgan bo‘lsangiz, hatto Shvetsiya prokurori ham imomga qarshi uyushtirilgan suiqasdda Karimov rejimini ayblaydi. Ushbu qotillik urinishi ortida Karimov rejimi turibdi, degan faraz kelib chiqyapti. Bu yerda boshqa versiya ko‘rinmayapti, - deydi film muallifi Maykl Anderson.

O‘zbekiston rasmiylari taniqli imom Obidxon qori Nazarovni mamlakatdagi "Vahhobiylik" oqimining rahnamolaridan biri sifatida ayblab keladilar.

Lekin, Nazarovning safdoshlari va oila-a‘zolari bu ayblovlarni rad etishadi.

Frantsiyadagi O‘tyuraklar klubi rahbari, sobiq siyosiy mahbus Mo‘‘tabar Tojiboyeva fikricha, o‘zbekistonlik Obidxon qori Nazarov prezident Karimovning nomer birinchi dushmani bo‘lgani uchun nishonga olingan bo‘lishi mumkin.

-Obidxon qori Nazarovni butun O‘zbekiston hurmat qiladi.Men bu odamning ekstremizmga, terrorizmga da‘vat qilganini eshitmaganman, - deydi Tojiboyeva.

Obidxon qori Nazarov ikki yildan beri komada qolmoqda. 22 fevral kuni Ozodlik studiyasida mehmon bo‘lgan Dovudxon Obidxon o‘g‘li hozir shifoxonada og‘ir xasta yotgan otasi anchagina sog‘aygani va ba‘zi hollarda qisman hushiga kelib, tana a‘zolari harakati vositasida oilasi bilan muloqot qilayotganini aytdi.
XS
SM
MD
LG